Sport | 11:47 / 16.02.2025
20073
27 daqiqa o‘qiladi

«Siti»da yirik g‘alaba, «Real» o‘yinida mojaro. Kun o‘yinlari

«Arsenal»da yangi «hujumchi» gollar urdi va chempionlik intrigasi jonlandi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: Ederson+Marmush

«Lester» — «Arsenal» 0:2
Gollar:
Merino (81, 87).
«Lester» – Hermansen, Kristiansen, Okoli, Fas, Jastin (Kulibali, 43), Sumare, Ndidi (Daka, 85), Ayyu (Mavididi, 75), Al Hannus, Dekordova-Rid (Buonanotte, 85), Vardi.
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 76), Timber, Rays, Parti (Jorjinio, 76), Edegor, Sterling (Merino, 69), Nvaneri, Trossar (Tirni, 89).
Ogohlantirishlar: Al Hannus (46), Ayyu (57), Jorjinio (86).

Martinelli ortidan Havers ham jarohat olgach, Mikel Artetada hujum uchun variantlar qolmadi. Kutilganidek Lesterda «Arsenal»ning oldingi chizig‘ida formasini allaqachon yo‘qotib bo‘lgan faxriy futbolchi Rahim Sterling, o‘smir Itan Nvaneri va yoshi o‘ttizga qarab ketayotgan Leandro Trossar forvardlar uchligini hosil qildi. Ammo ular birinchi bo‘lim davomida vaziyatlardan foydalana olishmadi. Bo‘lim oxirida hisob ochilishi mumkin edi, Nvaneri yaratib bergan navbatdagi vaziyatdan keyin Trossar kuchli zarba yo‘lladi, ammo darvozabon barmoqlarining uchi bilan yaqin burchakka kirayotgan to‘pni ustunga yo‘naltirishga ulgurdi.

«Arsenal» hafta o‘rtasida «Liverpul» «Everton»ga qarshi qoldirilgan uchrashuvdagi ochko yo‘qotishidan (2:2) foydalana olmaydigandek ko‘rinayotgandi. Ammo Arteta «yengi orasidan» Mikel Merino qiyofasidagi so‘nggi kuzirini chiqardi. Yevropa chempioni, «Real Sosedad»dagi bosh murabbiyi Imanol Alguasil Ispaniya chempionatidagi eng yaxshi markaziy yarimhimoyachi deb atagan futbolchi hujum markaziga tashlandi. Va bu ish berdi! U avvaliga Nvanerining uzatmasidan keyin bosh bilan hisobni ochdi, keyin esa zaxiradan tushirilgan yana bir futbolchi Kalafiori boshlagan tezkor qarshi hujum davomida Trossarning krossidan keyin darvozabonni yana bir bor dog‘da qoldirdi.

Final hushtagi chalinganidan keyin Merino faoliyatida ilk bor hujumchi bo‘lib o‘ynaganini tan oldi. Ammo u vaziyatlaridan foydalana oldi. Yevro-2024 chorakfinalida ham u overtaym yakunlanishi arafasida Germaniya darvozasiga aynan Merino gol urgandi. Uning shanba kungi benefisi tufayli kamida yakshanba kungi o‘yinlar oxiriga qadar birinchi va ikkinchi o‘rinlar orasidagi farq to‘rttagacha qisqardi. Chempionlik intrigasi jonlanmoqda.

«Manchester Siti» — «Nyukasl» 4:0
Gollar:
Marmush (19, 24, 33), Makeyti (84). 
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol (O'Rayli, 87), Stounz, Husanov, Lyuis, Gundo‘g‘an (Kovachich, 87), Niko Gonsales, Marmush (Doku, 76), Foden (Makati, 76), Savio, Holand (Nunesh, 88).
«Nyukasl» – Dubravka,Holl, Bern, Sher, Trippiyer (Livramento, 46), Uillok (Mayli, 46), Tonali, Bruno Gimaraes (Longstaff, 72), Gordon (Uilson, 73), Merfi, Isak (Kraft, 90).
Ogohlantirish: Gimaraes (50).

«Siti» YeChL o‘tish o‘yinida «Real»dan uchralgan og‘riqli mag‘lubiyatdan keyin «Nyukasl» bilan uchrashdi. Va barcha alamini ichki chempionatdagi kuchli to‘rtlik uchun asosiy raqobatchisidan oldi.

O‘yin taqdiri amalda 33-daqiqadayoq hal bo‘ldi. Barchasi darvozabon Edersonning navbatdagi assisti bilan boshlandi. Braziliyalik posbon joriy mavsumning o‘zida uchinchi bor golga hammualliflik qildi. U bu vaziyatda markaziy himoyachilardan ham oldinroqqa chiqib harakatlanishiga yo‘l qo‘yilgandi. Umuman, bu Edersonning Angliya chempionatidagi oltinchi assistiga aylandi – u bu ko‘rsatkich borasida APLdagi darvozabonlar orasida tengsiz. 

Uning uzatmasidan keyin Omar Marmush to‘pni oldinroqqa chiqib ketgan Martin Dubravkaning ustidan oshirib tashladi. «Manchester Siti»ning qishdagi transferlaridan biri bo‘lgan misrlik hujumchi uchun bu APLdagi debyut gol bo‘ldi, ammo o‘yindagi oxirgisi bo‘lib qolmadi. Besh daqiqa o‘tib Marmush Ilkay Gundo‘g‘anning pasidan keyin yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Yana to‘qqiz daqiqadan keyin qulay pozitsiyadan yana bir golini nishonladi. 14 daqiqa ichida faoliyatidagi ilk het-trik! U o‘zi uchun to‘langan 75 million yevroni oqlashni boshladi.

«Nyukasl» futbolchilari esa birinchi bo‘lim davomida darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘llamadi, biror marta raqib himoyachilarini aldab o‘tolmadi. Bunda shu kuni ilk daqiqalardan harakat qilgan va o‘yin oxirigacha o‘ynagan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning ham hissasi bor, u amalda xatoga yo‘l qo‘ymadi. Eddi Hau tanaffusda birato‘la ikki futbolchini almashtirdi – qanotda Marmushga batamom yutqazgan Kiran Trippiyer ham o‘yindan olindi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar ancha sokinlashdi, ammo mehmonlarning kambegidan ham darak bo‘lmadi. 

84-daqiqada esa zaxiradan tushgan 22 yoshli Jyeyms Makeyti shu kuni jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushgan Erling Holand tashlab bergan to‘pni yaqin masofadan darvoza to‘riga yo‘llab, yakuniy hisobni o‘rnatdi (4:0). Biroz o‘tib norvegiyalik hujumchi gazonga yiqildi va uni almashtirishga to‘g‘ri kelgani jamoa muxlislarining kayfiyatini tushirdi. Ammo u maydonni o‘z oyog‘ida tark etgani jarohati jiddiy emasligidan dalolat. Qolaversa, u yo‘qligida Gvardiola Marmushga suyanishi ham mumkin.

Bu yirik g‘alaba «Siti»ga kuchli to‘rtlikka qaytishga imkon berdi — mavsum davomida Pep Gvardiola shogirdlari yettinchi o‘ringacha tushib ketishgandi, ammo qishki transferlardan keyin jamoa o‘ziga kela boshladi va natijalar ham barqarorlashdi. Keyingi turda «shaharliklar» turnir jadvali peshqadami «Liverpul»ni «Etihad»da qabul qiladi. Bu o‘yindan oldinroq esa Ispaniyada «Real»ga qarshi javob uchrashuvi o‘tkaziladi.

Ispaniya: Bellinghem «Real»ni qiyin ahvolda qoldirdi

«Osasuna» — «Real» 1:1
Gollar:
Budimir (58, penalti) — Mbappe (15).
«Osasuna» – Errera, Xuan Krus (Bretones, 59), Errando, Katena, Areso (Penya, 59), Oros, Torro, Monkayola (Munos, 79), Saragosa (Moyses Gomes, 79), Ruben Garsiya, Budimir (Raul Garsiya, 87).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Asensio, Chuameni, Valverde, Bellinghem, Kamavinga, Modrich, Dias (Rodrigo, 69), Vinisius, Mbappe.
Ogohlantirishlar: Areso (48), Xuan Krus (52), Kamavinga (57), Oros (73).
Chetlatish: Bellinghem (39).

«Real» o‘yinni juda kuchli boshladi va Vinisiusning sa’y-harakatlari bilan penaltidan tezkor gol urishi ham mumkin edi. Avvaliga Katena podkat bilan braziliyalikdan to‘pni olib qo‘ydi, ammo to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Keyin esa jarima maydoniga kirishda Monkayola uni yiqitdi. Ikki holatda ham arbitr Montero «Osasuna»ni jazolamaslikka qaror qildi.

Shundan keyin madridliklar baribir o‘yindan o‘z golini urdi. Avvaliga Vinisiusning uzatmasidan keyin Mbappe uch metr masofadan yo‘llagan zarba biroz xato ketdi. Keyin Kilian yana ikki bor darvozasiga xavf soldi. Avvaliga Serxio Errera o‘tkir burchakka yo‘llangan zarbani bartaraf etdi, 15-daqiqada esa ojiz qoldi: Valverde tezlik bilan oldinga yurdi va to‘pni jarima maydoniga oshirdi, fransuz hujumchisi esa barchadan ildamroq harakat qilib, bir teginishda to‘pni to‘rga joyladi. Mehmonlar katta ustunligini golga aylantira oldi.

Lekin hakamlar madridliklar zarariga qaror chiqarishda davom etishdi. 39-daqiqada «Real» futbolchilarining sabr kosasi to‘ldi: arbitr himoyachi Alexandro Katena jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganini e’tiborsiz qoldirdi. Vinisius hakam bilan ko‘p vaqt davomida bahslashdi, doimo o‘zini xotirjam tutadigan Karlo Anchelotti ham hissiyotga berilgani uchun ogohlantirildi. Bellinghem esa to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Italiyalik murabbiy o‘yindan keyingi matbuot anjumanida aytishicha, arbitr «fuck you» va «fuck off» iboralarini chalkashtirib yuborib, futbolchi so‘kindi deb o‘ylagani uchun uni maydondan chetlatgan.

Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar son jihatdan ustunlikdan foydalanib ketishdi — birinchi bo‘limda ham muqarrar vaziyatda goldan qutqargan Kurtua Budimirning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini to‘sdi. Ammo zarbadan keyin Kamavinga uning oyog‘ini bosib olgandi.

«Osasuna»ning xorvatiyalik to‘purari 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etib, chempionatdagi 13-golini urdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa Mbappe g‘alabani ilib ketish imkoniyatidan foydalan olmadi va «Atletiko»ga birinchi o‘ringa ko‘tarilib olishga imkoniyat qoldirdi.

«Osasuna» bilan durang — «Real» chempionatda qatorasiga uch o‘yinda ochko yo‘qotishi bo‘ldi. Bungacha Anchelotti shogirdlari «Espanyol»ga yutqazgan (0:1) va «Atletiko» bilan durang o‘ynagandi (1:1). Endi «Barselona» bilan oradagi farq uch ochkogacha qisqargan, keyingi turda blankos «Jirona» bilan o‘ynaydi.

«Atletiko» — «Selta» 1:1
Gollar:
Syorlot (82) — Aspas (69, penalti).
«Atletiko» – Oblak, Galan (Reynildu, 59), Le Norman, Ximenes, Lorente, Lino (Koke, 10), Barrios, De Paul (Korrea, 78), Simeone (Gallaher, 78), Alvares, Grizmann (Syorlot, 78).
«Selta» – Guaita, Dominges (Mingesa, 37), Starfelt, Xavi Rodriges (Iglesias, 46), Alonso, Sotelo, Beltran (Losada, 46), Karreyra, Svedberg (Moriba, 72), Fer Lopes (Aspas, 62), Duran.
Ogohlantirishlar: Dominges (31), Duran (47), De Paul (65), Ximenes (67), Le Norman (67), Alonso (72), Losada (80), Iglesias (90+3).
Chetlatish: Barrios (7).

Ammo Madridning ikkinchi jamoasi ham hamshaharlaridan qolishmadi — Pablo Barrios maydondan chetlatilgach, «matraschilar» 7-daqiqadayoq kamchilik bo‘lib qolishdi!

Qolaversa, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida jarima maydonida yo‘q joydan penalti belgilandi. Aspas zarbani benuqson ijro etdi va sensatsiya yaqinlasha boshladi. Ammo «Atletiko» yana xarakter namoyish etdi. Jamoa bu mavsumda hisobda ortda borgan o‘yinlarida boshqalarga qaraganda eng ko‘p ochko jamg‘argan.

Diyego Simeone jamoasi o‘yinning oxirgi qismini kuchli o‘tkazadi, chunki uning ixtiyorida Yevropaning eng kuchli jokeri bor. Shanba kuni ham zaxiradan tushirilgan Serlot Ximenesning uzatmasini o‘ziga bo‘ysundirdi va himoyachilarni ortda qoldirib, burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Bu norvegiyalik hujumchining chempionatda zaxiradan tushib urgan oltinchi goli bo‘ldi. Jamoa xarakteri uchun olqishlarga sazovor, ammo birinchi o‘ringa qaytish imkoniyatidan foydalanilmadi. Kataloniya poytaxtidagilar esa bayramni boshlab yuborishdi — «Barselona» dushanba kuni o‘z uyida «Rayo Valekano» ustidan g‘alaba qozonib, «Real»ga yetib olishi mumkin bo‘ladi.

Italiya: Rim — Konte uchun dahshatli tush

«Atalanta» — «Kalyari» 0:0
«Atalanta» – Karnezekki, Toloi, Hin, Posh, Breshianini (Ederson, 67), Samarjich (de Ketelare, 46), Rujyeri, Pashalich, Sulemana (de Ron, 74), Kuadrado (Palestra, 56), Retegi (Vlahovich, 56).
«Kalyari» – Kaprile, Aujyello, Luperto, Mina, Zappa, Makumbu, Adopo, Felichi (Koman, 67), Deyola (Marin, 79), Zortea, Pikkoli (Pavoletti, 90+1).
Ogohlantirishlar: Koman (90+5), Hin (90+5).

«Atalanta» «Napoli» va «Inter»ga yaqinlashib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. Bergamoliklar asosiy e’tiborini YeChLdagi o‘tish bosqichi javob o‘yiniga qaratgan. Bryuggeda mag‘lubiyatga uchragan jamoa o‘z uyida kerakli natijaga erishishi talab etiladi. Ichki chempionatdagi nabvatdagi durang odatiy bo‘lib chiqmadi. Gap shundaki, Jan Piyero Gasperini «Atalanta» bosh murabbiyi sifatida A Seriyada to‘plagan ochkolari soni 600 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u faqatgina «Yuventus»da rekord o‘rnatgan (663 ochko) Massimiliano Allegridan ortda qolmoqda.

«Latsio» — «Napoli» 2:2
Gollar:
Isaksen (6), Dia (87) — Raspadori (13), Marushich (87, avtogol). 
«Latsio» – Provedel, Nunu Tavaresh (Ladzari, 82), Romanoli, Xila, Marushich, Rovella, Genduzi, Zakkani, Pedro (Dia, 74), Isaksen (Chauna, 82), Kastelyanos (Noslin, 27).
«Napoli» – Meret, Jyezus, Buonjorno (Politano, 62), Rrahmani, Matssokki (Marin, 85), Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa, Di Lorenso, Raspadori, Lukaku.
Ogohlantirishlar: Zambo-Angissa (35), Jyezus (78), Zakkani (79), Rovella (90+1).

