Iqtisodiyot | 16:52 / 14.04.2025
6336
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp boj urushi bilan o‘z maqsadiga erisha oladimi? Moliyachi va iqtisodchi suhbati

AQSh prezidenti dunyoning deyarli barcha davlatlari tovarlariga boj joriy qilishini “Amerikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish” deb atamoqda. Korporativ moliya bo‘yicha xalqaro mutaxassis Xondamir Nusratxo‘jayev bu siyosatning AQSh va global dunyoga ta’siri haqida Nyu York universitetining iqtisodiyot professori Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdi.

Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, 1945 yilda keyin xalqaro savdo erkinlashib, mamlakatlarning o‘zaro integratsiyasi kengayib borayotgandi. Agar Trampning boj siyosati bekor qilinmaydigan bo‘lsa, bu AQShdagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham, iste’molchilar uchun ham, dunyo uchun ham juda katta iqtisodiy zarar va yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.

“Oddiy bitta qalamdan tortib, iPhone kabi mahsulotgacha bo‘lgan tovarlar yuzlab chegaralarni bosib o‘tadi. Ishlab chiqarish zanjirlarida ixtisoslashuv kuchayayotgandi. Misol uchun, mikrochiplarning katta qismi Niderlandiyada, rezina Malayziyada ishlab chiqarilardi. Ya’ni har xil tovarlar turli joylarda ishlab chiqarilgani sababli mamlakatlar o‘zaro chuqur bog‘langan. Qiziq tomoni, AQSh dunyodagi eng katta iqtisodiyot va iste’mol bozori bo‘lsa-da, savdodagi ulushi u qadar katta emasdi. Ko‘p narsalar mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilardi. Qo‘shma Shtatlarda neft ham, metallar ham, suv va taxta kabilar ham bor. Juda ham katta iqtisodiyot tashqariga u qadar chuqur bog‘lanmagan. Ammo mamlakatdagi eng samarador sektorlar, jumladan, samolyot ishlab chiqarish Yevropa va Osiyodagi ishlab chiqaruvchilar bilan juda ham bog‘liq.

Ikkinchi tomondan, AQSh narxlar tushishi orqali xalqaro savdodan manfaat ko‘rardi. Chunki narxlar arzonligi sabab maishiy mahsulotlarning juda katta qismini rivojlanayotgan dunyodan import qilardi. Bir paytlar Amerikada ham ko‘ylak yoki paypoq ishlab chiqarilardi, ammo keyinchalik odamlar IT, arxitektura kabi yuqori iqtisodiy qiymat yaratadigan sohalarga o‘tib ketishni boshlashdi. Bu tabiiy jarayon.

Trampning bojlari sabab narxlar qimmatlaydi. Masalan, AQShga qahva to‘liq import qilinadi. Tuxum bilan bog‘liq holat ham shunday, parrandalarga ozuqa chetdan olib kelinadi. Bu amerikalik iste’molchilarga juda ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar tariflar saqlanib qoladigan bo‘lsa, AQSh bilan katta savdo aylanmasiga ega mamlakatlar qiynaladi. Agar keyingi 4 yil davomida tarif urushi davom etadigan bo‘lsa, bu AQShdagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham, iste’molchilar uchun ham, dunyo uchun ham juda katta iqtisodiy zarar va yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi”, deydi Behzod Hoshimov.

Xondamir Nusratxo‘jayev Tramp savdo defitsitini AQShni ekspluatatsiya qilish deb baholayotganiga to‘xtalib, importning eksportdan ko‘pligi Amerika uchun haqiqatan ham salbiy jihatmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Professor Hoshimovga ko‘ra, bu narsa amaldagi AQSh prezidentining mafkurasiga aylanib qolgan.

“Trampda bu narsa mafkura, g‘oya. Ko‘pchilik aytadi muzokara taktikasi deb. Yo‘q, Tramp bunga o‘nlab yillardan beri ishonadi. Oldingi iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchisi u bilan bu borada soatlab gaplashgan. Yonidagilarning hammasi ham mazkur siyosatni qo‘llab-quvvatlamaydi. New York Times'ning yozishicha, eng yaqin maslahatchilaridan bo‘lgan Ilon Mask ham bir necha marta tariflarni qo‘llamaslikni iltimos qilgan. Ya’ni bu Trampning siyosiy taktikasi emas, balki idealogiyasi.

U o‘ylaydiki, AQSh Vetnamga 100 so‘mlik narsa sotib, 1000 so‘mlik narsa sotib olyapti. Demak, biz Vetnam bilan savdoda 900 so‘m zarardamiz. Tariflarni belgilashda ham mana shu narsani tenglashtirish nuqtayi nazaridan qaralgan.

Masalan, uy xo‘jaligi misolida olaylik. Siz qahvaxonaga borib, kofe olasiz, ammo ular sizdan islom moliyasi bo‘yicha konsultatsiya olmaydi (Xondamir Nusratxo‘jayev islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis sanaladi –tahr.) Doimiy ravishda manfiy savdo balansi bor. Yoki uyingizning yonidagi novvoy bilan ham savdo munosabatlari shunday. Novvoyga mendan iqtisodiy maslahat olsang, sendan non olishim mumkin, deb aytishimga o‘xshash g‘oya bo‘lyapti. Insoniyat boyigan sari ko‘proq narsani o‘zi qilmaslik harakatida bo‘ladi. Oldin ko‘pchilik o‘zining mashinasini o‘zi tuzatishga harakat qilardi, hozir unday emas. Ya’ni o‘zbekistonliklar ham iqtisodiy rivojlangani sari ko‘proq narsani boshqa odamlarga qildirishga o‘ta boshlaydi. AQShning umumiy savdo balansi manfiy bo‘lishiga qaramay, investitsiyaviy balansi musbat. Ya’ni investorlar bu yerdagi qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalarga pul tikishadi. Ana shu pullarning bir qismi importni moliyalashtirishga ketadi va bu normal narsa”, – deydi Hoshimov.

Xondamir Nusratxo‘jayev Trampning ishlab chiqarishni Amerikaga qaytarishga urinishlariga baho berib, birdaniga katta bojlar joriy qilish bilan bunga erishish mumkinmi, degan savol bilan suhbatdoshiga yuzlandi.

“AQShdagi ishlab chiqaruvchilarning fevral oyidagi fikrini o‘qigandim, ular boj masalasi hal bo‘lmaguncha yirik zavodlar qurishga investitsiyalarni 18 oyga to‘xtatib turish haqida o‘ylayapti. Katta korxonalar qurish o‘nlab yillardan so‘ng o‘zini oqlashi mumkin. Agar Tramp ketadigan bo‘lsa yoki birdan fikrini o‘zgartirsa, bu o‘zini oqlamasligi mumkin. Hozirgi noaniqlik sharoitida bunaqa investitsiya qilib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, hamma bu narsaning uzoq vaqt davom etmasligiga ishonyapti”, – deydi Hoshimov.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'dagi “Islom moliyasi” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid