“O‘zbekiston uchun mintaqalararo xospis 2019 yili qurib bitkazilishi kerak edi - 5 yilga kechikyapti! To‘g‘risi, bu mamlakatda o‘zimning kompetensiyamdagi biror narsani yahshi tomonga o‘zgartirish mumkinligi bo‘yicha xafsalam pir bo‘lib bormoqda. E bor-eee, menga kerakmi shu degan fikrga yetib kelmoqdaman”, deb yozadi Yahyo Ziyayev.
Uning qayd etishicha, 2023 yil noyabr oyidagi Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahar xokimligi 2024 yil aprelga ishlarni bitirishga va’da bergan.
“Mana, aprel keldi. Qani va’daga vafo? Bir hafta oldin borgandik Rustam bilan (onkolog shifokor Rustam Norboyev). Xech narsa boshlanmagan edi. Keyingi xafta dushanba kuni boshlanadi deb aytishdi. Xay, mayli, kechikib qilib berishsa ham yutug‘imizku deb negativga olmadim”, deb yozadi shifokor.
Shifokorning ma’lumot berishicha, qurilishi kechikayotgan hospis navbatdagi qanaqadir bino emas, u O‘zbekistondagi barcha xospislar uchun metodologik markaz bo‘lishi kerak.
Bu degani butun O‘zbekistondagi xayotini oxirgi damlarini o‘tkazayotgan insonlarga qulaylik yaratish, azob uqubatlariga malham berishning algoritm va mexanizmlari ishlab chiqilib, amalga tatbiq qilinadi.
“Butunjahon xospis va palliativ yordam assotsiatsiyasi boshlig‘i Stiven Konnor O‘zbekistonga may oyida kelishi rejalashtirilgan. U bilan xamkorlikda O‘zbekistonda palliativ va xospis yordamini rivojlantirishga qaror qabul qilganmiz. Muzokaralarni noyabr oyidan olib borganman. Baraka topkur, yo‘q infrastrukturaga nimani rivojlantiramiz?
Gap ham qolmadi, shunchaki g‘azab va nafrat! Qaror qabul qiluvchilar – og‘riq va azobda o‘lish qanchalik qiyinligini tasavvur qilasizmi? Bunday xolatda xech qanday yordam qila olmaslik, umidsizlik nimaligini tushunasizmi?” deb yozadi Yahyo Ziyayev.
Ma’lumot uchun: 2017 yilda qabul qilingan aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirishga oid prezident qarorida viloyat onkologiya muassasalari tuzilmasida palliativ yordam berish bo‘yicha bo‘limlar, shuningdek, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Urganch shaharlarida to‘rtta mintaqalararo xospislar tashkil etilishi qayd etilgan.
Gazeta.uz nashrining yozishicha, dastlab 2019 yilda Toshkent shahrida kattalar uchun hospis ochilishi rejalashtirilgan edi. Fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish qo‘mitasi qaroridan ma’lum bo‘lishicha, qurilish 35 milliard so‘mga baholangan. Loyiha qiymati Toshkent hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi, bosh loyihachi «Lokomotiv Project» MChJ va pudratchi «Comfort Engineering Group» MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan.
Kechikishlar bilan hospis qurilish ishlarini 2024 yilning birinchi choragida tugatishga va’da berilgan. Lekin bu muddat ham o‘tib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, 2024 yilning oxirigacha Toshkent, Nukus shaharlari va O‘zbekistonning barcha viloyat markazlarida talabdan kelib chiqib, og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi kamida bitta hospis tashkil etilishi belgilangan.