Yevropadagi ko‘plab siyosatchilar chorshanba oqshomidayoq AQSh prezidenti Donald Trampning Putin bilan bo‘lajak uchrashuvi haqidagi so‘zlariga hamda Tramp va uning mudofaa vaziri Pit Hegsetning Ukraina boy bergan yerlarni qaytarish norealligi haqidagi fikrlariga munosabat bildirishdi. Ulardan bir qismi Ukraina va Yevropasiz tinchlik muzokaralari o‘tkazib bo‘lmasligini, boshqalari — muzokaralar boshlanmasidan bunday og‘zaki yon berish Ukraina va G‘arb manfaatlariga xiyonat qilish ekanini aytishmoqda.
Tramp Vashingtonda Putin bilan suhbati haqida gapirayotgan bir paytda Parijdagi uchrashuvda Yevropaning yetakchi davlatlari tashqi ishlar vazirlari urushni muhokama qilishdi. Yakuniy bayonotda ular o‘z mamlakatlari Ukrainaga yordamni ko‘paytirishga tayyorligi va uning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
«Biz Ukrainaga yordamimizni oshirishga tayyormiz. Biz Rossiyaning harbiy tajovuzi oldida uning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Bizning umumiy maqsadimiz — Ukrainani adolatli, keng qamrovli va mustahkam tinchlikka erishgunga qadar qo‘llab-quvvatlashda davom etishdir», — deyiladi Fransiya, Germaniya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat va mudofaa idoralari rahbarlari bayonotida.
Yig‘ilish ishtirokchilari o‘z nuqtayi nazarlariga ko‘ra, Yevropa tinchlik muzokaralarida albatta ishtirok etishi kerakligi va buni amerikalik ittifoqchilar bilan muhokama qilish niyatida ekanliklarini ta’kidladi.
«Ukraina mustaqilligi va hududiy yaxlitligi muhokama qilinmaydi. Bizning hozirgi ustuvor vazifamiz Ukrainani kuchaytirish va ta’sirchan xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bo‘lishi kerak. Yevropa har qanday muzokaralarda markaziy rol o‘ynashi kerak», — deya Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari, Estoniyaning sobiq bosh vaziri Kaya Kallas Parij uchrashuvi yakunlarini sarhisob qildi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/KPvOD4Rqbs2cqmxArUPY0lPckHBFN6n2.jpg)
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Trampning bayonotlariga izoh berarkan, alohida muzokaralar olib borish mumkin emasligini alohida ta’kidladi.
«Tinchlikka faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan erishish mumkin. Ya’ni Ukraina va yevropaliklar bilan. Yevropaga tinchlik qaytishi uchun biz bu yo‘ldan birgalikda borishimiz kerak», — dedi Berbok Politico nashriga.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham xuddi shu ruhda fikr bildirdi.
«Biz barchamiz faqat tinchlikni istaymiz. ADOLATLI DUNYo. Ukraina, Yevropa va AQSh bu borada birgalikda ishlashi kerak. BIRGALIKDA», — deb yozdi Tusk X ijtimoiy tarmog‘ida.
Shvetsiyaning sobiq bosh vaziri, Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Yevropa kengashi hamraisi Karl Bildt Tramp va Hegsetning bayonotlarini 1938 yilda Myunxenda Hitler bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Yevropa yetakchilari amalga oshirgan harakatlar bilan taqqosladi — Tramp foydasiga emas.
«Bu, albatta, muzokaralarga innovatsion yondashuv — muzokaralar boshlanishidan oldin juda katta yon berishlar qilish. Hatto Chemberlen ham 1938 yilda bunchalik past ketmagan edi. Va o‘sha Myunxen yomon yakunga ega bo‘ldi», —deb yozdi Bildt X ijtimoiy tarmog‘ida.
Trampning ichki siyosiy muxolifi, demokrat senator Adam Shiff prezident va mudofaa vazirini Ukraina va AQSh manfaatlariga xiyonatda aybladi.
«Keling, hamma narsani o‘z nomi bilan ataylik: bu muzokaralar boshlanishidan oldin Ukraina manfaatlari va bizning manfaatlarimizni taslim qilishdir. Tramp, albatta, bitimlar — Kreml foydasiga bitimlar tuzish bo‘yicha katta mutaxassis», — dedi Shiff tvitida.
![](https://storage.kun.uz/source/11/79OmkutI9UE41DBvWFaclxST0-AjtCme.jpg)
Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Brajye Poitico nashriga bergan intervyusida har qanday tinchlik muzokaralarida Ukraina albatta ishtirok etishi kerakligi, muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishi uchun Rossiyani urush bilan holdan toydirish zarurligini ta’kidladi.
«Tinchlik to‘g‘risida kelishuvga erishish uchun Rossiyani jang maydonida zaiflashtirish kerak. Rossiya siyosati, iqtisodiyoti, dini, mediasi, xususiy sektor — bularning barchasi hozir urushga yo‘naltirilgan. Shuning uchun Rossiyani tinchlikka majburlash kerak», — degan Brajye.
«Tinchlikka yo‘l — bu Rossiya harbiy qudratining pasayishi. Ukraina qudratiga sarmoya kiritish — bu dunyoga sarmoya kiritishdir. Va Rossiyaning zaiflashishi — bu dunyoga investitsiya. Va bu yerda sanksiyalar va ularning muvaffaqiyatli qo‘llanishi muhim tarkibiy qism hisoblanadi», — deya davom etgan Latviya vaziri.
Trampning partiyadoshi, respublikachi kongressmen Jo Uilson o‘z prezidentini qo‘llab-quvvatlagan, ammo shu bilan birga, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ham, Ukrainaga harbiy yordamni ham oshirishi zarurligini ta’kidlagan.
«Prezident Tramp — Kelishuv san’atiga ega bo‘lgan tajribali muzokarachi, — deb yozdi Uilson, uning tvitiga Interfaks-Ukraina agentligi e’tibor qaratgan. — Biz Rossiyaga qarshi keng qamrovli sanksiyalarni tayyorlash va Ukrainani tezda qurollantirish uchun vakolat berish orqali unga maksimum richaglarni taqdim etishimiz kerak».