Ukrainadagi urushda bedarak yo‘qolganlar soni 50 ming kishidan oshdi

Jahon 23:10 / 13.02.2025 702

Oxirgi bir yil ichida Ukrainadagi harbiy harakatlar natijasida bedarak yo‘qolganlar soni ikki baravardan ko‘proq oshib, 50 ming kishiga yetdi. Bu haqda Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi (XQXQ) ma’lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.

«XQXQ o‘tgan yili 23 ming bedarak yo‘qolgan odamni hujjatlashtirgan edi. Oradan bir yil o‘tib, bu raqam ikki baravardan ko‘proq oshdi: qo‘mita 50 mingga yaqin bedarak yo‘qolish holatini qayd etdi», — deydi agentlikning bedarak yo‘qolganlarni qidirish bo‘yicha Markaziy byurosi rahbari Dushan Vujasanin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada bedarak yo‘qolganlarning qariyb 90 foizi harbiy xizmatchilardir. XQXQ yo‘qolganlarning millati bo‘yicha statistikani keltirmagan. Tashkilot «eksponensial o‘sish»ni qayd etgan — o‘rtacha har oy 1 000 dan 5 000 nafargacha odam bedarak yo‘qolmoqda. Bu holat Rossiya-Ukraina urushining har oy kuchayib borayotgani va hisobot mexanizmlari takomillashayotgani bilan bog‘liq (masalan, bedarak yo‘qolganlarning oilalari uchun onlayn hujjatlashtirish tizimi ishlamoqda).

XQXQ Ukrainadagi urush natijasida bedarak yo‘qolganlarni qidirishni 2022 yil mart oyidan boshlab, Markaziy qidiruv byurosi orqali muvofiqlashtirib kelmoqda. Tashkilotga ham Ukraina, ham Rossiya bedarak yo‘qolganlar haqidagi ma’lumotlarni yetkaziladi.

O‘tgan haftada Ukrainadagi harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi shtab yanvar oyida Rossiya armiyasining bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchilari bo‘yicha RF fuqarolaridan rekord darajada so‘rov kelib tushganini e’lon qilgandi. Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida «Topishni xohlayman» loyihasi doirasida Rossiya harbiylarining qarindoshlari tomonidan 8 548 ta so‘rov berilgan — bu 2024 yil dekabriga nisbatan 22 foizga ko‘p bo‘lib, butun loyiha davomida eng yuqori ko‘rsatkichdir. Loyiha davomida Rossiya Qurolli kuchlarining 60 mingdan ortiq bedarak yo‘qolgan askarlari haqida so‘rovlar kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich halok bo‘lganlarni hisobga olmaydi va real yo‘qolganlar sonidan 2-3 baravar kam, chunki u faqat rasmiy so‘rovlarga asoslangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida urush boshlanganidan beri 45,1 ming nafar ukrain harbiysi halok bo‘lgani, yaradorlar soni esa 390 mingga yetganini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: