Onkokasallik, ilojsizlik va 6 yildan beri qurilayotgan hospis haqida katta suhbat
O‘zbekistonda 133 mingdan ziyod onkologik bemorlar bor. Ularning 4 mingdan ortig‘i kasallikning oxirgi darajasi bilan kurashmoqda. Zamonaviy dunyoda tuzalmas kasallikka chalinganlar umrining oxirini maxsus kasalxonalarda o‘tkazadi. Bizda esa hozircha buning aksi – chidab bo‘lmas og‘riq va dardni faqat bemor emas, uning yaqinlari ham boshdan o‘tkazadi. Chunki mamlakatning Samarqand va Xorazmidan boshqa hech yerida hospis yo‘q. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilgan holat: saratonga chalingan uysiz keksa bemorning pod’yezdga tashlab ketilishi bu masaladagi vaziyat qanday ekanini tahlil qilishga undadi.
7 mart kuni saratonga chalingan bemor 4 soat davomida shifoxonama-shifoxona sarson qilinib, uni hech kim qabul qilmagani videosi tarqalgandi. Unda tez yordam xodimlari kasallik 4-bosqichda ekanini, ayol baribir o‘lishini, unga yordam berilmasliklarini aytgan.
Kun.uz ayni og‘riqli keysdan kelib chiqib, O‘zbekistonda onkologiya sohasi, bemorlarning vaziyati va hospislar ochilishi nega kechiktirilayotgani haqida suhbat uyushtirdi.
Intervyuda Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Hamroqulov, vazirlikning tez yordam xizmati bo‘yicha bosh mutaxassisi Ilhom Aslanov hamda onkolog shifokorlar Shermuhammad Umirov, Yahyo Ziyayev hamda Rustam Norboyev ishtirok etdi.
– Dastlab hammangizga bir xil savol bilan yuzlanmoqchiman, tibbiyot xodimlarining bu xatti-harakatlari qanchalik to‘g‘ri edi?
Aziz Hamroqulov: Tarmoqlarda shu rolik paydo bo‘lishi bilan vazirlik tomonidan ishchi guruh tuzilib, holatni o‘rganish bo‘yicha xizmat tekshiruvi tashkil qilindi. Unda ularning holatiga baho berildi. Bemor haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirgi kunda u Toshkent shahar onkologiya shifoxonasida muolaja olmoqda.
Shifokor [bilan] qanday holat bo‘lganini bilmayman. Har qanday inson jahli, asabi chiqib turgan vaqtda o‘zini filtr qila olmay qoladi. Shuning uchun men bu holatga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri degan bahoni ham berolmayman. Chunki u qanday holatda bo‘lganini ham bilmayman. Qaysi ma’noda, [shifokorning] qanday muammosi borligini bilmayman. Chunki bilishimcha, shu holatga kelgunicha bemor shunchaki ko‘chada qolib ketmagan, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lgan. Shundan keyin ham Respublika onkologiya markazining Toshkent shahar filialida hozir shu bemor davolanmoqda. Shu sabab men hozir shifokorni aybli yoki aybsiz deyolmayman, chunki xizmatni ko‘rsatishgan.
Ilhom Aslanov: Albatta, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan qismi bo‘yicha munosabat bildirsam, tez tibbiy yordamning o‘sha holatdagi harakatlari noto‘g‘ri. Chunki bu avvalambor odob-axloq, qolaversa, tibbiyotda alohida tibbiyot xodimlari uchun odob-axloq qoidalari mujassamlashgan deontologiya qoidalari bor. Ya’ni bemor, bemorning qarindoshlari, o‘zaro tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi munosabatni aks ettiradigan qoidalar mavjud.
Aytilgan gapning naqadar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida gap ketmayapti, uni haqiqatan ham aytishi kerak yoki aytmasligi kerak edi deyilganda, albatta, aytmasligi kerak edi. Bemorning holati bo‘yicha aniq oydinlik kiritish… U [shifokor video] ijtimoiy tarmoqdagi qayer uchundir yozib olinayotganini bilmagan holatda boshqa xizmat xodimlariga gapirayotgan munosabat sifatida tushuntirish bermoqchi bo‘lgan. O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdi.
Qolaversa, hozir aytib o‘tildi, u qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar u [shifokor] hissiyotlarga berilmasligi kerak edi, ayniqsa, tez tibbiy yordamni biz bilamiz, bir kun davomida 20-30 talab chaqiriqqa xizmat ko‘rsatadi, har bir chaqiriqqa kirib chiqqanidan keyin xohlaymizmi yoki yo‘q, u yerdan musbat yoki manfiy energiyalar mujassamlanib ketadi. Biz u yerdagi holatlarni bartaraf qilish masalasida juda ko‘plab ishlar olib boramiz. Ya’ni har bir chaqiriq o‘zining nomi bilan alohida xonadonga tashrif buyurish, undan olinadigan qandaydir energiya ikkinchisiga o‘tmasligi to‘g‘risida.
Darhaqiqat, o‘sha kuni tez tibbiy yordam xodimi bilgan mana shu bemorimizga 4 marta xizmat ko‘rsatilgani, bir necha marta shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarga eltilgani, lekin o‘zi tomonidan va o‘sha shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadigan muassasa tomonidan bemorda shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lganlik inkor qilingan. Rejali, shoshilinch tibbiyot bor. Tez tibbiy yordam – aynan inson hayoti uchun o‘sha vaqtning o‘zida xavf soladigan holatni bartaraf qilishga va zarurat bo‘lganda yordam ko‘rsatilgandan keyin tegishli muassasalarga yotqizilishiga ixtisoslashgan yo‘nalish.
Mutaxassis sifatida aytolamanki, [shifokorning] xatti-harakatlarida kamchilik yo‘q, lekin aytilgan gaplar o‘sha auditoriyada emas, o‘sha holatda hissiyotlarga berilgani ayniqsa juda noto‘g‘ri bo‘lgan. Shifoxonalarga qabul qilinish bo‘yicha bizning vakolatimizga kirmaydi, SSVning tegishli buyruqlari bor, tez tibbiy yordam xizmati onkologiya muassasasiga bemorni olib borish vakolati yo‘q. Chunki u rejali davolanadigan shifoxona. Toshkent shahrida faqat shoshilinch bo‘limlarimiz bor, mana shu manzilda emas, qayerdan olingani va qanday tashxis bilan olinganiga qarab bemor biror muassasaga yo‘naltiriladi. Bu jarayonda o‘sha olingan bemor manzili 1-Toshkent shahar klinik shifoxonasi bo‘lgan, u yerga eltib topshirilgan. Keyingi holatlar mutasaddilar tomonidan o‘rganilishi kerak.
Shermuhammad Umirov: Bu videorolikni biz bir necha marotaba qayta-qayta ko‘rdik, tez tibbiy yordam xodimlari hamda mahalla uchastka nozirlari bilan ozroq deontologiya [qoidalari] buzilganini ham ko‘ryapmiz. Lekin bu yerda tushunmovchilik bo‘lyapti-da, ham video qisqa, bu yerda kasal qayerdan olingan, qayerga olib borilgan – bu haqda videorolikda ma’lumot yo‘q. Endi bu yerda yana tez tibbiy yordam xizmatida ishlagan o‘sha shifokor bilan uchastka nozirlarining tortishuvi, “bemorni davolash yoki olib borish sening vazifang” deb bir-biriga vazifasini aytib qolgan. Aslida mening fikrimcha, o‘sha bemor qaysi lokatsiyadan chaqirilgan bo‘lsa, o‘shani olib borib, manzili bo‘yicha 1-shifoxonami, o‘shanga olib borib, shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatishi kerak edi.
To‘g‘risini aytish kerak, bu yerda ko‘pincha onkologik bemorlarni qabul qilish masalasi turibdi. Ko‘plar onkologik kasallikka chalinganlarga yordam ko‘rsatishni, onkologiyaga yuborishni xohlaydi. Shuning uchun bu yerda qabul qilmagandir, balki og‘riq qoldiruvchi dorilarini berib, “yana uyiga olib borib tashlanglar” deyilgan bo‘lishi mumkin. 2-martada boshqa tez tibbiy yordam kelgan bo‘lsa, o‘shaning manzilini bilishmagandir, shuning manzilini bilmasa, bemordan qaysi mahalla, qaysi tuman ekanini so‘rab, borish kerak edi. Mahallada mahallaning mas’ullari bor, o‘sha yerda nozirlari bor, ism-familiyasini aytsa, qaysi uyda, qaysi xonadonda ekanini aytib beradi.
Bu yerda kelishish kerak edi. Mana shu mahalla yettiligi deydi, mahalla yettiligida o‘tirgan mas’ullar bilan tibbiyot xodimlari kelishganida bunchalik tarmoqda muammo bo‘lib, butun hammada muhokamaga ketib qolmas edi. Shuni aniq uchastka noziri bilan gaplashib, manziliga olib borish kerak edi. Onkolog sifatida aytaman, ko‘pincha bemorlarimiz og‘ir bosqichda hamma davolanishlarni olib bo‘lgan, uyiga yuborilgan bo‘lsa ham uyida davolanishda davom etishi kerak. Bu yerda tibbiyot va mahalla xodimlari kelishib, bemorni manziliga olib borishganida yaxshi bo‘lar edi.
Yahyo Ziyayev: Bu yerda shifokorimiz, bizning hamkasbimiz deontologiya qoidalarini buzmagan. “Bu o‘ladi nima bo‘lishidan qat’i nazar 4-bosqich” deb turib bemorning o‘ziga aytmagan, bu yerda bemorning tashqarisidagi munosabat bo‘lgani uchun xodim, albatta, hissiyotlarga berilgan. Hissiyotlarga berilganini ham, to‘g‘risi, shifokor sifatida men tushunaman. 4 soat bemor bilan u yerdan bu yerga aylanib yurishi, bu birinchi kun bo‘lmagan, bundan oldin ham 7 marta bu bemorga tez tibbiy yordam chaqirtirilgan.
