«Oq uy meni o‘z harbiy rejalari bilan tanishtirdi». Jurnalistni tasodifan maxfiy harbiy chatga qo‘shib qo‘yishdi
Maykl Uolts tomonidan ochilgan chatda vitse-prezident Jyey Di Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset, davlat kotibi Marko Rubio kabi yuqori lavozimli rasmiylar bilan Yamandagi hujumlar muhokama qilingan.

Maykl Uolts, Pit Hegset va Jyey Di Vens / Foto: Andrew Harnik / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tasodifan Atlantic nashri muharririni onlayn-chatga qo‘shib, harbiy ma’lumotlarning sizib ketishiga yo‘l qo‘ydi. U yerda oliy martabali mulozimlar Yamandagi isyonchi husiychilarga qarshi maxfiy zarbalar rejalarini muhokama qilishgan.
Avvaliga bu voqea haqida Atlantic muharriri Jeffri Goldbergning o‘zi katta maqolasida ma’lum qildi, keyin esa ma’lumotni Oq uyning o‘zi ham tasdiqladi.
«Biz begona raqam yozishmalarga qanday qo‘shilganini o‘rganmoqdamiz», – dedi Milliy xavfsizlik kengashi vakili Brayan Hyuz.
«AQSh milliy xavfsizlik rahbarlari meni Yamandagi bo‘lajak harbiy zarbalar haqidagi guruh chatiga qo‘shishdi. Bu haqiqat bo‘lishi mumkin deb o‘ylamagandim. Ammo keyin bombalar tusha boshladi», – deb yozgan Goldberg o‘z maqolasida.
Xabar qilishlaricha, jurnalist 14 mart kuni Signal messenjeridagi «Houthi PC small group» nomli guruhga qo‘shilgan. Bu guruh, taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts tomonidan yaratilgan. Unda yuqori lavozimli rasmiylar, jumladan, vitse-prezident Jyey Di Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset, davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, maslahatchi Stiven Miller va boshqalar – jami 18 kishi ishtirok etgan.
Chatda Yamanga zarba vaqti va ketma-ketligi, qo‘llanadigan qurol turlari, ehtimoliy siyosiy oqibatlar, Yevropaning reaksiyasi, operatsiyani kechiktirish tarafdorlari va qarshi fikrlar kabi masalalar muhokama qilingan.
15 mart kuni soat 11:44 da Pit Hegset hujumning batafsil rejasini yuboradi. Oradan ikki soat o‘tmasdan – 13:45 da – Yaman poytaxti Sanoda kuchli portlashlar ro‘y beradi. Bu esa chatdagi yozishmalarning haqiqiyligini tasdiqlaydi.
Operatsiya yakunlanganidan so‘ng guruhda tabriklar almashilgan, hujum natijalari muhokama qilingan, husiychilar yetakchilaridan biri nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi va zarbaning savdo aloqalariga ta’siri ko‘rib chiqilgan.
Jurnalist ushbu voqealardan so‘ng guruhni tark etgan va undan na izoh, na so‘rov olingan.
Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi ushbu holatni quyidagicha sharhladi:
«Bu haqiqiy xabarlashuv zanjiri bo‘lgan. Jurnalistning qo‘shilishi tasodif bo‘lgan. Yamandagi operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, harbiylar uchun xavf-xatar yuzaga kelmagan».
Prezident Donald Tramp havo hujumlarining «qat’iy va kuchli» to‘lqinini o‘tkazish qarorini qurolli guruhning Qizil dengizdagi kemalarga hujumlari bilan izohladi – bu dunyodagi eng muhim neft va yoqilg‘i tashish yo‘nalishlaridan biri.
Husiychilar nazorati ostidagi sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 15 mart kungi zarbalar oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lgan va kamida 101 kishi jarohatlangan.
Tuzoqmi yoki aql bovar qilmas xatomi?
Jyeffri Goldbergning aytishicha, 11 mart, seshanba kuni u foydalanuvchi Maykl Uolsdan Signal’ga ulanish so‘rovini olgan.
Signal – shifrlangan xabar almashish xizmati bo‘lib, jurnalistlar va boshqa matnli xabar almashish xizmatlari taqdim etishi mumkin bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq maxfiylikni talab qiladigan boshqa shaxslar orasida mashhur.
Avvaliga Goldberg bu haqiqiy Uolsdan so‘rov deb o‘ylamagan. U katta ehtimol bilan kimdir o‘zini AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi sifatida ko‘rsatib, uni tuzoqqa tushirmoqchi deb o‘ylagan.
«Bugungi kunda insofsiz sub’yektlar jurnalistlarni o‘zlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatishga majburlashga urinish holatlari tez-tez uchrab turadi», – deb yozadi jurnalist o‘z maqolasida.
Shunday bo‘lsa-da, u Signal’ga qo‘shilish so‘rovini qabul qiladi, u bu Ukraina, Eron yoki boshqa muhim mavzularni muhokama qilmoqchi bo‘lgan haqiqiy Uols bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmaydi.
