Jahon | 22:07 / 14.02.2025
14013
2 daqiqa o‘qiladi

Damashqqa milliardlab Suriya funti ortilgan samolyot uchib keldi

Banknotalar Bashar Asad davrida Rossiya korxonasi - Goznakda chop etilgan. Suriyada valuta defitsiti kuzatilmoqda. Mamlakat Markaziy banki zaxiralari 200 million dollar atrofida.

Foto: Reuters

Suriya Markaziy banki bortida Rossiyaning Goznak korxonasida chop etilgan pullar mavjud yuk samolyoti Damashq aeroportiga qo‘nganini ma’lum qildi. Regulyator aniq summani ochiqlamagan, ammo Reuters manbasiga ko‘ra, gap «yuzlab milliardlar» haqida ketmoqda. «Al-Xadas» kanali manbalari samolyotda olib kelingan mablag‘lar 300 milliard Suriya funtini (23 million dollarga yaqin) tashkil etishini bildirgan.

Qayd etilishicha, ushbu pullar Bashar Asad boshqaruvi davrida chop etilgan, biroq ag‘darilishidan oldin ularni Suriyaga yetkazishga ulgurilmagan. Reutersʼning yozishicha, mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi Rossiya korxonasiga banknotalar chop etishni taqiqlab qo‘ygan. Shu bilan birga, Suriya sanksiyalar tufayli g‘arbdan banknota chop etishga buyurtma bera olmaydi.

Suriyada valuta defitsiti kuzatilmoqda. Mamlakat Markaziy banki zaxiralari 200 million dollar atrofida. Fuqarolik urushi boshlanishidan bir yil oldin — 2010 yilda Suriya zaxiralari Xalqaro valuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 18,5 milliard dollarni tashkil etgan. Financial Times bilan suhbatlashgan biznesmenlardan birining aytishicha, odamlar pullarini bankka qo‘yishdan qo‘rqmoqda, chunki ularni qaytarib olishlariga ishonmayapti.

Mamlakatda eng ko‘p foydalaniladigan va hozircha muomaladan chiqarilmagan 2000 Suriya funti banknotasida Bashar Asad tasvirlangan — o‘tgan yilning dekabr oyida u oilasi bilan Rossiyaga qochib ketgandi. Yanvar oxirlarida Suriya hukumati Moskvadan Asadni topshirishni talab qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin birinchi marta Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan telefon orqali muloqot qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Muloqot davomida Rossiya yetakchisi Suriyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, jumladan, insonparvarlik yordami orqali yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid