AQSh Kongressi 13 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik Robert Kennedi nomzodini mamlakat Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi rahbari lavozimiga tasdiqladi, deb xabar beradi CNN.
Qayd etilishicha, ushbu qarorni yoqlab 52 nafar senator ovoz bergan bo‘lsa, 48 nafar kongressmen bunga qarshi chiqqan.
Donald Tramp tomonidan tavsiya etilgan Kennedi nomzodini barcha demokrat senatorlar, shuningdek, respublikachi Mitch Makkonnell ham qo‘llab-quvvatlamagan.
Reutersʼning yozishicha, kongressmenlar 71 yoshli Kennedi nomzodini Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga ikki kunlik eshituvlardan so‘ng tasdiqlagan. Demokratik partiya vakillari Kennedini hayot uchun muhim bo‘lgan dori vositalarini shubha ostiga oladigan fitna nazariyalarini tarqatishda, shuningdek, vaksinatsiyaga qarshi kurashdan moliyaviy manfaatdor ekanlikda ayblagan. Kennedi ushbu bayonotni rad etgan. U mavjud vaksinatsiya dasturini himoya qilishga va’da bergan.
Kichik Robert Kennedi — AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyanidir. 2023 yil oktyabrda u AQSh prezidentligi saylovlarida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishga qaror qilgandi, ammo joriy yilning avgustida o‘zining saylovoldi kampaniyasini to‘xtatib, Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Saylovlardagi g‘alabadan keyin Tramp Kennedini Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari lavozimiga ilgari surib, u «surunkali kasalliklar epidemiyasiga barham berishga va Amerikani yana buyuk hamda sog‘lom qilishga» qodir ekanini ma’lum qilgandi.
Dekabr boshlarida o‘nlab olimlar va Nobel mukofoti laureatlari AQSh Senatini kichik Robert Kennedining sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari lavozimiga tayinlanishiga qarshi ovoz berishga chaqirgan edi. Olimlar Kennedi AQShda vaksinatsiyaga qarshi bo‘lgan, ichimlik suvni ftorlash usullarini tanqid qiladigan, shuningdek, OITS va boshqa kasalliklarni davolashning muvaffaqiyatli usullariga oid fitna nazariyalarini tarqatib keladigan eng mashhur insonlardan biri ekanini eslatib o‘tgandi.