Ikki kundan so‘ng unga husiychilar muammosini muhokama qilish uchun cheklangan miqdordagi ishtirokchilar bilan chatga qo‘shilgani haqida xabarnoma keldi.
«Keyingi 72 soat ichida husiychilarga qarshi harakatlarni muvofiqlashtirish uchun rahbarlar qo‘mitasi guruhini tuzmoqdamiz», – deyiladi «Maykl Uols» deb ko‘rsatilgan akkaunt xabarida.
«Rahbarlar qo‘mitasi» atamasi odatda milliy xavfsizlikning eng yuqori mansabdor shaxslari, shu jumladan mudofaa vaziri o‘rinbosarlari, AQSh Davlat departamenti va g‘aznachilik, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasi direktoridan iborat guruhga nisbatan qo‘llanadi.
«O‘z-o‘zidan ravshanki – lekin men baribir aytaman – meni hech qachon Oq uy rahbarlar qo‘mitasi yig‘ilishiga taklif qilishmagan va men ko‘p yillar davomida milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha reportajlar qilganimda, u hech qachon tijoriy ilova orqali o‘tkazilganini eshitmaganman», – deydi Goldberg.
«Men hech qachon bunday qonunbuzarlikni ko‘rmaganman»
Goldbergning so‘zlariga ko‘ra, keyingi bir necha kun mobaynida u AQSh qurollaridan tortib, Vashingtonning Yaqin Sharqdagi taktik qadamlarigacha bo‘lgan o‘ta maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozishmalarni kuzatgan.
Xabarlar turli foydalanuvchilardan, jumladan, Vens va Hegsetdan (AQSh vitse-prezidenti va Pentagon rahbari, agar ular haqiqiy akkauntlar bo‘lsa) kelgan.
Ammo ko‘p o‘tmay, turli belgilarga ko‘ra, jurnalist muloqot haqiqiy ekani va u qandaydir aql bovar qilmaydigan tarzda o‘ta maxfiy davlat rejalariga bag‘ishlanganini tushunadi.
Voqealar realligining so‘nggi tasdig‘i Yaman hududiga berilgan zarbalar bo‘lib, ular yozishmalarda batafsil muhokama qilingan.
«Ular men bu guruhga kiritilganimni bilisharmidi? Men ataylab kiritildimmi? Bo‘lmasa, ular meni kim deb o‘ylashdi? Meni guruhga qo‘shishganda yoki guruhdan chiqib ketganimda kimdir men kimligimni tushundimi? Tramp ma’muriyatining yuqori martabali mulozimlari nozik muhokamalar uchun Signal’dan muntazam foydalanadimi? Rasmiylar bunday kanaldan foydalanish Amerika kontingentini xavf ostiga qo‘yishi mumkin deb hisoblaydimi?» – deb eslaydi Goldberg o‘sha kunlarda nimalarni mulohaza qilganini.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar shunga o‘xshash chatga boshqa birov ulangan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlarga qanchalik katta zarar yetkazilishi mumkinligini anglab yetgan.
Jyeffri Goldberg chatni muvofiqlashtirgan Mayk Uols davlat manfaatlarini himoya qilishning bir nechta qoidalarini buzganiga ishonchi komil.
«Men hech qachon bunday qonunbuzarlikni ko‘rmaganman. Milliy xavfsizlik xodimlari uchun Signal orqali muloqot qilish uchrab turadigan holat. Ammo ilova bo‘lajak harbiy harakatlarni batafsil va qat’iy maxfiy muhokama qilish uchun emas, balki uchrashuvlar va boshqa logistika masalalarini rejalashtirish uchun ishlatiladi. Va, albatta, jurnalistni bunday muhokamaga taklif qilishgani haqida hech qachon eshitmaganman», – deb yozadi Atlantic jurnalisti.
Milliy xavfsizlik mutaxassislarining ta’kidlashicha, harbiy operatsiyalar Signal orqali muhokama qilingani Shpionaj to‘g‘risidagi qonunga va davlat hujjatlarini saqlash tartibiga zid bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiylar faqat himoyalangan, maxsus davlat kanallari orqali muloqot qilishi shart.
Shuningdek, nashrga ko‘ra, guruh ishtirokchilari ma’lumotlarni maxfiyligini bekor qilish huquqiga ega bo‘lsa-da, Signal bunday ma’lumotlarni tarqatish uchun ruxsat etilgan platforma emas. Avtomatik xabar jo‘natish funksiyasining mavjudligi esa davlat arxivlarini saqlash qonunlari buzilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ekspertlar AQSh ma’muriyati maxfiy ma’lumotlar muhokamasida ushbu ilovaga murojaat qilganini tanqid ostiga olib, uni aqlsizlik deb atamoqda.
Endi harbiy operatsiyalarni muvofiqlashtirish uchun Signal xabarlaridan foydalanish josuslik to‘g‘risidagi qonun va boshqa federal qonunlarni qanchalik buzish hisoblanishiga aniqlik kiritish kerak.
Mavzuga oid

22:36 / 27.03.2025
AQShda Isroilni tanqid qilgan turk talaba qo‘lga olindi

17:35 / 27.03.2025
«Ozodlik radiosi»ni moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi qaror bekor qilindi

17:07 / 27.03.2025
AQSh «Tolibon» vakili Sirojiddin Haqqoniy uchun belgilangan mukofotni bekor qildi

13:35 / 27.03.2025