O‘zbekiston | 11:14 / 21.03.2025
16950
30 daqiqa o‘qiladi

Butun zal Abdulla Oripovdan she’r so‘ragandi - shoirning shogirdi xotiralari

21 mart O‘zbekiston madhiyasi muallifi Abdulla Oripov tug‘ilgan kun. Shu munosabat bilan Kun.uz shoirga bir muddat haydovchilik qilgan yozuvchi Saydolim Haydarov xotiralarini taqdim qiladi. Hikoyalarda Abdulla Oripov 40 ga yaqin odamni ishli qilishga bosh bo‘lgani, qushlar bilan gaplashgani-yu Xo‘jand safari sarguzashtlari haqida qiziq voqealar aks etgan.

Abdulla akaning “Mehnat yarmarkasi”

Kunlarning birida poytaxtning Eski shahar tarafiga yo‘limiz tushib, “Achovot” mahallasidan o‘tib borayotsak, bir to‘p lo‘li xotin-xalajlar o‘zlaricha bir nimalarnidir baqir-chaqir qilib, muhokama qilayotganiga ko‘zimiz tushdi. Abdulla aka mashinani to‘xtatishni buyurdi. Ulardan sal o‘tib to‘xtadik. Xayolimda hozir Abdulla aka yonib turgan olovga kerosin sepadi, degan o‘y keldi. Biroq voqea rivoji boshqacha tusda kechdi. Abdulla akani ko‘rib g‘ala-g‘ovur qilayotgan ayollar birdan tinchib, uni o‘rab olishdi. Biri qo‘yib, biri gapirar, ammo gap nimada ekanligini anglab bo‘lmasdi. Shu payt ularning orasidan bir kampir chiqib, hindularga o‘xshab o‘ng qo‘lini ko‘targan edi, hammasi tinchidi-qoldi. U Abdulla aka bilan xuddi qadrdonlarday so‘rasha ketdi. “Enang aylansin, o‘zimning shoir bacham, deputat bacham! Qachon seni oyna quti (televizor)da ko‘rsam, bir gaplashishga orzumand bo‘lardim. Xudoning o‘zi seni bizga yetkazdi. U to‘pdagilardan biriga qarata: “Hoy, Azmining bachasi, tez uyingga chop, kursi keltir”, dedi. Dam o‘tmay, kursi xam keltirildi. Uni tasvirlash uchun odam binoyidek rassom bo‘lishi kerak, menimcha. Kursining ikki oyog‘i uzumning zangidan, qolgani tol shoxidan yasalganga o‘xshardi. O‘tirgichining qoplamasiyam kamida besh xil matodan qoplangan. Xullas, Abdulla aka kursiga cho‘kdi va mashvarat boshlandi. Bu orada o‘tgan-ketganlar ham qiziqib, “ko‘chamajlisiga” qo‘shilardi.

Kampir gap boshladi: “Abdullajon bacham, mana o‘zing ko‘r, yo‘lning nariyog‘i “Chinni zavodi”. Ammo u yerga biror-bir lo‘li bachasini ishga olishmaydi. O‘g‘rilikni o‘zlari qilib, aybni nuqul lo‘li bachalarga to‘nkashadi. Tashmachilari tashib chiqib, choynak, piyola, kosani bizga pullashadi. Melisa deganiyam, suyakka o‘rgangan kuchukday, bachalarni poylagani poylagan. Choynak, piyolani qo‘yib tur, tagi teshik tog‘orasi yo‘qolsayam, o‘g‘ri kim - lo‘li bacha! Axir o‘zing o‘yla, ishlay desa, ish bermasa, ko‘chada tilanchilik qisa, ushlab ketsa, uyiga quruq qaytsa, otasidan xipchin yesa, nima qilsin shu bechoralar. Ular ham inson bolasi-ku. Ish so‘rab borsak, biri haydab soladi, birovida bir xil javob: “Aytamiz, yest qilamiz!" Bir yordam ber, shoir bacham, seni Xudo yarlaqasin”, dedi va qo‘lini ochib, lo‘licha shevada uzundan uzoq duo qildi. Ha, aytgancha: “Inimni” tanisang kerak, uni Rasul Rahmon, deyishadi.

Katta odam bo‘lsayam, bizga qayishadi, tarafimizni oladi”, dedi g‘urur bilan. Shu tobda to‘planganlardan biri: “Ibi, oko mullo shoir, lo‘li qizlar ham erini, bachalarini yaxshi ko‘radi, topganini uyiga tashiydi, buzoqning haqqi bor deb, sigirning sutiniyam ichmaydi. Bizga atab ham bir she’r yozing, maza qilaylik, kosangiz chinnidan bo‘lsin, aylanay Sizdan!” - dedi. Uning gapiga Abdulla aka miyig‘ida kulib quydi. So‘ngra ikki-uch kundan keyin uchrashishga va’dalashib, ular bilan xayrlashdi. Shu kuniyoq Abdulla aka o‘sha paytdagi Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raisi A.Fozilbekov bilan bu masalada telefon orqali gaplashib, ular indin kuni Achovot mahallasida uchrashish vaqti-soatini kelishib olishdi. Menga esa topshiriq berdi: “Shoir, Achovotga borib, haligi kampirshoni topasan. Unga uchrashuv vaqtini bildirib, faqat ishsiz erkak va ayollarni yoniga olib, zavodning oldida kutib turishni, g‘ala–g‘ovur qilmaslikni, bola-chaqasini yetaklab bormasliklarini, tayinlab ayt!” Xullas, hozirgi zamon tili bilan aytganda, Abdulla akaning “Mehnat yarmarkasi”da qirqqa yaqin Achovot mahallasining fuqarolari doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan edi.

Sigir yo‘g‘ida

1985 yilning bahor oylari edi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi joylashgan Pushkin ko‘chasidan o‘tib borayotsam, bino oldida adabiyotshunos olim Muhsin Omonov bilan shoir Abdulla Oripov suhbatlashib turishgan ekan. Muhsin domla ToshDUda dars berar, biz talaba edik. Salom berib, yo‘limda ketmoqchi edim, domla to‘xtatib, savolga tutdi. “Ha, shoiri zamon, bu deparalarda baxtingizni izlab yuribsizmi?” dedi doimgidek hazillashib. Ular bilan qo‘l olishib ko‘rishgach:

– Domla, bozorga bor, baxtingni ko‘r”, degan ekan mashoyixlar. Shunga amal qilib Oloyga qarab ketyapmiz, dedim. Nimagadir, A.Oripov turish-turmushim haqida qiziqsindi. Mening o‘rnimga Muhsin domla qo‘qoncha shevada javob qilib: “Abdullajon, o‘zimizning ballardan, she’rlari bilan matbuotda ko‘rinib turadi. Bilmadim, “yog‘li” joymi, oshxonalar trestida ishlaydi” dedi. Abdulla aka esa: “Ijodkor odam, shu muhitta yaqin bo‘lgani ma’qul”, deya ko‘nglimga yaqin gapni aytdi. Shu alpozda gaplashib turgan edik, Uyushma binosidan sochlariga oq tushgan, ko‘zoynak taqqan, bo‘yi pastroq bir kishi chiqib, biz tomon kela boshladi. U Uyushma raisining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sobir Salayev degan kishi ekan. Salom-alikdan so‘ng, Muhsin domla undan: “Sobir aka, manavi yigit bizni shogirdlardan, uyushmalaringda u bop biror ish yo‘qmi?" deb so‘radi.

– Yarim shtatdan santexnik va duradgorga joy bor. Eplasa, ertalab ishga kelaversin, - dedi. Bu gapga Abdulla aka qo‘shilib: “Sigir yo‘g‘ida echki ham sigir, xo‘p deb kelaver, shoir. Sen bizga tesha chopishdan dars berasan, biz senga she’r yozishni o‘rgatamiz” dedi kulimsirab. Xullas, ikki yarimni but qilib, Uyushmada ish boshladim. Ish kabinetim ham ikkita: bittasi yerto‘lada, ikkinchisi hovlida. Ularning na derazasi bor, na o‘rindig‘i.

Ammo ish unchalik ko‘p emas. Har-har zamonda eshiklarning qulfi buziladi, gohida “nulevoy” kabinetlardagi jo‘mraklardan suv toshadi, xolos. Shu bois kunlar hali kitob tashish, qorovul kelmay qolsa, o‘rniga tungi postni egallash, navbatchi shofyor betoblanib, ishga chiqmasa, uning o‘rniga rulga o‘tirish, kattaroq yig‘in tashkillashtirilsa, samovarga o‘t qalash kabi yumushlar bilan o‘tib, odam zerikmasdi. To‘rt oy deganda amal pillapoyasidan ko‘tarilib, Uyushmaning ishlar boshqaruvchisiga aylandim. Bu orada Abdulla aka bilan ancha inoqlashib ketdik.

Bu qanday suhbatki?..

Abdulla Oripovning hayoti va ijodi u tiriklik davridayoq katta tadqiqotlar, ilmiy munozaralar, tahliliy-tanqidiy qarashlarga boy bo‘lgani sir emas. Ammo Abdulla akadagi Allohga bo‘lgan cheksiz e’tiqod va muhabbat, unga Yaratgan tomonidan ato etilgan ilohiy his-tuyg‘uning tiniq mavjlarini hamma ham ilg‘ayvermaydi. Bo‘lib o‘tgan bir g‘ayri holat voqea esa yillar o‘tgani sayin hayratimni oshiraveradi. Yoz oylari edi. Abdulla aka bilan bir adibning 60 yoshga kirishi munosabati bilan tashkil etilgan ziyofatga bordik. Unga katta yozuvchi va shoirlar orasidan, menga esa pastroqdan joy tegdi. Davradagi “so‘z zargarlari”ning ayrimlari 2-3 martalab “Saylanma asarlar”ini chop ettirgan bo‘lsa-da, biroq ular adabiyot, she’riyat olamidagi shon-shuhrat bobida Abdulla akaning “tizzasiga” ham yetmasdi. Buni ular zimdan bilar, bilgan sari g‘ayirligi oshardi. Bundaylar evini qilib, qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin Abdulla akaga pand berishga shay turardi. Eng qizig‘i, mazkur toifadagilar Uyushmada bo‘lib o‘tadigan turli-tuman mashvaratlar mavzusidan qat’i nazar, ular hozir-u nozir bo‘lar, tadbir davomida tez “uyushib” ketar, lo‘nda qilib aytganda “hamfikr”, gapi-gapiga to‘g‘ri kelardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi chog‘i, Abdulla aka ketishga hozirlanib, meni ko‘cha tomonga imladi. U mashinaga o‘tirgach: «Shoir moshinni Do‘rmonga hayda. O‘zimiz otamlashamiz, yo‘lda biron-bir do‘kon oldida to‘xtab o‘t», — dedi. Odatda Abdulla aka biron narsadan achchiqlansa yoki uni birov noo‘rin xafa qilsa, ko‘p sigaret chekar, o‘zicha: «Obbo, enag‘ar-yey!» deb qo‘yar, gohida -lar ko‘plik qo‘shimchasini qo‘shardi. Do‘rmonga ham yetib keldik. Xanifa kelinoyi hovlidan oqib o‘tgan ariq ustidagi so‘riga dasturxon tuzadi. Yarim kechagacha gaplashib o‘tirdik. Abdulla akaning ilhomi kelib, she’r to‘qir, men ularni qog‘ozga tushirar edim. Charchaganimdan ko‘rpachaga yonboshlab, uxlab qolibman. Bir mahalda Abdulla akaning ovozidan uyg‘onib ketdim. Osmon to‘la yulduzlar. Atrof odamni tanish darajasida g‘ira-shira yorug‘, lekin hovlining kunbotar tarafidagi ikki tup chinor daraxti atrofi xiyol qorong‘i edi. Daraxtlardagi son-sanoqsiz qushlar tinimsiz chug‘ullab, quloqni qomatga keltirardi. Abdulla aka ularga qarata «Jim bo‘linglar, Qodiriy qani?! Usmon Nosir, Cho‘lpon qani?!» - deya xitob qilardi. Shunda avval bir qush, ortidan boshqasi chug‘ullardi. Men qushshunos emasman, lekin o‘sha damda ularning chug‘ur-chug‘uri xuddi qush tilida she’r o‘qiyotgandek, boshqalari uni tinglayotgandek tuyuldi. Qushlarning chug‘urlashi tinishi bilan Abdulla aka she’r o‘qishni boshlardi. Bu qanday muloqot, qanday she’riy suhbatki, anglab yetmasdim. Allapaytgacha o‘zimga kelolmadim. Tushimmi, o‘ngimmi, bular xobimda sodir bo‘lyaptimi, degan o‘yimga yechim yo‘q edi. Yana uxlab qolibman. Quyosh salkam terak bo‘yi bo‘lganda Abdulla aka asta uyg‘otib: «Tur shoir, moshinni qo‘sh, mol bozoriga boramiz», dedi. Yuz-ko‘limni yuvib, garaj tomonga ketayotsam, Abdulla aka bilan kelinoyi gap talashib turishgan ekan. Kelinoyi: «Uyda shuncha go‘sht turib, nima qilasiz qo‘y suydirib» desa, Abdulla aka: «Gapni qumg‘onga solib qaynatmay, puldan olib chiq», deya amrini o‘tkazmoqchi bo‘lardi. Xullas, Qibray tumanidagi mol bozoriga yetib borsak, besh-oltita tirraqi qo‘ylarni ushlab turgan odamdan boshqa xech kim qolmabdi. O‘sha damda mol bozori kun chiqmasdan tamom bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz. Abdulla aka bozor eshigi oldida turgan pattachidan, bugun bozordan eng katta bo‘rdoqi qo‘yni kim sotib olgani, u odam qayerda yashashini so‘radi. U falonchi qassob, falon ko‘chada yashaydi, dedi. Izlay-izlay manzilini topdik. Eshikni taqillatgan odam, 30 yoshlardagi bir norg‘ul yigit eshikni ochdi va ro‘parasida Abdulla akani ko‘rib “taxta” bo‘lib qoldi. U hayajondan: “Qani, qani... ich...ichkariga” deyishdan nariga o‘tmasdi. Nihoyat o‘ziga kelib, xonadoniga taklif qildi. Biroq Abdulla aka vaqt tig‘izligini, bir masalada uning yordami zarur ekanligini aytdi. U: «Qulimdan kelsa, bajonidil bajaraman, Sizdek insonning masalasini yechmasak, nima qilib yuribmiz bosh ko‘tarib», dedi chapanichasiga. Abdulla aka unga: «Bugun bozordan eng bo‘rdoqi qo‘yni siz sotib olgan ekansiz. Hali so‘ymagan bo‘lsangiz, uni bizga sotasiz», dedi. Qassob yigit esa: “Eh, shunday demaysizmi, masalaning yechimi shu ekan xolos-ku. Qo‘yni hali so‘yganim yo‘q, Sizday inson xonadonimiz eshigi oldida turishi odobdan emas. Ichkariga marhamat qiling, shu bo‘rdoqini oyog‘ingiz ostiga suyaman”, deya iltifot qildi jo‘mardlik bilan.

Abdulla aka unga rahmat aytib, ismini so‘ragan edi, u aytdi.

- Endi gap bunday inim Mahmudjon, siz qo‘yni qanchaga sotib oldingiz va undan qancha foyda olishingizni hisob-kitob qiling, sizni rozi qilib, qo‘yni biz olib ketamiz, dedi. U qo‘yni 180 so‘mga sotib olganini, foydasi 20-25 so‘m bo‘lishini aytdi. Abdulla aka 200 so‘mni sanab qassob yigitga uzatdi. U pulning 180 so‘mini olishga, foydadan voz kechishga rozi bo‘ldi. Lekin Abdulla aka qistov qilib, foydasini ham olishni so‘radi. U buni butkul rad etib, agar Abdulla aka qistalang qilaversa, qo‘yni sotmasligini aytib, turib oldi. Xullas, qo‘yni “Volga”ning yukxonasiga, qassobni orqa o‘rindiqqa o‘tirgizib, qaytib keldik. Tayyorlab qo‘yilgan nonushtadan biroz tamaddi qilgach, qassob yigit ishiga kirishdi. Abdulla aka esa menga: «Moshinni minib, Xastimom madrasasiga borasan, darvozadan o‘tib, uchinchi hujraga kirsan, bir qori yigit o‘tirgan bo‘ladi. Unga Abdulla akam yo‘qlayaptilar desang bas, senga ergashib kelaveradi», - dedi. Men har ehtimolga qarshi: “Mabodo, u joyida bo‘lmasa-chi?” degandim: “Sen boraver, u hujrada poylab o‘tiribdi”, dedi. Qori yigitni olib, qaytib kelsam, qassob qo‘yni nimtalab, qozonga sho‘rva ham tashlab qo‘yibdi. Men oshga unnay ketdim. Mahmudjon qassob odamshavanda, ko‘ngli ochiq yigit ekan, birpasda Abdulla aka bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdi. Hash-pash deguncha, taomlar pishib, dasturxonga tortildi. Qori yigit qiroat bilan Qur’on tilovat qildi. U xayr-ehsondan, qilgan oyatlardan hosil bo‘lgan savoblar payg‘ambarlar, aziz-avliyolar, Abdulla aka, kelinoyi tarafdan o‘tgan ota avlod, ona avlodlar qatorida marhum shoir va adiblar ruhiga baxshida bo‘lsin, deya duo qildi. Abdulla aka qog‘oz xaltaga solingan qo‘yning nimtasini qori yigitga berishimni tayinladi. Uni olib shaharga tushib ketdim. Qaytib kelganimdan keyin Abdulla aka bilan anchagacha suhbatlashib o‘tirdik. Abdulla akaning gap-so‘zidan angladimki, ruhlar duosirab qolishgan, so‘yilgan jonliq, o‘qilgan Qur’on oyatlaridan hosil bo‘lgan savoblar ana shu kemtikni to‘ldirishga maqsad qilingan ekan. Alloh o‘tganlarning oxiratlarini obod aylasin. Omin!

Xo‘jand safari

O‘rik pishig‘i edi. Abdulla aka yo‘qlab qoldi. “Shoir, moshinni safarga tayyorla, Xo‘jandga jo‘naymiz. Uyushma raisi (O‘lmas Umarbekov)ning xabari bor. U yerda O‘zbekiston adabiyoti kunlari boshlanyapti. Shoir va tarjimon Jonibek Quvnoq ham biz bilan boradi”, dedi. Xullas, yo‘lga otlandik.

Ikki mamlakat chegarasida bizni yuzlab odamlar qo‘llarida guldastalar bilan kutib olishdi. Tojikistonning Matchox tumanidagi shinamgina dala shiyponiga dasturxon tuzab qo‘yishgan ekan. Hukumat rasmiylari Abdulla aka va Jonibek Quvnoqni oq pardalar osilgan ayvonga olishdi. Meni esa pastroqqa aftidan haydovchilar uchun mo‘ljallangan odmiroq tuzalgan stolga taklif qilishdi. Ozgina choylashib turgan edik, ko‘rkam kiyingan bir ayol menga yaqinlashib: “Ukajon, ma’zur tutasiz. Biz sizning Abdulla akaning shogirdi ekanligingizni bilmabmiz. Sal tushunmovchilik bo‘libdi. Sizdan uzr so‘raymiz. Turing, Abdulla aka sizni yo‘qlayaptilar”, dedi. Men unga ortiqcha xijolat chekmaslikni aytdim. Keyin bilsam, u opa viloyat ijroiya qo‘mitasining raisi ekan. Yengil taomlanib olingach, Xo‘jandga qarab yo‘l oldik. Abdulla aka va Jonibek Quvnoq boshqa mashinaga o‘tirishdi. Menga esa o‘zbekchani biroz tutilib gapiradigan kishi hamroh bo‘ldi.

Kolonna bo‘lib ketyapmiz. Shaharga kirgach, sherigim mashinani o‘ng tomondagi ko‘chaga burishni suradi. Ko‘cha bo‘ylab biroz yurgan edik, katta bir darvoza oldida bizni uch-to‘rt kishi kutib oldi. Hamrohim ularga tojikchalab bir narsalar degan edi, ular bosh silkitib, ma’qullashdi. Ularning suhbatidan bir nimalarni anglaganday bo‘ldim-u, lekin hayronligim oshganidan hech narsa deya olmadim. Ulardan biri bo‘ydorroq, oq kastyum-shim kiyib, oq ko‘ylagiga yarashib turgan bo‘yinbog‘ taqqani meni ichkariga boshladi. Orqamizdan qolganlari ergashdi. Biroz noqulay bo‘lsa xam aytishim kerak, safarga dabdurustdan jo‘nashimiz bois, men shunchaki ko‘cha kiyimida yo‘lga chiqqan edim. Bu degani bitta jinsi shim, qora ko‘ylak, oyog‘imda qoraqizg‘ish krossovka. Biz kelgan joy viloyatning eng katta kiyim-kechak bazasi bo‘lib, meni boshlab yurgan kishi shu idoraning rahbari, yonidagilari xizmatchilar ekan.

Xullas, opa mutasaddilariga tayinlaganidek, bosh-oyoq sarpo bilan bazadan chiqib, Abdulla akalar to‘xtagan mehmonxonaga yetib bordik. Abdulla aka meni bu ahvolda ko‘rib: “Tap-tayyor kuyov bola bo‘libsan, faqat kelin topish masalasini hal qilsak bo‘ldi” deb turgan chog‘i boyagi opa kirib keldi. Xijolat bo‘lib turgandim, xijolatpazlikdan Abdulla akaning o‘zi qutqardi. “Opa, bo‘lajak she’riyat kechalarida muxlislar hoynahoy anavi bashang kiyingani Abdulla shoir degani bo‘lsa kerak, deya o‘ylashadi-da”, deya samimiy kuldi. Men opaga rahmat aytdim. U esa, “Ukajon, rahmatga arzimaydi, faqat iltimosim, shoirimizni avaylab- asrab, eson-omon uylariga olib borib qo‘ysangiz bas”, dedi. Ertasiga Xo‘jand davlat pedagogika institutida she’riyat kechasi boshlandi. Unda tojikistonlik Mo‘min Qanoat, Gulruxsor Safiyeva kabi taniqli shoir va adiblar ishtirok etishdi. She’rxonlik boshlangach, qiziq holat yuz berdi.

Abdulla aka mavzu doirasida biroz ma’ruza qilib, so‘ngra bir-ikkita she’r o‘qigach, mahalliy shoirlarga navbat berildi. Ammo zaldagilar nimagadir ularni uncha xushlamay takror va takror Abdulla akadan she’r o‘qishni talab qilishar, ular jo‘r bo‘lib «Abdulla Orif! Abdulla Orif» deya hayqirardi.

Davrani boshqarib borayotgan mas’ul xijolatpazlikdan chiqish maqsadida, Jonibek Quvnoq va menga navbat berdi. Arang, bittadan she’r o‘qidik. Jaydari qilib aytganda: Zal bizni yemadi. Xullas, Xo‘janddagi she’rxonlik uchrashuvlarida bosh sovrin mutlaq Abdulla Oripovda ketdi.

Ertasi kuni Konibodomda she’rxonlik davom etdi. Kechagi uchrashuvlardan tegishli xulosa chiqargan ayrim shoir va adiblar aqlli ish qilib, u yerga bormay qo‘ya qolishdi. Konibodomdagi she’rxonlik kechasida ham kechagi holat takrorlandi. Abdulla aka paytini poylab meni tashqariga imladi. Xoliroq joyga o‘tganimizda Abdulla aka: «Shoir, gap bunday, bir-ikkita shoir alamzada bo‘lib turibdi, ulardan kaltak-paltak yemasimizdan qochib qolganimiz ma’qul», dedi hazil aralash. “Keldingmi, keldik, menimcha, to‘qson foizga rejani bajardik. Sen moshinning kalitini menga qoldirib, asta kirib Jonibekka tayinla, u qofiyasini sal kelishtirib, vaziyatni tushuntirib, “Abdulla akani shoshilinch, Toshkentga chaqirib qolishdi, sizlardan uzr so‘rab, jo‘nab ketdilar, deb aytgin”, dedi.

Shunday ham bo‘ldi. Mashinaga o‘tirib biroz yurgach, Abdulla akaga: “Keldik-keldik, mana, Qo‘qonga nari borsa bir soatlik yo‘l qoldi. Ota-onam ham sizning muxlisingizlar. Birrov boramiz, bir chuqim osh yeb, so‘ng dovon orqali Toshkentta chiqib ketamiz”, dedim. Abdulla aka biroz o‘ylanib turdi-da, “Ma’qul gaping, qaytar mashinani”, dedi. Chegaradan o‘tib Qo‘qonga 10 kilometrcha qolganda Abdulla aka dabdurustdan «Mashinani to‘xtatib, chetga ol» dedi. Mashinadan tushib ikkovimiz sigaret chekib, xumorbosti qildik. Abdulla akani nimagadir o‘y bosib qolgandi. Biroz o‘tgach u: “Bilasanmi shoir, bilganim, dadang ulug‘ shoir Xaziniyning nevarasi. Sening gap-so‘zingdan, uning ham shoirtabiatligini bilaman. Bunday insonlar oldiga alohida tayyorgarlik bilan borgan ma’qul. Xafa bo‘lma, nasib qilsa, albatta, kelamiz. Endi mashinani orqaga qaytarib, Toshkentga hayda”, dedi. Bir hisobga jinday ranjidim, ikkinchi tarafdan, Abdulla akaning ichki dunyosini o‘z shuurimcha anglaganim uchun unchalik xafa bo‘lmadim ham.

Zero, albatta kelamiz, dedi-ku, deya o‘zimga taskin berdim. Bilmadim, o‘shanda biroz o‘jarlik qilibmi, yalinibmi, Abdulla akani Qo‘qonga olib borsam bo‘lar ekan. Armon ichimda qolib ketdi. Dadam bilan Abdulla aka diydorlasholmay, bu dunyodan o‘tib ketishdi.

Bir yarim soat yo‘l bosib Bekobod shahriga kirib keldik. Abdulla aka mashinani rayon partiya komiteti binosiga haydashimni tayinladi. Avval raykom binosida, keyin birinchi kotibning uyida tong sahargacha she’rxonlik bo‘ldi. Ertasiga yo‘lga tushdik. Bo‘kaga kirib borayotganimizda Abdulla aka mashinani o‘ngdagi bir ko‘chaga haydashimni buyurdi. Ko‘cha yuziga tutash qurilgan uylar tugab dala yo‘li boshlandi. Hayronligim oshyapti-ku, ammo indamay dala bo‘ylab ketyapmiz. Nihoyat, azim chinorlarga tutashib ketgan yolg‘iz bir uy oldida to‘xtadik va Abdulla aka bilan orqa-oldin bo‘lib hovliga kirib bordik. Uydagi so‘rida ko‘rinishidan yuz yoshning nari-berisidagi bir onaxon o‘tirgan ekan. Unga juda yaqinlashdik hamki, u bizni anglamadi. Abdulla aka salom bergan edi, u alik oldi-da, “Abdullamisan?” dedi.

Ikkovlari misoli ona-boladay ko‘rishib ketishdi. Birozdan keyin onaxon chorboqqa qarab yoshiga nisbatan baland tovushda kimnidir chaqirdi. 10-12 yoshlardagi bir bola chopib kelib, Labbay, momo! - dedi. Kampir avval mehmonlarga salom ber, deb tanbeh berdi-da, keyin “Tez borib bobongni chaqirib kel” deya tayinladi. Choy qaynagulik vaqt o‘tgach, bir barvasta bo‘yli, yoshi 60 lardan oshgan kishi kirib keldi va salom-alikdan avval «Keldi Abdulla Orif, Sog‘inch tashnamni sug‘orib, Qo‘radan qo‘yni keltir, Men pichoqni bo‘g‘ziga tortib...kabi baxshiyona so‘zlarni aytib, o‘zini Abdulla akaning quchog‘iga otdi. Shu kuni peshinda boshlangan suhbat, ertasi kun ko‘tarilgunga qadar davom etdi. Suhbat Qashqadaryo, qashqadaryoliklar, bolalik xotiralari, bu dunyoni tark etan qancha-qancha insonlarning xayrli ishlari xususida ketdi.

Meni hayratga solgani shu bo‘ldiki, nafaqat salkam bir asrni qarshilayotgan onaxon, balki uning nabira va chevaralari ham Abdulla akaning deyarli barcha she’rlarini yoddan bilardi.

Buning orasida baxshining katta o‘g‘li Toshkentdagi oliy o‘quv yurtiga Abdulla akaning tavsiyasi bilan kirgani, hozirda uyli-joyli bo‘lib, tumandagi katta bir tashkilotda rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgani-yu, uning bir qizi she’rlar mashq qilayotgani ham aytib o‘tildi. Xullas, qaytish mahali kelganda, baxshining o‘rtancha o‘g‘li oq dokaga o‘ralgan qo‘yning yarimta nimtasini mashinaga joylamoqchi bo‘lgan paytda Abdulla aka buni rad qildi. Shunda onaxon: “Hoy Abdullajon, men ham senga onangdayman, axir onang ilingan narsani qaytarasanmi, olib ketmasang xafa bo‘laman, jon bolam”, dedi astoydil kuyinib. Xayrlashib yo‘lga tushdik. Bilsangiz, Bo‘ka tumani markazida katta bozor bor. Abdulla aka o‘tgan-ketganda shu bozorga kirib, ro‘zg‘origa u-bu narsalar sotib olishi haqida bir-ikki gapirgan edi. Sarxil meva-chevalar, tilimi tilni yoradigan qovun-tarvuzlar, qo‘yingki ham arzon va kimyoviy dorilanmagan mahsulotlarni shu bozordan topish mumkin. Eng muhimi, haqiqiy dehqonlar savdo qiladigan bu maskanda tom ma’noda sharqona hayot qaynaydi. Bozorga kirib, rastalar oralab borar ekanmiz, kattayu kichikning nigohi Abdulla akada edi. Birpasda odamlar Abdulla akani o‘rab oldi. Birov dastxat so‘ragan, birov she’r o‘qib berishini iltimos qilgan, shu tariqa jonli she’riy davra boshlanib ketdi. Bozorga kiraverishdagi suratkash ham budkasini yopib, ishni bozor ichiga ko‘chirdi. Xullas, bizga bozor aylanish bir soatdan ko‘proqqa tushdi. Meva-cheva olsak, sotuvchi: “O‘laman sattor, puli kerakmas, olavering shoir aka, bular o‘zimizning dehqonchilikdan”, deya Abdulla aka bergan pulni olmasdi. Abdulla aka harchand pulni olishga undasa ham ular aslo olishni istamasdi. Xullas, bozordan chiqib, olgan narsalarni mashina yukxonasiga solayotgan mahalim, o‘n chog‘li turli yoshdagi odamlar kelib, birovi chelak-pelagi bilan o‘rik, birovi ertapishar shaftoli, yana qaysi biri handalak, hatto sabzi, piyozgacha sola boshladi. Hayhaylaganimizga qaramay narsasini soladi-yu, ko‘zdan yo‘qoladi. “Volga” mashinasining yukxonasini bilsangiz kerak, yarim tonna bo‘lmasayam, harholda ikki, uch yuz kilo yuk eltadi. Shunday qilib, mashinaning orqasi og‘ib, Toshkentga yetib keldik. Abdulla aka meva-cheva, non va boshqa ne’matlardan ozma-oz ajratib oldi va so‘ng menga qarata: “Shoir qolganlarini o‘zing olib ketaver”, dedi. Men esa: “Abdulla aka, men bo‘ydoq bo‘lsam, bitta o‘zim buncha narsani nima qilaman” dedim. U esa xiyol kulimsirab, “Aqlingni ishlat, bir yo‘lini toparsan”, dedi. Narsalarni ko‘tarishib chiqdim va xayrlashib Pushkin ko‘chasidagi Yozuvchilar uyushmasi binosiga keldim. Dam olish kuni bo‘lgani bois uyushma qorovuli Tursunxo‘ja akadan boshqa hech kim yo‘q edi. U kishi bilan meva-cheva va boshqa narsalarni alohida-alohida qilib yashiklarga joyladik.

Tursunxo‘ja akaning qassoblikdan xabari borligi shu yerda asqatdi. Qo‘yning nimta oyog‘ini maydalab 15 ta qog‘oz xaltaga solib, muzlatkichga joylab qo‘ydik. Ertasiga go‘shtga qo‘shib, yashiklarga joylangan meva-chevalarni ham rasamadini qilib, uyushmadagi kutubxonachi, farrosh, qorovul, haydovchi va boshqa texnik xodimlarga tarqatib yubordik. Ular bu hadyalarning manbasini so‘rashganida: “Abdulla akani duo qilib qo‘ysanglar bas”, dedim. O‘sha paytlari go‘sht masalasi biroz og‘irroq bo‘lgani bois, bu kichik hadya xam o‘nlab insonlarga jilla bo‘lsa-da yordam edi. Abdulla akaga bu haqda aytganimda, biron nimadan xursand bo‘lganida “Tuzuk, yaxshi” deydigan qo‘shib: “Shoir, savobning katta-kichigi bo‘lmaydi. Sen ham savobli ishga qo‘shilibsan”, deb qo‘ydi.

Saydolim Haydarovning “Uch chinor soyasida” kitobidan olindi. 

Mavzuga oid