Trampning Grenlandiya, Kanada va Panama kanaliga da’volari shundog‘am oyoqosti bo‘lib ketgan xalqaro huquqqa yana bir zarba bo‘lishi mumkin. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar o‘zini xalqaro huquq himoyachisi deb ko‘rsatib kelgan AQSh va tajovuzkor Rossiyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi harakatlarini tahlil qildi.
Shuhrat Rasul: Trampning da’volari – shak-shubhasiz imperializm. Tramp o‘zining fikrlari bilan dunyoni 19-asrning boshlariga, Napoleon urushlari davriga olib kelib qo‘yyapti. Bu – mas’uliyatsizlik. Bu – sharmandalik.
Qo‘shma Shtatlar shu paytgacha to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, har holda o‘zini xalqaro huquq himoyachisi sifatida ko‘rsatar edi. 1945 yildan to Tramp davrigacha Amerikaga hamma “xalqaro huquq himoyachisi” deb qarardi. Zo‘ravonlardan mazlumlarni, kichkina davlatlarni, kichkina millatlarni himoya qilib kelar edi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomiga, tartibga chaqirib turadigan bir davlat edi.
Endi uning prezidenti bo‘lgan janob Tramp aytyaptiki, hamma narsaga tupurdik, biz falon joylarni o‘zimizniki qilib olamiz, deyapti. Agar bu ishlar amalga oshadigan bo‘lsa, dunyo xalqaro huquqsizlik davriga, Napoleon Bonapart davriga, XIX asrga qaytgan bo‘ladi.
Hozir Amerikada nafaqat demokratlar, balki Amerikadagi hur fikrlilar o‘rtasida ham Tramp sha’niga har xil gaplar yog‘ilyapti. Juda obro‘li odamlar uni matbuotda eng kamida ahmoq deyapti.
Kamoliddin Rabbimov: Bu safargi saylovlarda Tramp nafaqat prezident bo‘ldi, balki kongress ham, senat ham respublikachilar qo‘liga o‘tdi. Undan tashqari, AQShdagi eng qudratli davlat organi Oliy sudda ham konservator sudyalar soni ko‘proq. Bunaqasi Amerika tarixida kamdan kam sodir bo‘ladi.
Grenlandiya masalasida. U yerda bor-yo‘g‘i 50 ming odam yashaydi. Agar Tramp rejasini amalga oshirmoqchi bo‘lsa, orol Daniyadan o‘zini mustaqil deb e’lon qilishi, 50 ming kishi referendum o‘tkazib, “biz mustaqilmiz”, deb aytish kerak. So‘ngra yana bir marta referendum o‘tkazib, “biz Amerikaga qo‘shilamiz”, deb aytishi kerak. Buning ro‘y berishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi.
Farhod Karimov: Grenlandiyani hozirgi holatda AQSh o‘ziga qo‘shib olishi juda qiyin. Chunki AQSh va Daniya – NATO shartnomasining eng birlamchi imzolovchilaridan sanaladi.
Bunday holatda Daniya tarkibida bo‘lib turgan Grenlandiyani davlat qilib qo‘shib olishi NATOning ustaviga to‘g‘ri kelmaydi va bu yerda ikkita taraf bir-birini himoya qilishi kerak. Bir-birining hududiy daxlsizligiga tahdid bo‘ladigan, NATO kuchga kiradigan paytda kim qaysi tarafda bo‘lib qoladi degan masala bor. Shuning uchun hozirgi holatda Trampning bayonoti – shunchaki ritorika.
Bu amaliyotni, ming afsuski, ba’zi davlatlar qilyapti, misol uchun, Donetsk va Luhanskda ham referendum asosida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilib, Rossiyaga qo‘shildi. Bu – pretsedent bo‘lib bo‘ldi.
AQSh endi aytyaptiki, bugun xalqaro munosabatlarda liberalizm emas, realizm kelib bo‘ldi. Hamma o‘zining hududini kengaytiryapti. Misol uchun, Turkiya ham Suriya hisobiga ancha-muncha ta’sir doirasini kengaytirdi. Rossiya va Ukraina, misol uchun, oldin Qrim olingan edi, undan oldin esa Gruziyaning Osetiyasi olib qo‘yilgandi va hokazo.
Oxirgi 20 yil ichida xalqaro munosabatlardagi liberalizm, xalqaro normalari buzildi va Tramp bunga real qarayapti. Shuning uchun ham faqat Grenlandiya emas, Kanada, Panama kanali masalasi ko‘tarilyapti. Agar shu xalqaro munosabatlarda realizm masalasi yengib chiqa olsa, bu xalqaro munosabatlar tartiboti qayta ko‘rib chiqilishi kerak, degani.
— Trampning Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish istagi va Rossiya referendumlari orasida qanday farq bor?
Kamoliddin Rabbimov: Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning da’volariga shama qildi, ya’ni “mana, biz Donetsk va Luhanskda qilgan ishimizni endi Amerika Qo‘shma Shtatlari qilmoqchi, lekin meynstrim OAV bunga e’tibor qaratishni istamayapti”, dedi. Rossiyaning Qrim, Donetsk va Luhanskdagi referendumlarini hattoki Moskvaning ittifoqchilari ham qabul qilmagan. Sababi – Rossiya avval hududni ajratib olyapti, u yerda fuqarolik urushini boshlayapti va saylovda tomonlarga teng erkin imkoniyat berilmayapti.
Bektosh Berdiyev: Grenlandiyaga o‘xshash masala bilan Qo‘shma Shtatlar tarixda ham to‘qnashgan va bunday tajriba bor, masalan, Luiziana shtatini Fransiyadan sotib olishi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun Grenlandiyaning o‘ziga xos ahamiyati bor, chunki bu hudud katta tabiiy zaxiralarga ega, shunga qaramay, hali geologik razvedka o‘tkazilmagan. Bugungi kunda Grenlandiyadagi asosiy uran, neft va tabiiy gaz hamda foydali qazilmalar Xitoyga yetkazib berilishi qayd etilgan. Bu holatda Xitoy omilini hisobga olish bekorga emas. Xitoy Grenlandiyadagi o‘sha tabiiy xomashyolarni qazib olishni boshlashi bilan, Trampning ishtahasi ochilib qoldi.
Shuningdek, Donald Trampning yana bir qarori Panama kanali bilan bog‘liq. U “kanalni biz uni ochdik, ta’mirladik, lekin hozir Xitoy foydalanyapti”, deb aytgan. Aslida, kanaldan o‘tayotgan yuklarning 70 foizi hali ham AQShga tegishli, Xitoyning yuklari faqat 10-20 foiz atrofida.