«Go‘zal tarbiyadan yaxshiroq meros yo‘q» - Islomda farzand tarbiyasi haqida

Jamiyat 19:20 / 18.05.2020 22058

Islomda farzand tarbiyasi qanday bo‘lishi kerak?

Qur'oni Karimdagi oyatlardan biri madinalik sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga kelib, uylari uzoqlik qilayotgani bois, uylarini sotib, yaqinroq joyga ko‘chib kelishlari haqida shikoyat qilganlarida nozil bo‘lgan. Ya'ni uylarni sotishga hojat yo‘q, uzoqdan kelayotgan bo‘lsalar, har bir bosilgan qadamlariga savob beriladi, mazmunida.

«Biz ular keltirgan qadamlarni, bosgan qadamlarni ham yozamiz va ularning asarini ham yozamiz», – deya marhamat qilingan. Tafsirlarning birida bu oyatdagi «ularning izi» degani – bu asarimiz, avlodlarimizdir, degan fikr bildirilgan.

Allohning bu oyatidan tushunamizki, Alloh nafaqat amalimizni, balki avlodlarimiz amalini ham o‘zimizga yozadi. Shuning uchun tarbiya vojib bo‘ladi.

Orqamizdan yaxshi tarbiyali farzand qoldiraylikki, ortimizdan faqat savob borsin, yomonlik bormasin.

Islomda tarbiya vojibdir

Tarbiya dinimizda vojib amal, deb e'lon qilingan. Biz eng ko‘p ishlatadigan tarbiya, murabbiy so‘zlari Allohning «Rob» ismi bilan bitta o‘zakdan olingani tarbiyachilar mas'uliyatini oshirsa kerak, deb o‘ylayman.

Demak, bu yengil ish emas. Tarbiya – faqat ta'sir, tartib yoki nazorat, taftish emas, u ilohiy narsa. Tarbiya farzandni doim nazoratga olish, kuzatib borish degani, chunki Alloh taolo surai Fotihaning birinchi oyatida olamlarning robbisi Allohga maqtovlar bo‘lsin, degan.

Bu oyatda Alloh Rob ismini keltirgan. «Robbil a'lamiyn» – butun olamlarning murabbiysi degani. Agar Alloh murabbiyligi, ya'ni nazorati, kuzatuvini lahza to‘xtatsa, olamlar izdan chiqib ketadi.

Toshkent shahar Mirza Yusuf jome masjidi imom xatibi
Rahmatulloh domla Sayfuddinov

Farzand oq qog‘oz kabidir

Agar murabbiy yoki ota-ona farzandiga bir lahza e'tiborsiz bo‘lsa, farzandlar tarbiyasi buzilib ketadi. Rasuli akram sollalohu alayhi vasallam marhamat qilganlarki, har bir tug‘iladigan bola fitratda tug‘iladi, ya'ni har bir chaqaloq pokiza bo‘ladi, u oq qog‘oz kabidir.

Bu hadisni muhaddislarimiz ota-ona bobida keltirmasdan taqdir bobida keltirganlari tarbiyaning taqdirga bog‘liqligini bildiradi. Tarbiyaga kech qolinmasa bo‘ldi.

Nasl-nasab 7 avlodgacha ta'sir qiladi

Tarbiya bolaning otasi, onasini tanlashdan boshlanadi, chunki Rasuli akram alayhissalom aytganlar: «Munosib kelin yoki kuyov tanlanglarki, irq o‘tuvchidir». Ya'ni ota-onaning fe'li bolaga o‘tadi, shuning uchun bola yaxshi tarbiyali bo‘lishi uchun otasi tarbiyali bo‘lishi kerak. Onasi nasl-nasabli, pokiza, din-diyonatli bo‘lsa, otasi ham shunday bo‘lsa, albatta, bola nasl-nasabiga tortadi, undan qochib ketolmaydi.

Nasl-nasabning to 7 avlodgacha ta'siri bo‘ladi.

Qarindoshlar xalifaga shikoyat qilishdi

Hazrati Umar xutba qilganlarida: «Ey mo‘minlar, nasl-nasablaringizni surishtiringlar», dedilar. Payg‘ambar alayhissalom hadislarini keltirdilar, ular nasl-nasabni o‘rganishga buyurganlar.

Hazrati Umarning bu xutbalariga sabab bo‘lgan voqea shunday ediki, ikki kishi urishib qoladi va Umar ibn Xattobga shikoyat qilib kelishadi. Shunda Hazrati Umar ularni surishtirsa, ikkovlari aslida qarindosh chiqib qolishadi. Shunda aytganlar: «Nasl-nasablaringni surishtiringlar, mehr-muhabbati ziyoda bo‘ladi».

Agar ular haqiqatan ham qarindosh ekanliklarini bilganlarida edi, urishishmasdi, shikoyat qilishga borishmasdi. Shuning uchun dinimiz nikohga buyurdi, zinoni harom qildi. Bu naslni aniqlash, aralashib ketmasligi uchundir.

Hizr va Muso alayhimussalomlar qissasi

Qur'oni karimda hazrati Hizr alayhissalom bilan Muso alayhissalom bir qishloqqa borganlarida qishloq ahli ularga joy, ovqat bermaydi, ammo ikkovlari shu yerdagi nurayotgan devorni tiklab qo‘yishadi.

Shunda hazrat Muso: «Qishloq ahli bizga yordam bermadi, siz nega eski devorni tiklab qo‘ydingiz?» deb so‘raganlarida, Hizr alayhissalom tushuntirib berganlar: «O‘sha devor qishloqdagi ikki yetim bolaning devori edi. Devorning tagida xazina bor edi, agar u yiqilsa, xazina ochilib qolardi, odamlar uni talab ketishadi va ularga hech narsa qolmaydi».

Allohning istagi esa, yetimlar katta bo‘lguncha devor yiqilmasligi, xazina ochilmasligi kerak. Shu yetim bolalarning otasi yaxshi odam bo‘lgani bois ikki aziz bandasi – avliyo va Payg‘ambarini Alloh hatto Qur'onda ismi ham keltirilmagan, noma'lum bo‘lgan ikki yetim bolaga tekin mardikor qilib qo‘ydi. Nima uchun desa, ularning otasi solih inson bo‘lgan.

Qarang, otaning yaxshiligi tufayli Alloh Payg‘ambarni ikki bolaga mardikor qilib qo‘ydi. Imom Ibni Kasirning tafsirlarida o‘sha ota qaysi ota deganda yettinchi otasini keltiradi va u solih inson bo‘lgandi.

Naslning e'tibori yetti naslda davom etishini psixogenetika fani ham tasdiqlaydi.

Oila qurishda nasl-nasab surishtiriladi

Nasl-nasab nima uchun doim surishtiriladi? Chunki farzand tarbiyasida nasl-nasab asosiy o‘rin tutadi. Munosib kelin va kuyov tanlanganidan keyin, ular farzandli bo‘lib, ota bolaga halol luqma yedirsa, u hech qachon noqobil bo‘lmaydi. Bu aniq shart.

Shunga binoan, oz bo‘lsa-da, qanoat qilib, homilador bo‘lgan onaga haloldan yedirsinlar. Homilador ona istagan narsasini ota olib kelishga harakat qiladi. Farzand tug‘ilganda shariat tayin qilgan masofalarda haqlar bor.

Farzand tug‘ilganda ota-ona zimmasidagi vojib amallar

Farzand tug‘ilishi bilan ota-ona zimmasiga vojib haqlar paydo bo‘ladi. Bolaga yaxshi ism berib, qulog‘iga azon aytishi kerak, sochini olib, sadaqa qilib, 7-14-kuni aqiqa qilinsin, deyiladi.

Aqli kirganda ta'lim berish, voyaga yetganda uyli-joyli qilish – bular ma'lum masofadagi haqlardir. Nima uchun ma'lum masofalardagi haqlar? Ularning hammasi ota-ona farzandini kuzatib turish uchun.

Ota-ona keksayganida ham farzandini tarbiya yoki nazorat qila oladimi?

Ulamolar javob berishlaricha, ota-ona farzandi uchun namozlarning ortida qiladigan duolari bilan nazorat qiladi. Ota-onaning yaxshi duosi bilan bolaning yomon taqdiri yaxshi bo‘ladi. Ota-onaning yomon duosi bilan yaxshi taqdir yomon ham bo‘ladi.

Shuning uchun farzand ota-onasining eng yaxshi duosini olishga chaqiriladi.

Ota-ona uchun farzand uchun katta tijorat ekanligini aytib o‘tgan edik, ya'ni kasodga uchramaydigan tijorat. Bu narsani ota-onasi hayot bo‘lgan odamlar yaxshi tushunishadi.

Farzandining tarbiyasini maktabga topshirgan ota-onalar

Shariyati Islom farzandga birinchi o‘rinda ota-onani javobgar qilib qo‘ygan. Ota-ona zimmasiga tarbiyani vojib qilib yuklagan. O‘qituvchilar bola hayotining ma'lum qismida uning tarbiyasiga go‘yoki ota-onalar tomonidan yollangan murabbiylar hisoblanadilar. Ularni aybdor qilish hech mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Abu Hanifaning bir o‘g‘li bor edi. Ustozlari Hammod bin Sharaf nomlariga atab o‘g‘liga Hammod deb ism qo‘ygandilar. Imom hazratlari katta savdogar bo‘lganlar. U juda band edi va farzandiga avvalgi Qur'oniy ta'limni berish uchun ustoz yolladilar. Iltimos qildilarki, o‘g‘limizga Qur'on o‘qishni o‘rgatib bering. Ustoz Hammodga surai Fotihani yodlatdi. Ustozni huzurida otasiga Hammod fotiha surasini chiroyli qilib tilovat qilib berdi.

Shunda Imom Hanifa cho‘ntaklaridagi 500 dinorni ustozning oldiga qo‘ydilar. 1 dinor tanga 5 gramm oltindan bo‘ladi. 500 dinor katta pul bo‘lgan. 1 dinorga o‘sha mahalda katta qo‘y berilgan. Bu degani Fotiha surasini o‘rgatgani uchun ustozga 500 ta qo‘y berildi.

Shunda ustoz biroz xijolat bo‘ldi. Hazratga juda ko‘p pul berganligi, bitta dinor ham ko‘plik qilishini aytganida, Imom Hanifa bir gap aytdi:

«Ustoz, xizmatingizni yengil sanamang. Bu hali yonimda bo‘lganidir. Agar yonimda butun molim bo‘lganida poyingizga qo‘ygan bo‘lardim. O‘g‘limga Fotihani, Qur'onning onasi bo‘lgan surani o‘rgatganingiz uchun».

Noqobil farzand uchun oxiratda ota-ona javobgardir

Ota-ona ustozlarning xizmatini yuksak sanashi kerak. Ustozlarni ayblash o‘z mas'uliyatini boshqaga yuklash deganidir.

Shariatning vojib degan hukmini tushunishimiz kerak. Bu degani mazkur ish qilinmasa yoki buzib qilinsa, ota-ona gunohkor bo‘ladi. Farzandini noqobil o‘stirgan ota-ona albatta gunohkor bo‘ladi. Oxiratda Alloh noqobil farzandlar uchun javobgar qiladi.

Go‘zal tarbiyadan yaxshi meros yo‘q

To‘g‘ri, har bir ota-ona farzandiga faqat yaxshilikni ilinadi. Farzandi uchun ortiqcha orzu-havas qiladi va ikkalasi birga ishlaydi. Ota-ona farzandini tarbiya qilish kerak bo‘lgan paytda orzu-havas uchun tirikchilik qilishga majbur bo‘ladi, bola tarbiya oladigan yoshda to‘liq tarbiya ololmay qoladi.

Ammo, afsuski, ertaga orzu-havaslar o‘tmay qolishi bor. Aslida, orzu-havas chiroyli tarbiya bilan bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Ota farzandiga chiroyli tarbiyadan ko‘ra, yaxshi odob berishdan ko‘ra yaxshiroq narsa meros qoldirmagan», degan hadislari bor.

Ko‘proq yangiliklar: