O‘zbekiston | 16:49 / 02.04.2025
5192
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva YuNESKO Bosh konferensiyasi Samarqandda o‘tkazilishini olqishladi

Bu biz uchun katta sharaf va mas’uliyatdir, negaki so‘nggi 40 yil davomida ushbu konferensiya Parijdan boshqa yerda o‘tkazilmagan, dedi u.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Parijdagi YuNeSKO bosh qarorgohida O‘zbekiston hukumati va YuNESKO o‘rtasidagi kelishuv imzolanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Samarqand endi rasman Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi o‘tkaziladigan joy sifatida belgilandi. O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva buni olqishladi.

«Bu biz uchun katta sharaf va mas’uliyatdir, negaki so‘nggi 40 yil davomida ushbu konferensiya Parijdan boshqa yerda o‘tkazilmagan. Bu ijodiy industriyaning mashaqqatli mehnati, xalq diplomatiyasi va eng yuqori darajadagi kelishuvlar samarasidir. Bu – jahon hamjamiyatining mamlakatimiz ochiqligi, o‘ziga xos an’analari va madaniy merosi, boy tarixi, musiqasi, adabiyotiga katta qiziqish bilan qarayotganidan dalolat», deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston madaniyat va san’at vositasida mamlakatni xalqaro maydonda targ‘ib etmoqda, dunyo ahliga yanada yaqinlashtirmoqda.

«Bu aloqalar bevosita iqtisodiy natijalarga ulanib, qo‘shma loyihalar va umumiy g‘oyalarga aylanmoqda. Xush kelibsan, YuNESKO! Samarqandda uchrashguncha!» deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Mavzuga oid