AQSh «Tolibon» vakili Sirojiddin Haqqoniy uchun belgilangan mukofotni bekor qildi
Qo‘shma Shtatlar uni «global terrorchilar» ro‘yxatiga kiritgan va qo‘lga olish yoki hibsga olishda yordam berganlik uchun 10 million dollar mukofot va’da qilgan edi.

Foto: Reuters
AQSh Federal tergov byurosi (FBI) «Tolibon» hukumati ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniyni qo‘lga olganlik uchun beriladigan 10 million dollar mukofotni bekor qildi. Biroq, uning ismi-sharifi «global terrorchi» sifatida qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatidan o‘chirilmadi, deb xabar berdi afg‘on matbuoti.
AQSh Davlat departamenti bir necha kun avval Sirojiddin Haqqoniy va «Haqqoniy» tarmog‘ining yana ikki yuqori martabali rahbari Abdulaziz Haqqoniy bilan Yahyo Haqqoniyni «Adolat uchun mukofot» dasturi doirasida qidiruvdagilar ro‘yxatidan olib tashlagan edi.
Shu bilan birga, Davlat departamenti Sirojiddin Haqqoniy va «Haqqoniy» tarmog‘ining yana ikki a’zosi hamon Qo‘shma Shtatlar tomonidan xalqaro terrorchilar deb hisoblanishi, «Haqqoniy» tarmog‘ining o‘zi esa terrorchi tashkilot sifatida tan olinishini ma’lum qildi.
«Tolibon» ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy harakatdagi Haybatullo Oxundzodadan keyingi ikkinchi nufuzli shaxs sanaladi. U, shuningdek, «Tolibon» ichidagi «Haqqoniy» tarmog‘ini ham boshqaradi.
«Tolibon» a’zolari AQSh qidiruv ro‘yxatidan chiqarilgani va ularning qo‘lga olinishi uchun va’da qilingan mukofotlar bekor etilgani haqida birinchi bo‘lib «Tolibon» vakillarining o‘zlari xabar bergan. 21 mart kuni toliblar Jorj Holsman ismli AQSh fuqarosini qamoqdan ozod qildi. Bundan tashqari, bir necha kun oldin Amerika delegatsiyasi Kobulda «Tolibon»ning ayrim vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Sirojiddin Haqqoniy 2008 yilda Qo‘shma Shtatlar tomonidan «global terrorchi» deb topilgan va uning aktivlari muzlatilgan. Qo‘shma Shtatlar Haqqoniyni Amerika qo‘shinlariga qarshi o‘nlab hujumlarni uyushtirganlikda, jumladan 2008 yil yanvarida Kobuldagi Serena mehmonxonasiga AQSh fuqarosi o‘limiga sabab bo‘lgan hujumda aybladi.
Qo‘shma Shtatlar uni qo‘lga olish yoki hibsga olish yoki oila a’zolarini hibsga olishda yordam berish uchun 5 million dollardan 10 million dollargacha mukofot va’da qilgan edi.
Mavzuga oid

00:00
Afg‘oniston hukumati salkam 2,5 ming mahbusni afv etdi

20:58 / 30.03.2025
Eron AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortdi

16:25 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?

14:54 / 30.03.2025