O‘zbekiston | 14:12 / 18.02.2025
331
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 13 mingdan ortiq xorijlik talaba tahsil olayotgani aytildi

Bosh prokuratura 140 ta oliygohda 57 ta xorijiy davlatdan kelgan 13,2 ming nafar talaba tahsil olayotganini ma’lum qildi.

Foto: Bosh prokuratura

Davlat rahbari tomonidan joriy yilning 16 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqqa muvofiq bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri rahbarligida oliy ta’lim sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Oliy ta’lim tizimida so‘nggi 5 yilda 125 mln AQSh dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 65 ta xususiy oliygohlar tashkil etilgan. Bugungi kunga kelib 1,5 mln nafar fuqaroga oliy ma’lumotli bo‘lish imkoniyati yaratilgan, oliy ta’limga qamrov darajasi 2,1 barobarga o‘sgan. Mamlakatdagi 140 ta oliygohda 57 ta xorijiy davlatdan kelgan 13,2 ming nafar talaba ham tahsil olmoqda. So‘nggi 5 yilda bu ko‘rsatkich 3 barobarga oshgan.

Xususan, 2024 yilning yanvar-may oylarida jami 7,4 ming nafar chet el fuqarolari o‘qish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 2,9 ming nafarga yoki 65,2 foizga oshgan.

O‘tkazilgan tadbirda bu boradagi ko‘rsatkichlar mavjud imkoniyatlarni to‘liq namoyon etmayotgani, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni jadallashtirish zarurligi, bunda tizimdagi yirik oliygohlarning har biri 20-30 mln AQSh dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirishi va 10 mln AQSh dollar miqdorda eksportni amalga oshirish choralarini ko‘rishi lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha oliy ta’lim sohasida investitsiya va eksportni rivojlantirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Mavzuga oid