Jahon | 17:51 / 17.04.2025
3519
3 daqiqa o‘qiladi

Astronomlar Yerdan 120 yorug‘lik yili uzoqlikdagi sayyorada hayot belgisini topdi

Uning atmosferasida dimetil sulfid mavjudligi aniqlandi, bu molekula Yerda faqat tirik organizmlar, xususan, dengiz o‘tlari tomonidan ishlab chiqiladi.

Foto: University of Cambridge

Astronomlar Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyorada hayot mavjudligini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kimyoviy birikmani aniqladi. Gap Yerdan 120 yorug‘lik yili uzoqlikda Arslon yulduz turkumida joylashgan K2-18b ekzosayyorasi haqida ketmoqda. Jyeyms Uebb teleskopi bilan takroriy kuzatishlar atmosferada dimetil sulfid mavjudligini aniqladi, bu molekula Yerda faqat tirik organizmlar, xususan, dengiz o‘tlari tomonidan ishlab chiqiladi.

Tadqiqot rahbari, Kembrij universiteti astrofiziki Nikku Madxusudxan so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotlar K2-18b sayyorasini hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan iliq okean qoplaganini ko‘rsatadi. Olim voqeani «inqilobiy lahza» deb atadi va insoniyat ehtimoliy yashash mumkin bo‘lgan sayyorada biosignatlarni birinchi marta kashf qilganini ta’kidladi.

K2-18b sayyorasi 2017 yilda kashf etilgan va subneptun deb ataladi - Yerdan kattaroq, lekin Neptundan kichikroq sayyora. 2021 yilda Madxusudxanning tadqiqot guruhi bunday obektlar uchun yangi atamani ishlab chiqdi: hycean-sayyora, «vodorod» va «okean» so‘zlarining kombinatsiyasi. Olimlar ularda iliq suv yuzasi va vodorodga boy atmosfera bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

K2-18b sayyorasidagi dimetil sulfid haqida birinchi eslatma 2023 yilda paydo bo‘lgan, ammo signal juda zaif edi. Teleskop bortida boshqa asbob yordamida olib borilgan keyingi kuzatishlar nafaqat dimetil sulfidning, balki tegishli birikma - dimetil disulfidning ham mavjudligini aniqladi. Bundan tashqari, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, sayyoradagi dimetil sulfid konsentratsiyasi Yer yuzidagi darajadan minglab marta yuqori bo‘lishi mumkin.

Biroq, boshqa tadqiqotchilar ehtiyot bo‘lishga chaqiradi. Ulardan ba’zilari K2-18b suv dunyosi emas, balki qalin vodorod atmosferasiga ega bo‘lgan erigan tosh massasi - hayot bilan mos kelmaydigan sharoitlar deb hisoblashadi. Gipotezani tasdiqlash maqsadida ushbu molekulalarning ekzosayyora sharoitida qanday harakat qilishini aniqlash uchun laboratoriya tajribalari va keyingi kuzatishlar kerak bo‘ladi.

Ziddiyatga qaramay, olimlar K2-18b sayyorasidan olingan yangi ma’lumotlar yerdan tashqaridagi hayotni qidirishda istiqbolli yo‘nalish ochadi, deb hisoblamoqda. Agar taxminlar tasdiqlansa, insoniyat bizning galaktikamiz qanchalik yashashga yaroqli ekanini tushunish uchun muhim qadam tashlaydi.

Mavzuga oid