AQSh London muzokaralarida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni taklif qiladi - WP
Buning evaziga Moskva Ukrainadagi harbiy harakatlarini to‘xtatishi kerak bo‘ladi.

Foto: AFP
23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda AQSh Ukraina va Yevropa delegatsiyalariga Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olish va front chizig‘ini muzlatish to‘g‘risida takliflarni bildiradi. Bu haqda The Washington Post bir nechta manbasiga tayanib xabar berdi.
AQSh tinchlik sulhi doirasida Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olishga tayyorligi haqida oldinroq Bloomberg ham yozgandi. The Wall Street Journal esa 17 aprel kuni Parijdagi muzokaralarda bu taklif Amerika tomonidan Yevropa ittifoqchilari va Ukrainaga yetkazilganini xabar qilgan.
Londondagi uchrashuv oldidan The Washington Post manbalarining aytishicha, AQSh taklifi Vashingtonning Qrimni Rossiya hududi sifatida rasman tan olishini va kelajakda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni ham o‘z ichiga oladi. Buning evaziga Moskva Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak.
Ukraina prezidenti maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, AQShning bu takliflarida «Kiyev rozi bo‘ladigan fikrlar ham bor, rozi bo‘lmaydiganlari ham». G‘arblik amaldor esa AQShning Ukrainaga bosimini «hayratlanarli darajada kuchli» deb atagan.
The Washington Post’ning yozishicha, Ukraina ittifoqchilari hududiy yon berishlar evaziga xavfsizlik kafolatlari va tiklanish dasturlariga umid qilmoqda.