Tramp va Putin urushni tugatishni 1,5 soat muhokama qildi

Jahon 18:33 6590

Kecha, 12 fevral kuni AQSh va Rossiya prezidentlari Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu ikki tomon ham tasdiqlagan birinchi rasmiy telefon qo‘ng‘irog‘i hisoblanadi. Tramp Putin bilan gapi bir joydan chiqqani, endi tinchlik muzokaralarini zudlik bilan boshlash kerakligini aytdi. Shu kuni u prezident Zelenskiyga ham qo‘ng‘iroq qildi.

12 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali gaplashdi. Bu ikki tomon ham tasdiqlagan birinchi rasmiy muloqotdir. Hozirgacha Tramp bir necha bor Putin va uning jamoasi bilan muloqot qilib kelayotganini aytsa-da, Kreml buni rad etayotgandi. Muloqot mavzusi aniq - Ukraina urushini tugatish. Tramp saylov oldidan Ukrainadagi urushni 1 kunda tugataman deya o‘ta populistik va’da berib, buni uddalay olmagan bo‘lsa-da, asta-sekin tomonlar muzokara stoliga qarab yo‘l olmoqda. Trampning matbuotga aytishicha, ikki prezident ham millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan bu qirg‘inbarot urushni to‘xtatishga rozi. Zudlik bilan muzokaralarni boshlashga Putin ko‘ngan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Putinning Tramp bilan suhbati qariyb bir yarim soat davom etgan. Davlat rahbarlari Rossiya va AQSh fuqarolarining almashinuviga bog‘liq masalalarni ham muhokama qildi, Tramp Amerika tomoni erishilgan barcha kelishuvni bajarishiga ishontirdi, deya qo‘shimcha qiladi Peskov.

“Ukrainadagi vaziyatni hal etish mavzusi muhokama qilindi. Prezident Tramp jangovar harakatlarni tezroq tugatish va muammolarni tinch yo‘llar bilan hal etish haqida gapirdi. O‘z navbatida prezident Putin mojaroning birlamchi sabablarini bartaraf etish zarurligini eslatib, Trampning uzoq muddatli kelishuvga tinchlik muzokaralari orqali erishish mumkinligi borasidagi fikriga qo‘shildi», — deydi Peskov.

Putin mamlakatlarning birgalikda ishlaydigan vaqti kelgani haqidagi Trampning fikrini qo‘llab-quvvatladi, deya qo‘shimcha qiladi Kreml rasmiysi.

Tramp Truth Social’ga telefon muloqoti haqida yozarkan, biz birgalikda ishlashga, tashrif bilan bir-birimizning davlatimizga borishga kelishib oldik. Tegishli jamoalarimiz Rossiya-Ukraina urushini hal etish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Biz buni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lib o‘tgan suhbatdan xabardor qilishdan boshlaymiz, men hozir shu ishni qilaman», deb yozdi.

Ukraina prezidenti ofisining ma’lum qilishicha, Tramp kecha, 12 fevral kuni Volodimir Zelenskiy bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. Biroq suhbat tafsilotlari oshkor etilmagan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Milliy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uols va maxsus vakil Stiv Uitkoffga muzokaralarga rahbarlik qilishni topshirgan.

Kremlga ko‘ra, muloqot davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal etish, Eron yadroviy dasturi, shuningdek, iqtisodiy sohadagi Rossiya—Amerika munosabatlari ham muhokama qilingan. «Putin va Tramp o‘zaro muloqotlarni davom ettirishga, jumladan, uchrashuv tashkillashtirishga kelishib oldi», — deydi Dmitriy Peskov.

Prezident Tramp va Putinning urush muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvi qayerda bo‘lishi keng muhokamada edi. Tramp bu muloqot Saudiya Arabistonida o‘tishini gapirdi. Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Tramp bu uchrashuv Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi, dedi.

«Biz Saudiya Arabistonida uchrashamiz», — deya AQSh davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi AFP agentligi.

Jurnalistlar bilan suhbatda Tramp, shuningdek, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini maqsadga muvofiq deb hisoblamasligini qo‘shimcha qildi. Uning fikricha, Kiyev Rossiya nazorati ostida bo‘lgan barcha hududlarni qaytarib ololmaydi.

Tramp avvalrrq The New York Post’ga bergan intervyusida Putin bilan bo‘lgan suhbat haqida gapirgandi. AQSh prezidentining aytishicha, Putin jang maydonida askarlarning o‘limiga «haqiqatan ham befarq emas».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, suhbat chog‘ida Rossiya yetakchisi Donald Trampni Moskvaga tashrif buyurishga rostdan ham taklif qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: