Urushda asir tushgan xitoyliklar. Bu haqda nimalar ma’lum?
Ukrain harbiylari frontda asir tushgan xitoyliklar haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi. Kiyevdagilarga ko‘ra, Xitoyning kamida 155 nafar fuqarosi Ukrainada jang qilayotgani aniqlangan. Moskvadagilar mojaroga Xitoyni ham tortganini rad etmoqda.

Foto: Ukraina xavfsizlik xizmati
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 aprel kuni Donetsk oblastida ukrainalik harbiylar Xitoyning Rossiya armiyasi tomonida jang qilgan ikki nafar fuqarosini asirga olganini ma’lum qildi. U Ukraina tashqi ishlar vazirligiga «darhol Pekin bilan bog‘lanib, Xitoy bunga qanday munosabat bildirmoqchi ekanini aniqlash»ni topshirdi.
«Bosqinchilar bo‘linmalarida Xitoyning bunday fuqarolari soni ikkitadan ancha ko‘p ekani haqida ma’lumotlar bor. Hozir barcha faktlarni aniqlayapmiz. Razvedka, UXX, Qurolli kuchlarning tegishli bo‘linmalari ishlamoqda», – deb yozgan Zelenskiy.
Zelenskiy brifingda ukrain harbiylari xitoylik olti harbiy bilan jangga kirishgani va ulardan ikki nafarini asir olganini aytgan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, asirlarning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va bank kartalari bo‘lgan.
Zelenskiy mahbuslardan biri aks etgan videoni e’lon qilgan. Unda qo‘li kishanlangan xitoylik asirlardan biri xitoy tilida gapirayotgani va yaqinda bo‘lib o‘tgan jangni tasvirlayotgani aks etgan: u imo-ishoralar bilan osmonda dronlar uchib yurganini ko‘rsatadi va o‘q ovoziga taqlid qiladi.
Our military has captured two Chinese citizens who were fighting as part of the Russian army. This happened on Ukrainian territory—in the Donetsk region. Identification documens, bank cards, and personal data were found in their possession.
— Volodymyr Zelenskyy / Volodimir Zelenskiy (@ZelenskyyUa) April 8, 2025
We have information suggesting that… pic.twitter.com/ekBr6hCkQL
U tashqi ishlar vaziriga «darhol Pekin bilan bog‘lanish» va Xitoyning reaksiyasini olishni topshirdi.
Hozirda asirlar Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan 9 aprel kuni rasmiy Pekin «ma’lumotlarni Ukraina tomoni bilan solishtirayotgani»ni aytdi. «Shuni ta’kidlashni istardimki, Xitoy hukumati har doim Xitoy fuqarolarini mojaro zonalaridan uzoqroqda bo‘lishga, qurolli mojaroda ishtirok etishning har qanday shaklidan qochishga, xususan, harbiy operatsiyalarda ishtirok etishdan qochishga chaqiradi», – dedi Lin Szyan. Shuningdek, u Xitoy fuqarolari urushda ishtirok etayotgani haqidagi da’vo «hech qanday asosga ega emasligini aytdi», deb yozadi TASS agentligi.
Keyingi kuni, 10 aprelda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi «Xitoy tegishli tomonlarga mas’uliyatsiz bayonotlar berishdan ko‘ra, XXRning [Rossiya-Ukraina urushidagi] rolini to‘g‘ri va aniq tushunishni maslahat berishi»ni aytdi (iqtibos TASSniki).
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 9 aprel kuni Xitoy fuqarolari Ukrainada asirga olingani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berishni istamadi. 10 aprelda esa Peskov Zelenskiy Rossiya Xitoyni Rossiya-Ukraina urushiga tortayotganini aytganida «nohaq bo‘lgani»ni aytdi. «Unday emas. Xitoy vazmin pozitsiyada, Xitoy – bizning strategik hamkorimiz, do‘stimiz, o‘rtog‘imiz va Xitoy har doim juda va juda vazmin pozitsiyada bo‘lgan», – dedi Peskov jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda (iqtibos «Interfaks»dan).
«Reaksiya ko‘rsatilishi kerak»
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Pekinning Rossiya-Ukraina urushiga aloqadorligi haqidagi dalillar – «Putin urushni tugatishdan boshqa hamma narsani qilmoqchi ekani haqida aniq signal. U bundan keyin qanday jang qilish [yo‘llarini] izlayapti».
U bunga reaksiya ko‘rsatishga chaqirgan.
«U jang qilishni davom ettirish yo‘llarini izlamoqda. Bunga albatta reaksiya kerak. Qo‘shma Shtatlar, Yevropa va dunyoda tinchlik bo‘lishini istagan barchaning reaksiyasi», – dedi Ukraina prezidenti.
Xitoy fuqarolari Ukraina asirligiga tushgani haqidagi dastlabki xabarlardan so‘ng, Xitoyning Ukrainadagi muvaqqat ishlar vakili «bu faktni qoralash va tushuntirish talab qilish uchun» mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, degan Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga. «Ukrainaga bosqinda Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan Xitoy fuqarolari Xitoyning tinchlik pozitsiyasini shubha ostiga qo‘ymoqda va Pekinning BMT Xavfsizlik Kengashining mas’ul doimiy a’zosi sifatidagi ishonchiga putur yetkazmoqda», – degan Sibiga. Xitoy elchisining Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga tashrifi natijalari haqida xabar berilmagan.
AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Tammi Bryus Vashington Xitoyning asirga olingan fuqarolari haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoyning harakatlari Rossiyaga Ukrainadagi urushni davom ettirish imkonini beradi, chunki bu davlat Moskvaga zarur bo‘lgan ikki maqsadli tovarlarning qariyb 80 foizini yetkazib beradi.
Xitoy rasmiy ravishda Rossiya-Ukraina urushi masalasida betarafligini aytib keladi, bosqin boshlanganidan buyon Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan va G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmagan.
Qo‘lga tushganlar haqida nimalar ma’lum?
Dastlab asirlikdagi xitoyliklarning shaxsi, ular frontga qanday qilib kelib qolgani haqida ma’lumotlar yo‘q edi. Lekin G‘arbdagi rasmiylar xitoylik harbiylar hukumat izni bilan Ukraina frontiga yuborilayotgani haqida ishonchli dalillar yo‘qligini ta’kidladi.
Keyinroq AFP ukrainalik rasmiylardan biriga asoslanib, Xitoyning asirlikdagi fuqarolari Pekin tomonidan urushga yuborilmagani, ular o‘z tashabbusi bilan shartnoma imzolab, Rossiya armiyasi safiga yozilganini xabar qildi.
Le Monde gazetasi esa avvalroq xitoyliklarning Douyin ilovasida egalari Rossiya armiyasi safida xizmat qilayotganini bildirgan 40 dan ortiq akkauntni aniqlagandi.
Volodimir Zelenskiy asirga olingan xitoyliklar haqidagi birinchi bayonotida Rossiya qurolli kuchlari bo‘linmalaridagi xitoyliklar soni «ikkitadan ancha ko‘pligi» haqida ma’lumotlar borligini aytgandi. 9 aprel kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Zelenskiy aniqlik kiritib, Rossiya armiyasi tarkibida Xitoyning kamida 155 nafar fuqarosi jang qilayotganini bildirdi. «„Xitoyliklar“ masalasi jiddiy. Xitoyning Ukraina hududida ukrainaliklarga qarshi jang qilayotgan, pasport ma’lumotlari mavjud 155 nafar fuqarosi bor. Biz ma’lumot to‘playapmiz, ular bundan ham ko‘proq deb o‘ylayapmiz», – dedi Ukraina prezidenti.
«Ular Ukraina hududida jang qilmoqda. Migratsiya kartalarini, shuningdek, „Mir“ to‘lov tizimining kartasini olishadi, unga mos ravishda pul olishadi», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Kiyev Xitoyning asirlikdagi fuqarolarini asirlikdagi ukrain harbiylariga almashtirishga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.
Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) Xitoy fuqarolaridan biri Tarasovka aholi punkti yaqinida, ikkinchisi – Belogorovka yaqinida qo‘lga olinganini ma’lum qildi (idora qaysi bu qishloqlar qaysi hududda joylashganiga aniqlik kiritmagan). UXX asirlarda harbiy harakatlar vaqtida olingan jarohatlar yo‘qligini ma’lum qildi. Asirlar so‘roq qilish uchun Kiyevga olib ketilgan, tergovchilar ular bilan tarjimonlar orqali muloqot qilmoqda. «Ikkala xorijlikning so‘zlariga ko‘ra, ular ilk jangovar topshiriqdayoq ukrainalik harbiylar qo‘liga asir tushgan», – deyiladi UXX xabarida.

Ukraina xavfsizlik xizmati o‘z saytida asirga olingan xitoyliklarning fotosuratlarini, shuningdek, ularning hujjatlarini e’lon qildi. Pasportlarda ularning ismlari ko‘rsatilgan – bular 1998 yilda tug‘ilgan Chan Jyenbo va 1991 yilda tug‘ilgan Van Guanjun.

UXX xabaridan ma’lum bo‘lishicha, Chan Jyenbo so‘roq paytida 2024 yil dekabr oyida go‘yoki sayyohlik maqsadida Rossiyaga kelganini, shundan so‘ng shartnoma imzolash uchun ariza topshirganini aytgan. O‘zining aytishicha, u internetdagi harbiy xizmatga chorlov va ikki million rubl to‘lash haqidagi e’longa qiziqish bildirganidan keyin urushga kelib qolgan.

O‘z navbatida, Van Guanjun tergovchilarga Rossiya vakillari uni Xitoyda yollaganini, shundan so‘ng 2025 yil fevral oyida Moskvaga kelib, Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganini aytgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati urush qonunlari va urf-odatlarini buzish moddasi (Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Asirga olingan ikki xitoyliklardan biri o‘z vatanida vositachiga Rossiya armiyasiga kirish imkoniyati uchun 300 ming rubl to‘laganini aytdi, deb xabar bergan «Ukrainskaya pravda»ga «Luhansk» tezkor-taktik guruhi vakillari. Ukraina harbiylari ta’kidlashicha, xitoylik «LXR»da Xitoy fuqarolaridan tuzilgan guruh tarkibida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Tayyorgarlik asosiy harbiy ko‘nikmalarni o‘z ichiga olgan va tarjimonsiz o‘tkazilgan – muloqot uchun imo-ishoralar va mobil tarjimondan foydalanilgan.
Asir ukrain harbiylariga harbiy bo‘lishni va Rossiya fuqaroligini olishni xohlaganini aytgan. Uning guruhidagilarning ayrimlari Xitoyda qonun bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan. Asirning ta’kidlashicha, uning oilasi Rossiyaga bormoqchi ekanini bilgan, biroq u rasman sayyoh sifatida mamlakatga kirgan, deya qo‘shimcha qildi «Luhansk» tezkor-taktik guruhi harbiylari.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Italiyaning Corriere della sera gazetasiga bergan intervyusida sodir bo‘lgan voqeaga izoh berib, Xitoy Rossiya-Ukraina urushida har doim neytral pozitsiyada bo‘lganini ta’kidladi. Jurnalistning Xitoy harbiylarining urushdagi ishtirokini Ukraina qurolli kuchlari tomonida chet ellik ko‘ngillilar va yollanma askarlar jang qilayotgani bilan taqqoslash mumkinmi, degan savoliga Yermak shunday javob berdi: «Yo‘q, chunki Xitoy har doim bizga betaraf ekanini aytgan. Ko‘ngillilarimiz siz kabi bizni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan kelishadi. Pekin bizga tushuntirish berishi kerak». Yermakning qo‘shimcha qilishicha, «frontning bir nechta uchastkalari»da «o‘nlab» xitoylik harbiylar jang qilmoqda.
Shimoliy koreyalik asirlar
Joriy yilning 11 yanvar kuni Zelenskiy Ukraina harbiylari Rossiyaning Kursk oblastida Shimoliy Koreyadan bo‘lgan ikki yarador askarni asirga olganini ma’lum qilgandi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official
Prezident Rossiya va Shimoliy Koreya askarlari go‘yoki «Ukrainaga qarshi urushda Shimoliy Koreyaning ishtirokiga oid har qanday dalilni yo‘q qilish uchun» yaralangan shimoliy koreyaliklarni o‘ldirayotganini aytgandi.
UXXning ta’kidlashicha, asirlarni qo‘lga olish vaqtida harbiylardan birining yonidan Tuva Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan boshqa shaxsga berilgan Rossiya harbiy bileti topilgan. Ikkinchisining yonida umuman hujjatlari yo‘q edi.
So‘roq paytida Rossiya harbiy biletiga ega bo‘lgan harbiy unga hujjatni 2024 yilning kuzida Rossiyada berishganini aytadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda Shimoliy Koreyaning ba’zi jangovar bo‘linmalari Rossiya qo‘shinlari bilan bir haftalik qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazgan.
«Asirlar, keng ko‘lamli bosqin boshida rossiyalik harbiylar bilan bo‘lgani kabi, go‘yoki Ukrainaga qarshi urushga emas, mashg‘ulotlarga ketayapman deb o‘ylaganini ta’kidlamoqda», - deyilgandi UXX xabarida.
Ukraina razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, ulardan biri 2005 yilda tug‘ilgan va Shimoliy Koreya armiyasida 2021 yildan buyon o‘qchi sifatida xizmat qilgan.
Undan oldinroq, 2024 yil 27 dekabrida, Janubiy Koreya razvedkasi ukrain harbiylari Rossiya tomonida turib Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan shimoliy koreyalik askarni asir olgani, ammo u keyinroq jarohatlardan vafot etganini xabar qilgandi.
Shimoliy Koreyadan kelgan askarlar asosan o‘tgan yil avgusida Ukraina harbiylari bir qismini egallab olgan Kursk oblastida jang qilgan. Ammo mediada vaqti-vaqti bilan ular katta yo‘qotishlar tufayli Ukraina frontidan olib ketilgani haqida xabarlar chiqib turgan.
Rossiya Ukraina bilan urushda KXDRdan kelgan harbiy xizmatchilar ishtirok etayotganini rasman tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Britaniyada saratonni kasallik belgilari paydo bo‘lishidan oldin aniqlashga qodir qon tahlili ishlab chiqildi
Jahon | 23:42
-
Samarqandda o‘quvchiga tashlanib, unga tazyiq o‘tkazgan o‘qituvchi ishdan olindi
Jamiyat | 23:22
-
Fransiya Rossiyaning nobiometrik xorijga chiqish pasportlarini tan olishni to‘xtatadi
Jahon | 23:00
-
25 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekiston | 22:33
Mavzuga oid

19:59 / 25.04.2025
Ukraina 5 ming tonna bug‘doy ortilgan Rossiya kemasini hibsga oldi

18:33 / 25.04.2025
MRB direktori o‘rinbosarining o‘g‘li Ukrainada halok bo‘lgan. U Rossiya tomonida turib jang qilgan

17:55 / 25.04.2025
Xitoy AQShning ayrim tovarlariga nisbatan yuqori bojlarni bekor qilmoqda - OAV

13:55 / 25.04.2025