Jamiyat | 21:59 / 21.03.2025
11828
12 daqiqa o‘qiladi

“Prezident safardaligida otamni yo‘qotmoqchi bo‘lishgan” -  yaqinlari Abdulla Oripov haqida

O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi, milliy adabiyotning yirik vakillaridan biri, marhum Abdulla Oripov tavalludiga 84 yil to‘ldi. Kun.uz muxbiri shoirning xonadonida bo‘lib, uning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva hamda qizi Shoira Oripova bilan suhbatlashdi. Intervyuda ular Abdulla Oripov hayotining so‘nggi kunlari, ijodiy va siyosiy faoliyatiga doir voqeliklarni eslab, xotiralarini gapirib berdi.

Abdulla Oripov rafiqasining so‘zlariga ko‘ra, shoir doimo xalq dardi bilan yashagan, tashvishsiz kunlari bo‘lmagan, umrini tinimsiz o‘yga tolgan holda o‘tkazgan:

Abdulla akaning xotirjam yurgan kunlarini eslay olmayman, hamma narsadan xavotirlanardi, hayotda juda besaranjom inson edilar. Ular uchun hech qachon oila birinchi o‘rinda turmagan. Doim xalqni o‘ylardilar.

1967 yil to‘yimiz bo‘lgan. O‘shanda 17 yosh edim, rasmiy nikohdan ham o‘tmaganmiz. To‘yimizga Toshkentdan Shukur Xolmirzayev, Nizom Komilov, To‘lqin kabi ko‘plab ijodkorlar kelgan. Bazmda Abdulla aka Erkin Vohidovning bir g‘azali va o‘zining “Yozajakman” she’rini o‘qigan. Shundan keyin ayni shu she’rlar asosida ularni uzoq vaqt tergov qilib, so‘roqqa chaqirishgan. O‘zining ta’biri bilan aytganda “8 qator she’r 8 ta bomba bo‘lib yog‘ilgan boshiga”. “Tilla baliqcha”, “Dorboz” singari kichik-kichik she’rlariga ham siyosiy tus berilar, ko‘p tazyiqlar o‘tkazilardi”, – deydi shoirning turmush o‘rtog‘i.

Foto: abdullaoripov.com

Hanifa Mustafoyevaning aytishicha, yozuvchi Abdulla Qahhor vafot etgach, uning adabiy maktabiga mansub ijodkorlar turli nazorat va tekshiruvlarga tortila boshlangan. Abdulla Oripov ham bundan mustasno bo‘lmagan:

1968 yilda Abdulla Qahhor vafotidan keyin uning shogirdi deb Abdulla akani ham ko‘p tekshirishardi. Ularning keyingi paytda afsus bilan aytgan gaplarini yaxshi eslayman: “faqat tushim qoldi nazoratchilar aralashmagan”, “kimdir o‘zining ishi qolib, mening qadamimni o‘lchab yuribdi”, deb deb xo‘rsinib gapirardilar. Vaziyatni ochiq-oydin sezib turardi, she’rlarini o‘qisangiz, bu haqida yetarlicha yozgan”, – deydi Hanifa Mustafoyeva.

Shoir rafiqasining so‘zlariga ko‘ra, sovet tuzumida har qanday asar qattiq senzura ostida chop etilgan. Abdulla Oripovning birgina “Onajon” she’ri ham uzoq muddat nashr qilinmay, vaqtlar o‘tib “Saodat” jurnalida chiqqanida ham ko‘plab o‘zgarishlarga uchragan:

Toshkentga 1968 yilda kelganman, shu yildan Abdulla akaning hayot tarzini yaqindan ko‘ra boshladim. O‘sha yili turmush o‘rtog‘imning onasi olamdan o‘tgandi. Volidasini qo‘msab yozgan “Onajon” she’ri doim cho‘ntagida yurardi. She’r nashr etilganda “oxiri chiqardim-a” deb hafsalasizlik bilan gapirgandilar. Sababi hattoki, ona haqidagi she’r ham matbuotda bosilishi juda qiyin bo‘lgan. Xonadonimizda uy telefoni bo‘lardi, shu qurilma orqali “mana bu so‘zini o‘zgartirib bering, bu joyini almashtirib bering” deb qo‘ng‘iroq qilaverishardi, to matbuotda chiqqunicha satrlarning yarmi o‘zgarib ketardi”, ­– deydi. Hanifa Mustafoyeva.

Foto: abdullaoripov.com

1988-1989 yillarda o‘zbek tili bekor qilingan, oliygohlarda o‘zbek tili kafedralari yopilgan, Navro‘z bayramini o‘tkazish taqiqlangan. Shu davrda gazetada “Salom, bahor!” degan katta maqola berilgan va u Abdulla Oripov nomidan chiqqan. “Aslida maqolani turmush o‘rtog‘im yozmagan. Ularni chaqirtirib, nomidan chiqarganlikni tasdiqlashga majbur qilishgan”, – deb xotirlaydi Hanifa Mustafoyeva:

““Yo‘q” deyish mumkin emas edi. Qarshi borsangiz, o‘zingiz qolib yaqinlaringizga ham tazyiqlar boshlanardi. Abdulla akaning uch akasi bor edi, tizimga qarshi borsam, ularni surgun qiladi, deb qo‘rqardilar. Farzandlarimiz hali kichkina edi, bolalari va oilasidan ham ko‘ra, akalaridan tashvishlanardi.“O‘zim bo‘lsam mayli edi, qarindosh-urug‘lar – hammasini tekislaydi-da bular”, deb jim qolishga majbur bo‘lardi. “Xo‘p” deyishdan boshqa iloj qoldirishmasdi

Qozonda qaynab turgan sumalaklarga tuproq tashlangan vaziyatlar ham bo‘lgan. Abdulla akaning ich-etini tirnardi bunaqa holatlar. Navro‘z haqida 4 qator she’rlari bor:

Sen bizni kechirgin ey, Navro‘zimiz,

G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.

Yuzingga shapaloq tortib yubordik,

Sho‘r paxta bosamiz endi o‘zimiz.

Ularning iztiroblarini shu satrlardan ham bilib olish qiyin emas. O‘sha yillarda hatto sunnat to‘yi ham man etilgandi. Abdulla aka o‘g‘limga sunnat to‘yi qilaman, deb orzu qilgan, ammo bunga ruxsat berilmagan. “Agar bu marosimni o‘tkazsang, partiyadan seni chiqarib yuborishadi”, deb ogohlantirishgan. O‘shanda qishloqqa meni o‘g‘limiz Ilhomjon bilan birga jo‘natib yuborib, “ukam o‘g‘liga to‘y qilyaptikan, o‘g‘limizni olib borib, birga sunnat qildirib kel”, deb tayinlaganlar. Oxirgi paytda janoza o‘qishga ham ruxsat berilmagan, marhumlar doklad o‘qib, musiqa chalib ko‘miladigan darajaga yetgandi”, – deb xotirlaydi shoirning turmush o‘rtog‘i.

Foto: abdullaoripov.com

Hanifa Mustafoyeva o‘sha yillarda O‘zbekiston rahbari bo‘lgan Sharof Rashidov ijod ahlini imkon qadar himoya qilganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, Abdulla Oripovning she’rlari Moskvada chop etilishida ham Rashidovning hissasi katta bo‘lgan:

Abdulla aka, bu she’rlaringiz uchun Hadraga olib chiqib otib tashlashmagan haliyam” deb hazillashardim. Haqiqatan, she’rlarini o‘qisangiz qaltis-qaltis satrlari ko‘p. Sharof Rashidov o‘zi adabiyotchi, yozuvchi bo‘lgani uchun, ayniqsa, o‘zi ayta olmagan dardlarni, balki Abdulla aka yozgani uchun tahlikali vaziyatlarda turmush o‘rtig‘imni himoya qilgandir. Ko‘p narsalarni ko‘rib ko‘rmaslikka olib, qo‘llab-quvvatlaganlar.

Abdulla aka shoirligidan tashqari siyosatchiga ham aylanib qolgan edi. 1989 yillarda SSSR deputati bo‘ldilar, Gorbachyov hukumat yig‘inlarida ishtirok etdilar. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov bilan O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilinishida qatnashdilar. O‘sha yig‘ilishga ketayotganda ham zalda o‘qish uchun kechasi bilan o‘tirib she’r yozib chiqqandilar. Hali mustaqillik e’lon qilinish-qilinmasligi aniq emas, lekin yaxshi niyat bilan Abdulla aka she’r yozib tayyorlanib borgandilar. Turmush o‘rtog‘im doim “shoirning cho‘ntagida bitta yangi, qoralama she’ri bo‘lmasa, uning shoirligi bekor” derdilar.

Foto: abdullaoripov.com

Madhiya uchun e’lon qilingan tanlovga Abdulla aka "Qo‘ng‘irtovliq" taxallusi bilan qatnashgan. Saralov uch bosqichdan iborat bo‘lgan va deyarli ikki yil davom etdi. Har bir bosqichda Abdulla akaning she’rlari yuqori o‘rinlarni egalladi. Tinimsiz mehnat natijasida madhiya uchun ikki she’r yozildi. Va oxiri “Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt najot” degan satrlar bilan boshlanadiganini tanlovga taqdim etdilar. Madhiyaning eski musiqasi o‘zgarmaydigan bo‘ldi. SSSR vaqtidagisi sayqallanib, o‘sha musiqaga she’r moslashtirildi. Mutal Burhonov har kuni uyimizga kelib, pianinoda musiqani chalib ko‘rar va madhiyani farzandlarim bilan kuylab, har bir so‘zi musiqaga mos tushayotgan yoki yo‘qligini tekshirardi. Madhiyaning matni ham juda ko‘p o‘zgartirilgan, shu vaqtgacha bir nechta variantini muzeylarga berganman, uyda yana 50-60 ta nusxasi saqlanib qolgan”,deydi Hanifa Mustafoyeva.

Abdulla Oripovning qizi Shoira Abdullayeva esa otasi va madhiya bilan bog‘liq xotiralarni quyidagicha eslaydi:

Har yangi yilda madhiyaning yangrashini otam intizorlik bilan kutardi. Otamga qo‘shtirnoq ichidagi do‘stlari va shogirdlari kelib, “eshitdingizmi, madhiyani o‘zgartirishyaptikan” deb gapirib, ko‘nglini behuzur qilib ketardi. Yil yarmidan boshlab, 6 oy davomida yangi yil kelishini kutardilar. Bayramda madhiya yangrab, uning matni o‘zgarmaganini bilganlaridan keyin, xayriyat, o‘zgartirishmabdi”, deb yig‘lab yuborardilar”, – qizi deydi Shoira Oripova.

Shoir rafiqasi Abdulla Oripov umrining so‘nggi yetti yilida uy qamog‘iga o‘xshash holatda yashagani, hamma shogirdlari va hamkasblari ularni ko‘rsa, qochadigan vaziyatga tushib qolganini aytadi:

Oxirgi vaqtlar “menga yaqin yurma, yonimga kelsang, qoram senga ham yuqadi. O‘zimdan uzoqlashtirganim senga qilgan yaxshiligim” deydigan darajaga tushib qolgandilar. Matbuot, televideniye, radio – hammasidan uzib qo‘yishgandi. Lekin buning uchun Islom Karimovdan Abdulla aka umuman xafa bo‘lmasdi, boshqa kuchlarning bu ishda qo‘li borligini bilib turardilar”, ­­– deydi Hanifa Mustafoyeva.

Foto: abdullaoripov.com

Shoir uzoq yillar davomida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan bo‘lsa-da, ijoddan to‘xtamagan. 2016 yilning kuzida uning sog‘lig‘i yomonlashdi. Davolanish maqsadida AQShga jo‘natildi. Turmush o‘rtog‘i Hanifa Mustafoyevaning so‘zlariga ko‘ra, Abdulla Oripov vafotidan oldin ham ona yurtini qo‘msab yashagan, O‘zbekistonni sog‘inganini qayta-qayta takrorlagan.

Abdulla Oripov 2016 yil 5 noyabr kuni AQShning Xyuston shahrida vafot etdi. Uning jasadi vatanga qaytarilib, 10 noyabr kuni Toshkent shahrida dafn qilindi.

Otam jasadini o‘z yurti Qashqadaryoning Neko‘z qishlog‘i “Toyloq ota” qabristoniga olib borib, ota-onalarining yoniga qo‘yishimizni vasiyat qilgandilar. Xalq vakili bo‘lgani va Qashqadaryoga ko‘pchilik yo‘qlab bora olmasligini inobatga olib, hukumat vakillari boshchiligida Toshkentdagi “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etildi”, – deydi Shoira Oripova..

Intervyuning to‘liq qismini Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid