Shavkat Mirziyoyev ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilishga doir davlat dasturini ma’qulladi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, dastur milliy va xalqaro ekspertlar jamoasi tomonidan bir yilga yaqin vaqt davomidagi muhokamalardan so‘ng qabul qilingan.
Ushbu hujjatga xalqaro klinik amaliyotlar asos qilib olingan. 30 yoshdan boshlab ayollar har 10 yilda inson papillomasi virusiga test topshirishi, 45 yoshdan 65 yoshgacha esa har ikki yilda mammografiyadan o‘tishi kerak bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, har bir ayol elektron ro‘yxatga kiritiladi va har qanday xavfli o‘zgarishlar aniqlanganda tizimda «yo‘qolib qolmaydi».
«Dastur aniq harakatlar va davolash protokollarini o‘z ichiga olgan. Albatta, bu juda katta qadam va ushbu o‘zgarishlar jarayoni shaxsan o‘z nazoratim ostida bo‘ladi», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
Avvalroq “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30–65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi.