“Marva Hayat” MChJ “HALILA” biologik faol qo‘shimchasi reklamasida xato ma’lumot tarqatgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi. Qo‘mitaga ko‘ra, “Marva Hayat” MChJ joylashtirgan reklamada “HALILA” BFQ onkologik kasalliklarni davolashi, odamlar mahsulotni 15 yildan beri iste’mol qilayotgani va undan 5 mingdan ortiq kishi davo topgani ko‘rsatilgan.
Qo‘mita so‘roviga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bergan xulosaga ko‘ra, “HALILA” BFQning qo‘llash yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar reklamalarda qayd etilgan xususiyatlari bilan mos emas.
Qo‘mita “Marva Hayat” MChJga nisbatan qonun talablari buzilishi yuzasidan BHMning 70 barobari (26 million 250 ming so‘m) miqdorida moliyaviy jarima qo‘llagan. MChJga yetkazilgan zarar — 52 mln 500 ming so‘mni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilishi yuzasidan ko‘rsatma berilgan.