Jahon | 20:53 / 01.04.2025
7699
8 daqiqa o‘qiladi

Myanmada halok bo‘lganlar soni 2700 dan oshdi. Harbiy xunta vaziyatni og‘irlashtirmoqda

Foto: AFP

Myanma harbiy xuntasi rahbari Min Aun Hlayn bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 28 mart kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida 2719 kishi halok bo‘lgan. Bu raqam yakuniy emas. Takroriy silkinishlardan aziyat chekayotgan mamlakatda halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun bir daqiqalik sukut e’lon qilindi. Biroq falokat Myanmada to‘rt yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushini to‘xtata olmadi. BBC rus xizmati davom etayotgan mojaro vayronkor zilzila oqibatlarini qanday kuchaytirayotgani haqida yozdi.

Harbiy harakatlar davom etishi

Minglab qurbonlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga qaramay, mamlakat hududidagi harbiy harakatlar to‘xtamagan va harbiy xunta zarar ko‘rgan hududlarga havo hujumlarini davom ettirmoqda.

BBC Birma xizmatiga ko‘ra (Birma — Myanmaning oldingi nomi), Shan shtati shimolidagi Naungcho shahriga berilgan aviazarba oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan. Harbiylar shaharni 28 mart kuni, mahalliy vaqt bilan soat 15:30 atrofida — zilziladan uch soat o‘tganida o‘qqa tutgan.

Bundan tashqari, isyonchilarning xabar berishicha, Myanma hukumati harbiylari 31 mart kuni zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Sagayn regionida quruqlik orqali reydlar o‘tkazgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu region dam olish kunlari ham bombardimon qilingandi. Zarba zilzila epimarkazi joylashgan Chaung-U okrugiga to‘g‘ri kelgan.

Mamlakat boshiga tushgan tabiiy ofat Myanma harbiy xuntasini tashvishga solmayapti. Xuntaga qurol-yarog‘ni, xususan, Rossiya va Xitoy yetkazib beradi. Foto: AFP

Myanmada 7,7 magnitudali zilzila 28 mart kuni sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning oqibatida halok bo‘lganlar soni Myanmaning o‘zida 2719 nafarni tashkil etmoqda, yana 4500 dan ortiq kishi jarohatlangan, 400 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

BMT tabiiy ofatdan keyin amalga oshirilgan aviazarbalarni «mutlaqo g‘azablantiruvchi va qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb atagan.

BMTning maxsus ma’ruzachisi Tom Endryus BBC bilan suhbatda zilziladan keyin «odamlar omon qolganlarni qutqarishga urinayotganida» bomba tashlanishi «shunchaki aql bovar qilmas holat» ekanini aytdi. U harbiy rejimni barcha amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirgan.

Hokimiyatdan chetlatilgan fuqarolik ma’muriyatini ifoda etuvchi Milliy birlik hukumati o‘z bayonotida o‘z qurolli kuchlari yakshanba kunidan boshlab zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda «hujumkor amaliyotlar»ni ikki hafta muddatga to‘xtatganini e’lon qilgan.

Insonparvarlik yordami to‘silishi

Myanmada qutqaruv ishlari davom etmoqda. Zilziladan so‘ng darhol xunta rahbari Min Aun Hlayn jahon hamjamiyatidan yordam so‘ragandi.

«Men har qanday mamlakatni, har qanday tashkilotni, har qanday odamni yordamga chaqirmoqchiman. Rahmat», – degandi u televideniye orqali qilgan murojaatida va «xorijiy yordam uchun barcha yo‘llarni ochgani»ni qo‘shimcha qilgandi.

Shu bilan birga, harbiylar insonparvarlik yordamdan fuqarolar urushida vosita sifatida foydalanishidan jiddiy xavotirlar mavjud. Myanma harbiylari uzoq vaqtdan beri qarshilik ko‘rsatish guruhlari harakat qilayotgan hududlarga yordam berishdan bosh tortib kelmoqda.

Tom Endryusning eslatishicha, o‘tgan gumanitar operatsiyalar davomida harbiylar yordamni blokirovka qilgan va xodimlarni hibsga olgan.

«O‘tmishdagi gumanitar falokatlar va tabiiy ofatlardan bilamizki, xunta haqiqatni oshkor qilmaydi. Shuningdek, uning insonparvarlik yordami eng zarur bo‘lgan joyga yetkazilishini bloklash odati bor», – deydi Endryus.

Halokat oqibatlari bilan kurashayotgan shifokorlarning aytishicha, harbiy xunta allaqachon yordam kelishini to‘sib qo‘ygan. Bu haqda Guardian nashriga Mandalaydagi zilzila markazidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga yordam berayotgan ikki avstraliyalik shifokor ma’lum qildi.

«Insonparvarlik yordamining bir qismi, aniqrog‘i, katta qismi muhtojlarga berilmadi. Mandalayning ba’zi tumanlarida hech qanday yordam kelmadi. Harbiylar uni musodara qilishdi», – dedi doktor Nang Vin jurnalistlarga.

Jahon oziq-ovqat dasturi vakilining BBC’ga ma’lum qilishicha, ko‘chirilgan minglab odamlar oziq-ovqat, dori-darmon va boshpanaga ega emas. Foto: AFP

Myanmaga yordamni AQSh, Yevropa Ittifoqi va ASeAN, shuningdek, Hindiston, Xitoy va Rossiya va’da qilgan, ular allaqachon mamlakatga qutqaruvchilar va shifokorlar guruhlarini yuborgan. Shu bilan birga, birmalik faollar Rossiya va Xitoyning hamdardligini jiddiy qabul qilish qiyinligini aytmoqda. Bu ikki davlat Myanmadagi hukmron harbiy rejimga qurol yetkazib beradi.

Axborot taqchilligi

Mamlakat harbiy rahbariyati halok bo‘lganlar, yaradorlar va bedarak yo‘qolganlar haqida ma’lumot berayotgan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlarni ishonchli deb bo‘lmaydi. Mamlakatda fuqarolar urushi davom etayotgani sababli Myanmadan biror ma’lumot olish juda qiyin.

2021 yilgi davlat to‘ntarishidan beri mamlakatni mahalliy tabiiy ofatlar ko‘lamini yashirishni kanda qilmaydigan harbiy xunta boshqarmoqda.

Bundan tashqari, davlat deyarli barcha mahalliy radio, televideniye, bosma va onlayn ommaviy axborot vositalarini nazorat qiladi. Feysbuk, instagram va tvitter kabi ijtimoiy tarmoqlar bir necha yildan beri bloklangan holatda qolmoqda. Shuningdek, ko‘plab ommaviy axborot vositalari yopilgan, mamlakatda jurnalistlar ta’qib qilinmoqda.

Qolaversa, blokirovkani chetlab o‘tish oson emas. Bu yil Myanmada VPN xizmatlaridan foydalanganlik uchun jazo joriy etildi. Buning uchun foydalanuvchilar olti oylik qamoq jazosi yoki jarimaga tortilishi mumkin.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda harbiylar Myanma hududining chorak qismidan kamrog‘ini o‘z nazoratida ushlab turibdi.

Jabrlangan hududlarda mobil aloqa barqaror ishlamayapti, o‘n minglab odamlar esa umuman elektr ta’minotisiz yashamoqda, bu esa ular bilan bog‘lanish imkoniyatini qiyinlashtirmoqda.

Chet ellik jurnalistlar mamlakatga kamdan kam kiritiladi. Zilziladan so‘ng harbiy xunta zilzila oqibatlarini yoritish uchun chet ellik muxbirlarga viza bermasligini, ularning xavfsizligini kafolatlashning iloji yo‘qligini ma’lum qildi.

Myanmani kim nazorat qiladi?

Myanmadagi fuqarolar urushi 2021 yilda, harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan.

To‘ntarish keng ko‘lamli noroziliklarni keltirib chiqardi, har kuni minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, fuqarolik hukumatini tiklashni talab qilishdi. Politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarshi o‘qotar qurol qo‘llagan.

Bir necha yil o‘tgach, harbiy xunta mamlakatning isyonchi guruhlar o‘rtasida bo‘lib olingan ko‘plab hududlari ustidan nazoratni boy berdi.

BBC surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, davlat to‘ntarishidan deyarli to‘rt yil o‘tgach, harbiylar davlat hududining to‘rtdan bir qismidan kamrog‘ini o‘z nazoratida ushlab turibdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, etnik armiyalar va turli qarshilik guruhlari mamlakat hududining 42 foizini nazorat qiladi. Qolgan hududning katta qismi bahsli bo‘lib qolmoqda.

Harbiy rejim havoda ustunlikka ega, chunki qarshilik ko‘rsatish guruhlari unga qarshi turish imkoniyatiga ega emas.

Zilzila episentri – Sagayn mintaqasi hozirda asosan demokratik qarshilik kuchlari tomonidan nazorat qilinmoqda.

Mavzuga oid