AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa mamlakatlariga kelajakda o‘z xavfsizligiga Qo‘shma Shtatlardan kam bo‘lmagan miqdorda sarmoya kiritishi kerakligini va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari faqat Yevropaning zimmasida bo‘lishini aytdi, deb yozdi Bloomberg.
Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina va uning o‘z chegaralarini himoya qilishi Yevropa davlatlariga kelasi o‘n yil ichida qo‘shimcha 3,1 trillion dollarga tushadi. Bloomberg muzokaralar davomida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, mamlakat va uning mudofaa qobiliyatini tiklash, shuningdek, Yevropaning o‘z harbiy qudratini oshirish xarajatlarini hisobga olgan.
Ukraina armiyasini qayta tiklash, tinchlik kelishuviga erishilgandagi kuchlarning holatiga va qancha hududni himoya qilishi kerakligiga qarab, o‘n yil ichida taxminan 175 milliard dollarga tushishi mumkin, deb yozdi nashr.
40 ming kishilik tinchlikparvar kuchlari taxminan 30 milliard dollarga tushadi, xarajatlarning asosiy qismi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning harbiy qudratini oshirish va ularning umumiy mudofaa budjetini yalpi ichki mahsulotning 3,5 foiziga yetkazish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Nashr tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Yevropa davlatlari buning uchun qarz olishga majbur bo‘lsa, faqatgina NATOning Yevropadagi eng yirik besh a’zosining qarzga bo‘lgan ehtiyoji keyingi o‘n yil ichida yana 2,7 trillion dollarga oshadi.