Toshkent shahar IIBB YHXB Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 13 yanvar kuni BYD transport vositasi haydovchisi Yo‘l-harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida ikki piyoda jarohat olgani tasvirlangan video tarqaldi. Poytaxt IIBB YHXBning ma’lum qilishicha, videoda tasvirlangan holat 7 yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, soat 16:45 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik ko‘chasi 53-uy qarshisida haydovchi 25 yoshli T.L. BYD rusumli transport vositasini boshqarib kelayotib, oraliq masofani saqlamagani oqibatida tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida o‘zidan oldinda piyodalarga yo‘l berish maqsadida to‘xtagan Nissan bilan to‘qnashgan. O‘z navbatida 59 yoshli Z.E. boshqaruvida bo‘lgan Nissan to‘qnashuv zarbidan so‘ng yo‘lning qarama-qarshi qismiga o‘tib ketib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 22 yoshli A.O‘. hamda 33 yoshli A.Z.ni urib yuborgan.
YTH oqibatida piyodalarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.