Eronning yadro dasturi: Tramp nega o‘zi barbod qilgan bitimni tiklamoqchi?
12 aprel kuni O‘monda Tehron va Vashington o‘rtasida yadroviy tinchlik muzokaralari boshlandi. Hozircha forslar va amerikaliklar yuzma-yuz ko‘rishishmayapti: ular alohida xonalarda o‘tirib, o‘monlik vositachilar orqali muloqot qilmoqda. Xo‘sh, bu muzokaralardan ikki tomonning maqsadlari qanday? Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan savollar bilan Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert, professor Farhod Karimovga yuzlandi.
Ma’lumot uchun, 2015 yilda Eron, beshta davlat va YeI Eronning yadroviy dasturini cheklash, buning evaziga sanksiyalarni yechishga qaratilgan kelishuv imzolagan. Lekin 2018 yilda, Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSh bu shartnomadan chiqqan.
— 2015 yilda tuzilgan tayyor kelishuv bor edi, Trampning o‘zi bu shartnomadan chiqib, oradan 7 yil o‘tib nega yana Eron bilan kelishmoqchi?
— 2015 yilda birgalikda harakatlanish rejasi tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, Eron yadroviy dasturni ochiqlashi kerak bo‘lgan. Dastur Xalqaro atom energetikasi agentligi nazorati ostida bo‘lishi kerak edi. Shuningdek AQSh va Yevropa Ittifoqidan tashqari, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar ko‘p tomonlama kelishuv ishtirokchilari edi.
Lekin hokimiyatga Trampning kelishi bu natijalarni yo‘qqa chiqardi. Donald Tramp Eron bilan bog‘liq shartnomaga Tehronning strategik raketalari nazorati haqidagi bandni ham qo‘shish da’vosi bilan chiqdi. Undan tashqari, Tramp Eronning proksi guruhlari masalasiga oydinlik kiritishni so‘radi.
Prezident Tramp o‘zidan avvalgi hukumatlarni ayblab, ularning qarorlarini bekor qilishni xush ko‘radi. Ana shunday qarorlar qatoriga AQShning Eron yadroviy dasturiga oid shartnomaga qo‘shilishiga oid qaror ham qo‘shilib qolgan.
2015 yildagi kelishuvda Eron uchun uranni boyitish cheklovi 3,67 foizgacha deb belgilangandi. Lekin hozir Xalqaro atom agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Eron uranni boyitishni allaqachon 60 foizga yetkazgan bo‘lishi mumkin. Uran darajasi 90 foizga yetsa, bu qurolga aylanadi.
— AQSh yadro dasturidan voz kechish evaziga, Eronga nima taklif qilyapti?
— Muzokaralar bo‘yicha yetarli bayonotlar berilmayotgan bo‘lsa-da, uchta yo‘nalish aniq. Birinchi yo‘nalish – Eron neftining jahon bozoriga chiqarilishiga ruxsat berish. Ikkinchisi – Eronga Yevropa va AQShdagi muzlatilgan aktivlaridan foydalanish huquqini qaytarish. Ularning qiymati taxminan 10 milliard dollardan boshlanishi mumkin.
Uchinchi taklif – jahon moliyaviy tizimga qayta ulanishi. Bu uchala masala ham Eronga hozirgi iqtisodiy muammolarini hal qilishda birmuncha qo‘l kelgan bo‘lardi.
O‘ylashimcha, Amerika tomonidan Eronga shu uchta asosiy yo‘nalish va taklif berilyapti.
Suhbat davomida Farhod Karimov AQSh–Eron munosabatlarida Isroil omili, Vashington va Tehron kelishuvga erishmagan taqdirda ehtimoliy kutilmalar qanday bo‘lishi haqida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'dagi rasmiy sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov
Tavsiya etamiz
«Arsenal» «Real»ni YeChLdan chiqarib yubordi. Arteta buni qanday uddaladi va «Madrid»ning muammosi nimada?
Sport | 12:20
Go‘sht narxi oshishi: qo‘shni mamlakatlarda vaziyat qanday?
Iqtisodiyot | 20:36 / 15.04.2025
YeOII Markaziy Osiyo integratsiyasiga monelik qiluvchi omil bo‘lishi mumkin - Farhod Tolipov
O‘zbekiston | 19:45 / 15.04.2025
Inflatsiyani o‘lchash: narxlar qanday kuzatiladi?
O‘zbekiston | 19:31 / 15.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Sinovlar sabab hayot qadriga yetdim” – jigar sirrozidan tuzalgan so‘xlik hikoyasi
Jamiyat | 18:03
-
«Afrosiyob» poyezdlari harakati jadvaliga o‘zgarishlar kiritildi
Jamiyat | 17:53
-
Astronomlar Yerdan 120 yorug‘lik yili uzoqlikdagi sayyorada hayot belgisini topdi
Jahon | 17:51
-
Bashar Asad Suriyadan qochish vaqtida o‘zi bilan maxfiy ma’lumotlarni olib ketgan - Reuters
Jahon | 17:47
Mavzuga oid

17:01
Tramp ma’muriyati Xitoyning DeepSeek chatbotini AQShda bloklash masalasini muhokama qilmoqda

12:46
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi bojxona urushi: kim yutadi?

12:00
Zelenskiy AQSh bilan muzokaralar muvaffaqiyati to‘g‘risida gapirdi

23:01 / 16.04.2025