Parij ko‘chalaridan biriga Aleksey Navalniy nomi berildi. U Rossiya elchixonasi yaqinida joylashgan

Jahon 01:04 398

Parij munitsipal hokimiyat organi shaharning 16-okrugidagi ko‘chalarning birini rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy nomi bilan atash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Tegishli qaror uchun Parij kengashining 163 nafar deputatini barchasi ovoz bergan.

«Parij ma’muriyati Aleksey Navalniyni Vladimir Putin diktaturasiga qarshi kurashdagi roli uchun e’tirof etdi», — deyiladi Fransiya poytaxti meriyasining bayonotida.

Navalniy nomi Avenue de Pologne’ning toq raqamli qismiga berildi — endi u Avenue Alexeï Navalny deb ataladi. «Novaya gazeta»ning yozishicha, ko‘cha Rossiya elchixonasi binosidan 400 metr uzoqlikda joylashgan.

Foto: Google Maps

Meriya Aleksey Navalniy ko‘chasining ochilish marosimi qachon bo‘lib o‘tishini hali bilmasliklarini aytgan. Taxminlarga ko‘ra, bu bir necha oydan keyin tashkil etiladi.

Parij 16-okrugi kengashi 2024 yil mayda okrugdagi ko‘chalardan biriga Navalniy nomini berishni ma’qullagan edi. Parij meriyasi «qaror ikki sababga asoslanganini ma’lum qilgandi: tarixiy jihatdan ushbu okrug rus diasporasi yashaydigan hudud hisoblanadi va bu yerda Rossiya elchixonasi joylashgan».

«1932 yilda qabul qilingan shahar qaroriga ko‘ra, jamoat joyiga nom berishdan oldin besh yillik kutish muddati belgilangan bo‘lsada, Parij kengashi shaxsning yutuqlari yoki qo‘shgan hissasi ahamiyati sababli istisno qilish huquqiga ega», — deyiladi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrda Lissabonda rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy nomiga atab memorial o‘rnatilgandi. Uchta tilda «Taslim bo‘lmang» so‘zlari yozilgan yodgorlik Rossiyaning Portugaliyadagi elchixonasidan 100 metr uzoqlikdan joy olgan.

Ko‘proq yangiliklar: