Jahon | 22:36 / 27.03.2025
7513
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda Isroilni tanqid qilgan turk talaba qo‘lga olindi

Bugun Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushga aloqador qiziq bir mavzu haqida gaplashamiz. Bu voqeani aks ettiruvchi bir necha soniyalik video ko‘rgach, gap nimada ekanini aniqlab, sizlarga aytib berishni maqsad qildim.

Xullas, 26 mart kuni Rumeysa O‘zturk ismli turk qizni do‘stlari iftorga taklif qilishadi. Shomga yaqin qiz uyidan chiqib onasi bilan telefonda gaplashgan ko‘yi yo‘lga otlanadi. Shu vaqtda qizning oldiga ikki begona erkak kelib qo‘lidan telefonini tortib oladi. Keyinchalik yana to‘rt kishi, xususan, uch ayol qizni o‘rab oladi. Qizni ushlaganlarning barchasi yuzini niqob bilan yashirib olgandi. Ular qizning qo‘lini orqasiga qilib bog‘lab, olib ketishadi.

Bilasizmi voqea qayerda sodir bo‘ldi? Amerikada! Ha, kinolarda hatto qamoqxonadagi ashaddiy jinoyatchilar ham «advokatsiz gapirmasligini aytadigan» Qo‘shma Shtatlarda kuppa-kunduzi, hech qanday harbiy libosda bo‘lmagan odamlar, hatto mahalliy politsiyani aralashtirmay chet el fuqarosini qo‘lini qayirib olib ketishi mumkin ekan. Ishoning, Donald Tramp hukumatga qaytgach Amerika ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda.

Rumeysa O‘zturk dunyoga mashhur Kolumbiya universitetida bakalavr yo‘nalishini tugatgan. Hozir Massachusetsdagi Tafs universiteti aspiranturasida o‘qiydi. AQShga rasman F-1 vizasi bilan borgan, ya’ni noqonuniy muhojir emas. Qizni Immigratsion bojxona politsiyasi – noqonuniy migrantlarni topib deport qiladigan idora ushlagan. O‘zturkning vizasi bekor qilinib, tez orada Turkiyaga deportatsiya qilinishi aytilmoqda.

Isroilga qarshi maqola uchun

Gap shundaki, Rumeysa O‘zturk boshqa talabalar bilan birga Tufs Daily nomli universitet gazetasida Isroilning G‘azodagi ishlari xalqaro huquqqa ko‘ra genotsid ekani haqida maqola yozib, o‘zi o‘qiydigan oliygohni bu faktni tan olishga chaqirgan. AQShdagi universitetlarda Isroilning G‘azodagi harakatlariga qarshi ko‘p marta namoyishlar o‘tkazilganini bilsangiz kerak. Donald Tramp hukumat tepasiga kelgach, namoyishlarda qatnashgan talabalarni deportatsiya qilish masalasi ko‘tatildi, talabalarning harakatlariga antisemitizm deb qarash boshlandi. Rumeysa O‘zturk tabiiyki o‘sha maqolasi uchun qo‘lga olingan. Uning ismi AQShdagi Isroilga qarshi namoyishlar faollari ro‘yxatini tuzib boraidgan saytda ham ko‘rsatilgandi.

Fidan AQShga borgani fonida

Qizig‘i, Rumeysa O‘zturkning qo‘lga olinishi Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidanning Vashingtonga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi rasmiy vakili Trisia MakLaulin holatni izohlarkan O‘zturk HAMAS guruhini qo‘llashini aytgan.

Massachusets shtatidan saylangan demokrat-senator Elizabet Uorren holatni fuqaro erkinligini cheklashga qaratilgan xavotirli harakat deb atadi. Yuzlab amerikaliklar Turkiya fuqarosi qo‘lga olinishiga qarshi namoyishga chiqishdi.

Avvalroq Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio Isroilga qarshi namoyishga chiqqanlarni HAMASni qo‘llashda ayblab, ular deportatsiya qilinishiga va’da bergandi. Reuters’ning yozishicha, bu namoyishlarni o‘tkazadiganlar, xususan, yahudiy guruhlar ham Tramp ma’muriyati Isroilni tanqid qilish va HAMASni qo‘llashni chalkashtirmoqda deb hisoblaydi.

Yaqinda livanlik shifokor, Braun universiteti dotsenti Rasha Alaviyah uning telefonida Hizbullohni qo‘llovchi rasm borligi uchun AQShga kiritilmagandi. Vaholanki doktor Hizbullohning harakatlarini qo‘llamasligini aytgan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid