Jahon | 18:33 / 25.04.2025
19656
7 daqiqa o‘qiladi

MRB direktori o‘rinbosarining o‘g‘li Ukrainada halok bo‘lgan. U Rossiya tomonida turib jang qilgan

Ushbu 21 yoshli amerikalik Falastin masalasi tufayli «Amerika hukumatidan darg‘azab» bo‘lgan, Rossiya fuqaroligini olish uchun armiyaga yozilgandi.

Instagram / «Vajnyye istorii»

RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan 21 yoshli amerikalik Maykl Gloss Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan.

Maykl Gloss – amerikalik harbiylar farzandi. Uning onasi Julian Gloss AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlaydi, otasi Larri Gloss – AQSh harbiy-dengiz kuchlari faxriysi va AQSh mudofaa vazirligi uchun ham dasturiy ta’minot yaratish bilan shug‘ullanuvchi Security Information Systems kompaniyasi rahbari hisoblanadi.

Julian Gloss 2024 yil fevralida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining raqamli innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Maykl Gloss falastinliklarni qo‘llagan va islom diniga qiziqqan. 2022 yilda Amerika bayrog‘ini yoqib yuborib, bu holat videosini ijtimoiy tarmoqqa joylagan.

Do‘stlari aytishicha, so‘nggi paytlarda u fitna nazariyalariga berilib ketgan, ammo hech kim uning Rossiya armiyasiga qo‘shilishi mumkinligini taxmin qilmagan, chunki uning barmog‘ida patsifik (tinchliksevarlar) tatuirovkasi bor edi.

Maykl Gloss dunyo bo‘ylab bir necha oy sayohat qilganidan so‘ng, 2023 yilda Rossiya armiyasiga qo‘shilgan. «Vajniye istorii» nashri aniqlashicha, Gloss 2023 yil qishida kollejdagi o‘qishini tashlab, AQShni tark etgan. Avvaliga u Italiyada yashagan, keyin Isroilga yo‘l olgan, u yerdan esa deportatsiya qilindi. Keyingi bir necha oyni u Turkiyada o‘tkazadi, u yerda Rainbow family hamjamiyati yig‘ilishi – «Bolqon yig‘ini»ga tashrif buyurgan, shuningdek, Hatay viloyatidagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishga yordam ko‘rsatgan.

Glossning Istanbulda birga yashagan tanishi «Vajniye istorii»ga amerikalik «doimo qandaydir salbiy narsalar haqida – qashshoqlik, sivilizatsiyalar qulashi haqida gapirgani»ni aytib bergan. «U G‘arbning gegemonligi davri tugayotganiga va tez orada uning o‘rnini BRIKS egallashiga ishonchi komil edi», – dedi nashr suhbatdoshi. Turkiyadagi yana bir tanishi Gloss Falastin haqidagi videoni tomosha qilgani va «Amerikadan qattiq g‘azablangani»ni aytadi. «Rossiyaga ketish haqida o‘ylay boshladi. U AQSh bilan jang qilmoqchi edi. Ammo menimcha, unga fitna nazariyalaridan iborat videolar kuchli ta’sir ko‘rsatgan», – deydi nashr suhbatdoshi.

Maykl Gloss Rossiyaga 2023 yil avgustida kelgan. Rossiya vizasini olishdan oldin, Gloss tanishlaridan o‘zini RFga taklifnoma olishda yordam so‘ragan. U Rossiyaga borish sababini turlicha izohlagan: kimgadir rus tilini o‘rganmoqchiligini aytsa, boshqasiga – fuqarolik olish niyatidaligini, uchinchi bir odamga — o‘zining ekologik loyihasini rivojlantirish uchun borayotganini bildirgan. Nashr chegara xizmatlari ma’lumotlarini o‘rganish orqali aniqlashicha, u Gurjiston va Rossiya chegarasini 12 avgust kuni kesib o‘tgan.

O‘sha oy davomida Gloss Vladikavkaz, Taganrog, Volgograd va Moskvada bo‘lishga ulgurgan. 1 sentabr kuni Gloss uning vizasi muddati bir haftadan keyin tugashini xabar qilgan, 3 sentabr kuni esa Vena va Bratislavada yashash uchun joy qidira boshlagan. Ikki kun o‘tib, 5 sentabr kuni, YeMAIS tizimida Maykl Gloss haqida ma’lumot paydo bo‘ladi: manzil sifatida Yablochkov ko‘chasidagi RF armiyasiga shartnoma asosida xizmatga yollash punkti, «kvartira» sifatida — 302-raqamli tibbiy ko‘rik kabineti ko‘rsatilgan. Nashrning qayd etishicha, urushda ishtirok etish uchun RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash maqsadida Moskvaga keluvchi barcha xorijliklar ushbu manzilda qayd etiladi.

Keyingi kunlarni Maykl Gloss Moskva oblastidagi «Avangard» mashg‘ulot markazida o‘tkazadi, buni o‘sha vaqtda mazkur markazda olingan fotosuratlar tasdiqlaydi. O‘shanda Gloss «Vkontakte»da Xamza Ali nomi ostida akkaunt ochgan va bir necha guruhlarga, jumladan, «Romantika russkix dereven» va «My iz SSSR» guruhlariga qo‘shilgan. U shuningdek «Putin mustaqil Falastin davlati tuzish zarurligi haqida gapirdi» sarlavhasi ostida video, shuningdek, isroillik harbiylar 2023 yil 7 oktyabrida Beeri kibutsida «tinch isroilliklarni o‘qqa tutgani» aytilgan rolikni joylashtirgan.

Ikki haftalik mashg‘ulotlardan so‘ng Maykl Glossning asosan Nepal fuqarolaridan iborat guruhi avtobusda harbiy qismga olib ketiladi. U Ryazandagi 137-havo-desant polkiga (41450-harbiy qism) qo‘shiladi. Quroldoshlaridan biri uning «frontda qanday foydali bo‘lishi mumkinligi haqida o‘z tasavvuri» bo‘lganini aytadi. «Kollejda u qurilish va muhandislik bo‘yicha tahsil olgan, shuning uchun uning barcha fikrlari ixtirolar va innovatsiyalar bilan bog‘liq edi», – deydi u. Gloss 2023 yil dekabr oyida frontga jo‘nab ketadi. «Adashmasam, tayyorgarlikdan so‘ng uni shturm otryadlariga jo‘natishdi», – deydi xizmatdoshi. Bu vaqtda 137-polk bo‘linmalari Donetsk oblastidagi Soledar shahri shimoli-g‘arbida jang qilardi.

«Odnoklassniki» / «Vajnyye istorii»

Maykl Gloss 2024 yil 4 aprelda halok bo‘ldi, deb xabar bergan uning oilasi nekrologda, lekin bu Ukrainada ro‘y bergani aytilmagan. O‘sha kuni Ryazan polkini o‘z ichiga olgan 106-diviziya telegram-kanali desantchilar Donetsk oblastining Razdolovka va Veseloye qishloqlariga hujum uyushtirgani haqida xabar bergan. Gloss aynan qanday sharoitda halok bo‘lgani noma’lum. Uning dafn marosimi AQShda, vafotidan sakkiz oy o‘tib, 2024 yil 21 dekabrda o‘tkazilgan. Glossning «Bolqon yig‘ini»dagi tanishi uning opasi bilan suhbatda Rossiya hukumati vakillari amerikalikning oilasi bilan bog‘langani hamda u Ukrainada vafot etgani haqida xabar berishgan.

Rainbow family ishtirokchilaridan biri Gloss unga jang qilish uchun emas, Rossiya pasportini olish uchun ushbu davlat armiyasiga yozilmoqchi ekanini aytganini eslagan. Amerikalikning Ryazandagi harbiy qismdagi safdoshi Gloss «Rossiyaning yorqin tarafdori bo‘lgani va ushbu o‘lkaga muhabbat qo‘ygani», shu bilan birga, «qo‘liga qurol olishni istamagani» haqida so‘zlagan. Uning oila a’zolaridan hech biri nashrning intervyu bo‘yicha so‘rovlariga javob qaytarmagan.

Mavzuga oid