O‘zbekiston | 08:52 / 01.03.2025
3193
2 daqiqa o‘qiladi

Diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmaydi

“O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Konsepsiyaga ko‘ra, dinning davlatdan ajratilganligi prinsipi diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmasligi, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini yuklamasligi, diniy tashkilotlarning davlat funksiyalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid qoidalarni nazarda tutadi

Ushbu prinsip diniy qarashlardan qat’i nazar, konstitutsiyaviy huquqiy tizim (huquq normalari va ularni qo‘llash), demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, insonparvarlik, ijtimoiy adolat va birdamlik, inson huquqlari g‘oyalariga tayanadi. 

O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat, jumladan:

  • jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, fuqarolarning erkinligini va qonun oldida tengligini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
  • ko‘p millatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi va birdamligini, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
  • fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
  • fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • davlat o‘zining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishida konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
  • jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Mavzuga oid