Jahon | 17:35 / 27.03.2025
2710
2 daqiqa o‘qiladi

«Ozodlik radiosi»ni moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi qaror bekor qilindi

Sud moliyalashtirishni tiklash haqida radiostansiya foydasiga qaror chiqardi.

Foto: AFP

AQSh Global Media agentligi (USAGM) «Ozod Yevropa»/«Ozodlik radiosi»ni moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi avvalgi qarorini bekor qildi. Bu haqda sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lmoqda.

Avvalroq, USAGM radiostansiyani moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ygan edi. Shundan so‘ng, «Ozodlik radiosi» sudga murojaat qildi. Sud moliyalashtirishni tiklash haqida radiostansiya foydasiga qaror chiqardi.

USAGM xabarida aytilishicha, u hali ham grantni to‘xtatib qo‘yish huquqiga ega. Grantning qolgan qismi 2025 yil 30 sentabrgacha amal qiladi.

«Ozodlik radiosi» AQSh Kongressi tomonidan USAGM orqali ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. 14 mart kuni prezident Donald Tramp yettita federal agentlikni, jumladan USAGM'ni samarali ravishda yo‘q qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shunda «Ozodlik radiosi» federal grant to‘xtatilgani haqida xabar oldi. USAGM bosh maslahatchisi Keri Leyk tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Tramp ma’muriyati radiostansiyaga qilingan xarajatlarni soliq to‘lovchilar pullaridan samarasiz foydalanish deb hisoblaydi.

Agentlik «Amerika Ovozi»ni ham nazorat qiladi. 15 mart kuni radiostansiya xodimlariga maosh to‘lanadigan ta’tilga jo‘natilgani haqida xabar berilgan. Shundan beri nashrning veb-sayti yangilanmagan.

«Ozodlik» radiosi 1953 yilda tashkil qilingan. Bugungi kunda uning bo‘linmalari – radio, internet saytlari, televideniyening haftalik auditoriyasi dunyoning 23 davlatida, jumladan, Rossiya, Ukraina, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida yashovchi 50 million kishiga baholanadi.

Mavzuga oid