Jahon | 15:56 / 31.03.2025
2733
2 daqiqa o‘qiladi

WP: AQSh Mudofaa vazirligi Rossiyani emas, Xitoyni asosiy tahdid deb hisoblayapti 

Pentagonning maxfiy hujjatiga ko‘ra, AQSh o‘ziga asosiy tahdid sifatida Rossiyani emas, balki Xitoyni ko‘ryapti. Vashington Rossiyani tiyib turishni Yevropaga qoldirmoqchi, deb yozadi The Washington Post.

Foto: AP

Oq uyning fikricha, Xitoy hozirda AQSh uchun asosiy tahdid deb hisoblanishi, Rossiyani tiyib turishni esa Yevropa ittifoqchilari ixtiyoriga qoldirish kerak. Bu haqda 29 mart, shanba kuni The Washington Post (WP) gazetasi Pentagon rahbari Pit Xegset tomonidan qo‘l ostidagilarga yuborilgan AQSh Mudofaa vazirligining ustuvor yo‘nalishlari haqidagi ichki sirkulyarga tayanib xabar berdi.

WP tanishib chiqqan maxfiy hujjat milliy mudofaa bo‘yicha vaqtinchalik strategik qo‘llanmadir. U mart oyi o‘rtalarida Pentagonda tarqatilgan va departamentning yuqori lavozimli amaldorlari uchun ustuvor vazifalar tizimini belgilab beradi. Hujjatda Xegset Xitoyni «idora diqqat markazida bo‘lgan yagona tahdid», «Xitoy hududni AQSh himoya qilgan holda ham Tayvanni egallab olishini inkor etishni» «yagona muhim ssenariy» deb ataydi.

Pentagonning yirik davlat bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun kuchlarni rejalashtirish konsepsiyasi faqat Pekin bilan ziddiyatni hisobga oladi. Hujjatga ko‘ra, Moskva tahdidi asosan Yevropa ittifoqchilariga tegishli bo‘lib qoladi. Qo‘llanmada, shuningdek, Pentagon Yevropa, Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyodagi ittifoqchilarni mudofaaga ko‘proq mablag‘ sarflash va Rossiya, Shimoliy Koreya va Eron tahdidlarini oldini olishda yetakchi rol o‘ynashga majbur qilishi aytiladi.

Mavzuga oid