Rimdagi uchrashuv maqomi va ahamiyati jihatdan yakshanba kuni o‘tkaziladigan «Yuventus» va «Inter» to‘qnashuvidan qolishmasdi. Ikki hafta oldin Rimda «Napoli» arbitr tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda «Roma» ustidan g‘alabani qo‘ldan chiqargandi (1:1). Endi — debyutdayoq markaziy zonadagi to‘p yo‘qotishdan keyin Isaksen uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llab hisobni ochdi. Lekin ko‘p o‘tmay Raspadori Lukaku bilan devor uslubida o‘ynab, hujumni gol bilan yakunladi va hisob tenglashdi.

Ikkinchi bo‘limda Isaksen o‘ta qulay pozitsiyaga chiqib bordi, ammo uning bu safargi zarbasi to‘sin ustidan o‘tib ketdi. «Napoli»ning qanotda uyushtirgan kombinatsiyasidan keyin Raspadorining zarbasi u qadar o‘xshamagandi, ammo to‘p raqib futbolchisi Marushich orqali darvozaga yo‘l oldi.

Faqat Rim bu mavsumda — Antonio Konte uchun haqiqiy boshog‘riq bo‘lmoqda. Dia so‘nggi daqiqalarda «Latsio»ni qutqarib qoldi va «Napoli» qatorasiga uchinchi durangga rozi bo‘ldi. Yakshanba kuni «Inter» turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.

«Milan» — «Verona» 1:0
Gol:
Ximenes (75).
«Milan» – Menyan, Teo, Tiav, Gabbiya, Uoker (Alexandro Ximenes, 46), Reynders, Fofana (Pulishich, 68), Sottil (Rafael Leau, 46), Joau Feliks (Terrachchano, 88), Musa, Santiago Ximenes (Abraham, 82).
«Verona» – Montipo, Valentini, Koppola, Davidovich, Suslov (Sisse, 84), Bradarich (Oyyegoke, 84), Kastanos (Lazovich, 62), Duda, Nyasse (Berned, 85), Chatchua, Sarr (Moskera, 68).
Ogohlantirishlar: Koppola (11), Musa (16), Nyasse (21), Bradarich (43), Duda (50), Santiago Ximenes (59), Alexandro Ximenes (79).

«Milan» odatdagidek birinchi bo‘limda bor kuchi bilan harakat qilmadi. «Verona» mudofaasi ikkinchi bo‘lim davomida ham bardosh berib turdi. Ammo mezbonlar saviya borasidagi farq hisobiga maqsadga erishdi, Alexandro Ximenes nozik harakat bilan to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi, Rafael Leau boshi bilan to‘pni tashlab berdi, Santyago Ximenes esa amalda bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Hafta o‘rtasida «Feyyenoord»ga qarshi YeChL o‘yinida o‘zini ko‘rsata olmagan meksikalik hujumchi A seriyada qatorasiga ikkinchi o‘yinda gol urmoqda. Ikki o‘yin ham Serjiu Konseysau jamoasi g‘alabasi bilan yakunlandi va jamoa yevrokubokka yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘ringa mustahkam joylashib oldi.

Germaniya: «Bavariya» birorta zarbasiz

«Bayyer» — «Bavariya» 0:0
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Tapsoba, Ta, Mukiyele, Grimaldo (Shik, 90+2), Palasios, Frimpong, Jaka, Virts, Tella (Adli, 85).
«Bavariya» – Noyyer, Ito (Stanishich, 68), Kim Min Chje, Upamekano, Laymer, Pavlovich (Goretska, 68), Kimmix, Koman (Sane, 68), Musiala (Boe, 86), Olise (Gnabri, 68), Keyn.
Ogohlantirishlar: Inkapie (11), Ito (39), Pavlovich (53), Upamekano (74), Tapsoba (90+4). 

Qisqacha aytganda — «Bayyer» yaxshiroq o‘ynadi. Ancha yaxshi. «Bavariya» birinchi bo‘limda to‘pga egalik qildi, ammo vaziyatlarni mezbonlar yaratdi. Myunxenliklarga qarshi mag‘lubiyatli seriya (6 o‘yin) qayd etayotgan amaldagi chempionlarga faqat g‘alaba kerak edi, ammo vaziyatlaridan foydalana olishmadi.

«Bavariya» esa hech qachon bunchalik nursiz o‘yin ko‘rsatmagandi. Jamoa 90 daqiqa davomida darvoza sohasi tomon biror marta to‘g‘ri zarba yo‘llay olmadi. Opta statistikachilari bu holatni anomaliya deb atashdi, ammo bu baribir Germaniya chempionati uchun noyob hodisa emas. 2008 yil mayida o‘sha vaqtda kuchli formada bo‘lgan (keyingi mavsum chempioni) «Volfsburg» bilan ham shunday holat kuzatilgandi.

«Bayyer» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo Amin Adlining jarima maydoni ichidan yo‘llagan zarbasini Noyyer qaytardi, Florian Virsning bir necha metrdan yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Mezbonlar hujum chizig‘ida Shikning yo‘qligi ham bilindi. Chexiyalik futbolchi qo‘shimcha daqiqalarda maydonga tushirildi, ammo hech narsaga ulgurmadi. Mehmonlar natijani ushlab qolishdi va mavsum yakuniga 12 tur qolganida sakkiz ochkolik farq o‘zgarmadi. Bu natija amalda «Kumush tovoq» Myunxenga qaytishini hamda Harri Keyn amalda faoliyatidagi ilk sovringa erishishini kafolatlaydi.

«Bohum» — «Borussiya» D 2:0
Gollar:
Masuras (33, 35). 
«Bohum» – Xorn, Holtmann (Gamboa, 74), Ermann, Bernardo, Ordets, Mashovich, Kraus, Sissoko, Bero, Masuras (Broshinski, 88), Hofmann (de Vit, 88).
«Borussiya» D – Kobel, Svensson, Shlotterbek, Jan, Zyule (Yan Kouto, 63), Gross (Reyna, 80), Zabitser (O‘zjan, 46), Gittens (Bayyer, 58), Brandt, Adeyyemi (Dyuranvil, 64), Girassi.
Ogohlantirish: Bernardo (49).

«Shtutgart» — «Volfsburg» 1:2
Gollar:
Voltemade (72) — Tomash (77), Amura (87, penalti). 
«Shtutgart» – Nyubel, Mittelshtedt, Hendriks, Shabo, Vagnoman (Yyelsh, 88), Shtiller, Karazor (Rider, 88), Fyurix (Demirovich, 84), Miyo, Leveling (Dil, 70), Undav (Voltemade, 70).
«Volfsburg» – Myuller, Kulerakis, Vavro, Gerhardt, Fisher (Roerslev, 46), Vimmer, Vranks, Svanberg, Tiagu Tomash, Amura (Bornov, 90+4), Vind (Olsen, 71).
Ogohlantirishlar: Fisher (8), Shabo (45+1), Karazor (45+4), Svanberg (76), Hendriks (90+3), Berens (90+3). 

Shanba kuni bundesligada syurprizlar ham bo‘ldi. Birinchidan, «Borussiya» Bohumda Masurasning ikki golidan keyin o‘ziga kela olmadi. Dortmundliklar Chempionlar ligasida amalda 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlagan. Ammo ichki chempionatda ahvol og‘irligicha qolmoqda. Niko Kovach jamoa boshqaruvidagi ikki o‘yinida ham mag‘lub bo‘ldi va turnir jadvalining ikkinchi qismiga tushib ketdi.

Ammo hali barchasi boy berilmagan. Yevrokuboklar zonasidan olti ochkolik farq ajratib turibdi, bunga boshqa raqiblar, masalan «Shtutgart»dagi pasayish ham imkon bermoqda. Bu jamoa o‘z uyidagi o‘yinning 72-daqiqasida hisobni ochdi, ammo qolgan vaqt ichida nafaqat ustunligini boy berish, balki «Volfsburg»ga yutqazishning ham uddasidan chiqdi. Yaqingacha Sebastyan Hyoness jamoasi ishonch bilan kuchli to‘rtlikda borayotgandi, so‘nggi besh turda uch marta yutqazib, oltinchi o‘ringa quladi. «Volfsburg» va Menhengladbahning «Borussiya» klublari juda yaqin masofadan ta’qib qilib kelmoqda.

Fransiya: «Monako» quturdi

«Marsel» — «Sent-Etiyen» 5:1
Gollar:
Guiri (27, 60), Grinvud (50, penalti), Murillo (58), Rabio (77) — Stassin (79). 
«Marsel» – Rulli, Kornelius (Kondogbia, 73), Balerdi, Murillo, Rabio, Merlen (Dedich, 66), Hyoyberg, Binnosir (Ronjye, 67), Luis Enrike, Guiri (Rou, 81), Grinvud (Nadir, 72).
«Sent-Etiyen» – Larsonner, Kornyu, Nade, Batubinsika, Petro, Tardiye (Fomba, 81), Ekva, Bushuari (Muton, 62), Davitashvili, Stassen, Boachi (Kardona, 46).
Ogohlantirishlar: Stassen (15), Kornelius (68).

Kun o‘yinlarini ochib bergan «Marsel» «PSJ»da provansalliklardan boshqa ta’qibchi yo‘qligi haqidagi fikrni yana bir bor tasdiqladi. Real raqobatchi maqomiga qadar hali uzoq, ammo jamoadagi o‘sish yaqqol ko‘rinib turibdi. «Marsel» rahbarlari Roberto De Dzerbiga ishonch bildirib, xato qilmagani aniq, uning ortidan bir qator sifatli futbolchilar ham kelishdi. Yozdagi xaridlardan tashqari yanvarda «Velodrom»ga Binnosir, Guiri va «Zalsburg»dan yana bir yosh iste’dod Dedich olib kelindi. Ayniqsa Guiri katta taassurot qoldirmoqda, u yangi jamoasi safidagi uch o‘yinda ikki gol urib, uch marta sheriklariga assistentlik qilishga ulgurdi va «Marsel»ning hozirgi natijalariga katta hissa qo‘shdi. 22 turdan keyin 50 gol — jamoaning 1970/71 yillar mavsumidan buyon eng yaxshi ko‘rsatkichi.

«Monako» — «Nant» 7:1
Gollar:
Biret (44, 54, 64 penalti), Minamino (45), Ben-Segir (49), Ilenikhena (81, 90+5) — Ablin (4).
«Monako» – Mayetski, Kayo Enrike, Mavissa Elebi, Kerer, Vanderson (Diatta, 61), Zakariyo, Kamara (Al Musrati, 61), Ben-Segir, Minamino (Ilenikhena, 61), Akliush (Mishal, 78), Biret (Kulibali, 83).
«Nant» – Antoni Lopesh, Kotssa, Amiyan, Pallua, Kastelletto (Koko, 46), Sou, Duglas (Girassi, 67), Chirivelya (Leru, 88), Lepenan, Saymon (Elia, 67), Ablin (Muhammad, 67).
Ogohlantirishlar: Ablin (45), Kombuare (74), Zakariyo (85).
Chetlatish: Kotssa (8).

Shu kuni «Monako» ham «Marsel»dan qolishmaslikka harakat qildi va «Nant» 1955 yildan buyon ligadagi eng yirik mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Holbuki mehmonlar tezkor gol urganida yakuniy natija bunday ko‘rinish olishini hech kim tasavvur qila olmasdi. Ammo «kanareykalar» 8-daqiqadayoq kamchilik bo‘lib qolishdi. Jamoa bir bo‘lim chidab turdi, ammo bo‘lib oxirida barchasi barbod bo‘ldi.

Ikki daqiqada ikki gol — va barchasi 180 darajaga o‘zgarib ketdi. Mezbonlarning qishdagi xaridi Biret hal qiluvchi birinchi golni urdi. «Arsenal» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan ushbu daniyalik ikkinchi bo‘limda ham gol urishda davom etdi Fransiya chempionatidagi dastlabki besh o‘yinida yetti gol urgan holda klub rekordini o‘rnatdi. Yirik g‘alaba evaziga monegasklar kuchli uchlikka qaytishdi. Endi jamoa yakshanba kuni «Nitssa» va «Lill» o‘zaro o‘yinda qanday natija qayd etishini kutadi.

«Tuluza» — «PSJ» 0:1
Gol:
Ruis (52). 
«Tuluza» – Rest (Haug, 43), Suaso, Dennum, Akdag (Sidibe, 79), Kressuell, Kanvo, Abuhilol, Siyerro (Makkenzi, 70), Kasseres, Babika (Ejuma, 79), Magri (Messali, 70).
«PSJ» – Safonov, Lyuka Ernandes, Pacho (Markinos, 63), Beraldo, Hakimi, Meyulyu (Joau Nevesh, 90+1), Fabian Ruis (Vitinya, 63), Due, Barkolya (Gonsalu Ramush, 74), Kvaratsxeliya, Li Kan In (Dembele, 63).
Ogohlantirishlar: Siyerro (39), Akdag (56).

Luis Enrike YeChL o‘tish o‘yinidan oldin qator yetakchilarga dam berdi — fantastik sport formasini namoyish etayotgan Usmon Dembele zaxirada qoldirilib, uning o‘rniga 18 yoshli Senni Mayulyu o‘ynadi, Donnarumma esa qaydnomaga ham kiritilmadi. Aralash tarkib esa faqat ikkinchi bo‘limda natijaga erishdi, Li Kan In burchakdan oshirgan to‘pni markaziy himoyachi Pacho to‘singa tekkizdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Fabian Ruis yetib keldi.

Bo‘lim davomida Markinos, Dembele, Vitinya va Nevesh kabi yetakchilar ham maydonga tushirildi hamda g‘alabali hisob saqlab qolindi. «PSJ» Fransiya chempionatida eng yaqin ta’qibchisi «Marsel» bilan 10 ochkolik farqni saqlab qolib, peshqadamlikni davom ettirmoqda. Keyingi turda parijliklar «Lion» bilan o‘ynaydi. Ammo bundan oldin hafta o‘rtasida YeChL pley-offi doirasida «Brest»ga qarshi javob o‘yini o‘tkaziladi.

Kun statistikasi

APLda «Arsenal» futbolchisi zaxiradan tushib 2 gol urishi 2018 yildan buyon kuzatilmagandi. O‘shanda bu Obameyang bilan sodir bo‘lgandi, bu safar Merino uddaladi.

Germaniya milliy jamoasi hujumchisi Klyayndinst qatorasiga 5 turda gol urdi. Menhengladbahning «Borussiya» klubida bunday seriya 20 yildan buyon ro‘y bermagandi, o‘shanda bundesligada Oliver Noyvillni qatorasiga olti tur davomida to‘xtatib bo‘lmagandi.

Olli Uotkins «Aston Villa» safidagi uy o‘yinlarida 38-golini urdi. Angliya milliy jamoasi forvardi birminghemliklar rekordini o‘rnatdi.

Hujumchi Rodrigo «Real» safidagi 250-o‘yinini o‘tkazdi. U Marselo (546), Roberto Karlos (527), Kazemiro (336) va Vinisius Juniordan keyin (296) bu nuqtadan o‘tgan beshinchi braziliyalikka aylandi.

Mavzuga oid