Tez tibbiy yordam xizmatini ko‘rsatishning ko‘lami bor, u yerda shoshilinch vaziyat bo‘lmagan. Ya’ni agar bu yerdagi davoning hammasi rejali bo‘lishi kerak va o‘sha onkologiya ham rejali davo turlariga kiradi. Aytaylik, oshqozondan saraton bo‘lgan odamdan qon ketib qoladigan bo‘lsa, uni onkologiya markazi yoki uning filialiga tunda ish vaqtidan tashqarida olib borilsa, unga yordam berishga hech qanday vaziyat, imkoniyat yo‘q. Unda jarrohlar, operatsion-hamshiralar, reanimatsion brigada – butun tez yordam brigadasini tashkillashtirish kerak. Buni onkologiya markazida tashkillashtirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Buning uchun tez tibbiy yordam va shoshilinch xizmatlar bor.
Masalaning ikkinchi tomonidan olsak, bu bemorimizda saratonning 4-bosqichi, so‘nggi bosqich va bu yerda shoshilinch holat yo‘q, ya’ni o‘tkir qon ketmayapti yoki qanaqadir oyog‘i sinmagan, tos suyagi majaqlanib ketmagan – bunga shoshilinch yordam bermasa, bu bemor hayotdan o‘tadi degan narsa yo‘q. Agar bunday bemorlarni tez tibbiy yordam ko‘rsatadigan muassasalarga yotqizadigan bo‘lsak, Xudo ko‘rsatmasin, men avariyaga uchrasam, mening yaqinimda infarkt bo‘ladigan bo‘lsa, aynan shu bemor shu yerda yotgani tufayli men vaqtida tibbiy xizmat ololmasligim mumkin. Joylar to‘lib qoladi, o‘sha tibbiy xizmatni olmaganim tufayli men o‘sha kunning o‘zida o‘lib qolishim mumkin. Aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqib, rejali ravishda davolanadigan bemorlar rejali muassasalarga joylashtirilishi kerak.
Men bemorni shahar filialida ham ko‘rdim, undan keyin tez tibbiy yordamdagi mutaxassislar bilan gaplashganimda ham shu narsa aytildiki, u bemorning o‘zi “yo‘q, menga hech narsa kerak emas, meni shu manzilga olib borib qo‘ying” deganda ular ham taksi sifatida o‘sha yerga qaytarib olib borishgan. Video ham aynan o‘sha yerda qoldirib ketilgan vaqtda olingan.
Har bir inson o‘zining hayotini, kasalligi, tashxisi va hayot prognozi haqida barcha ma’lumotga ega bo‘lishi shart, bu – uning konstitutsion huquqi. Lekin bunday yo‘sinda emas. Yomon ma’lumotni yetkazishning yo‘llari bor.
Rustam Norboyev: Bu yerda [voqea ishtirokchilarining hammasi] jabrdiydalar. Bemor aniq jabrlangan va shifokor ham. Chunki 30 ta chaqiriqqa chiqqanidan keyin 31-chaqiriq frustratsiyaga olib keladi, kamida uning 10 tasi 37,5 daraja isitmasi sabab chaqiriladi, buni yaxshi bilaman, hamkasblar ham aytishadi, bu noto‘g‘ri. Ikkinchidan, shu shifokorning qayerga olib borishni bilmasligi. Hozir bunday aylanib, bitta konsensusga kelyapmiz: hospis yo‘qligi. Ya’ni bunday bemorlar hospislarga yuborilishi kerak.
Juda to‘g‘ri aytildi, oddiy shifokorga borilgandan keyin [bemor] joyni egallaydi, bundan tashqari, u bemor kerakli, to‘g‘ri munosabatni u shifoxonadan ololmaydi. Chunki oddiy shifokorlar hospisdagi shifokorlardan farqlanadi: gapirishida, o‘zini tutishida, davolashida. Bunday bemorlar uyi bo‘lsa, uyida bo‘lmasa, hospisda davolanishi kerak. Afsuski, muammo hospisning bitkazib berilmaganida. Hospis bo‘lganida hozir shuncha yig‘ilishimiz, hozirgi holatimiz bo‘lmas edi, chunki tez tibbiy yordamdagi odam hospisga olib borilardi. Shu bilan muammo yo‘q bo‘lar edi.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Suhbat davomida prezidentning 2017 yildagi 2866-sonli, Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi 892-sonli qarorlari asosida Toshkent shahrida ochilishi kerak bo‘lgan hospis masalasi muhokama qilingan. Qolaversa, sohadagi yana bir qancha muammoli nuqtalar haqida ham gapirib o‘tilgan.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid

15:10 / 13.12.2024
Onkologik kasalliklar davosi haqida reklama joylashtirgan MChJ jarimaga tortildi

18:52 / 27.11.2024
Prezident ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilishga doir davlat dasturini ma’qulladi

15:57 / 25.11.2024
Onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi

11:13 / 06.04.2024