Tramp va Mask demontaji: USAID o‘rnini Xitoy egallamoqda

Jahon 16:37 2002

USAID faoliyatining to‘xtatilishi ortidan uning o‘rnini Xitoy egallashga urinyapti. Pekinning roli rivojlanayotgan mamlakatlarda ancha faollashib bormoqda. Xitoy rasmiylari allaqachon, Kamboja va Nepalga AQSh mablag‘laridan quruq qolgan loyihalarni moliyalashtirishga tayyorligini aytgan. Kongressning Vakillar palatasidagi demokratlar esa bu ketishda AQSh global raqobatda Pekindan orqada qolib ketishini ta’kidlamoqda.

Donald Tramp ma’muriyati AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) faoliyatini to‘xtatganidan so‘ng Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlardagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun choralar ko‘rishni boshladi. Politico nashri USAID va boshqa gumanitar tashkilotlar xodimlari hisobotlariga tayanib, bu haqdagi katta maqolasini e’lon qildi.

Unda kelishicha, Tramp va uning eng yaqin safdoshi Ilon Maskning USAID’ni demontaj qilishi dunyo bo‘ylab - Hind-Tinch okeani mintaqasidan tortib Janubiy Amerikagacha bo‘lgan agentlik rolini Xitoyga bo‘shatib beradi. 

Nepalning Annapurna Express gazetasiga ko‘ra, Xitoy rasmiylari xususiy ravishda Nepal hukumatiga AQSh mablag‘lari o‘rniga sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa muhim tarmoqlarni moliyalashtirishga tayyorligini aytgan. Tinch okeanining strategik davlati bo‘lgan Kuk orollari rasmiylari AQSh tomonidan moliyalashtirishning tugatilishi mintaqaga katta zarba bo‘lganini va «xitoyliklar o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilayotganini» ta’kidlashgan.

«Xitoy allaqachon hamkorlarimizga murojaat qilmoqda. Ular Kamboja va Nepal kabi joylarda bo‘shliqni to‘ldiradi va bu biz bilgan narsa edi», dedi Bayden ma’muriyati davrida USAID'ning Xitoy bo‘yicha dasturlarini boshqargan Fransisko Benkosme.

Qayd qilinishicha, USAID infratuzilma va telekommunikatsiyalar uchun xorijiy mablag‘ izlagan rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berib kelgan. Shuningdek, Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va boshqa mintaqalardagi ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlagan. Hozir bu joylarda Xitoy ta’siri ortib bormoqda.

To‘g‘ri, USAID qayta ko‘rib chiqishga arziydigan shubhali ishlarni qilardi, lekin chaqaloqni badani qurimasdan otmang. Xitoy aynan shunday qilishimizni kutyapti, deydi Gudson tadqiqot markazining Xitoy bo‘yicha tahlilchisi Maykl Sobolik.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi Xitoy qo‘mitasidagi demokratlar Tramp ma’muriyatini USAID ishi Pekin bilan raqobat qilish uchun zarurligiga ishontirish uchun yangi strategiya ishlab chiqdi. Guruh dalillari shundan iboratki, Xitoy bilan muvaffaqiyatli raqobat AQSh milliy xavfsizligini ta’minlash uchun zarurdir.

«Xitoy Kommunistik partiyasi va uning bo‘linmalari so‘nggi yigirma yil ichida rivojlanish loyihalariga qariyb 1 trillion dollar sarfladi va bu AQSh hukumatining rasmiy xarajatlaridan sezilarli darajada oshib ketdi. USAID esa AQSh budjetining 0,7 foizidan kamrog‘i miqdorida mablag‘ taqdim etadi», deyiladi hujjatda.

Ma’lumki, yanvar oyining oxirida Tramp administratsiyasi USAID faoliyatini tubdan o‘zgartirish qarorini qabul qildi.

Endi agentlik o‘z ishini “Avvalo Amerika” tamoyiliga asoslashi shart. Ma’muriyat talablarini bajarishdan bosh tortgan xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanishi mumkin.

USAID’ning 10 mingdan ortiq xodimiga tarqatilgan xizmat yozuvi qabul qilingan qarorga qo‘shimcha qo‘llanma sifatida taqdim etildi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, USAID xodimlariga ma’muriyat ko‘rsatmalariga muvofiq harakat qilish bo‘yicha yo‘riqnoma berilgan.

“Biz prezidentning tashabbuslarini amalga oshirishda uni qo‘llab-quvvatlashimiz shart”, — deb yozgan boshqaruv va resurslar bo‘yicha yordamchi administrator Ken Jyekson ichki xizmat yozuvida.

Lavozimga kirishganidan bir necha soat o‘tib, Tramp barcha xorijiy davlatlarga yordamni 90 kun muddatga to‘xtatishni buyurdi. Bu orada mazkur dasturlarning tashqi siyosat prioritetlariga muvofiqligi tekshiriladi.

AQSh dunyodagi eng yirik iqtisodiy yordam donoridir. 2023-moliyaviy yilda tashqi iqtisodiy yordam uchun 72 milliard dollar ajratilgan.

USAID mustaqil agentlik bo‘lsa-da, uning administratori prezident tomonidan tayinlanadi va Senat tomonidan tasdiqlanadi hamda Davlat departamenti rahbari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishi belgilangan.

Ba’zi xorijiy nashrlarga ko‘ra, Oq uy deyarli barcha xodimlarini ishdan bo‘shatib, agentlikni tarqatib yuborishni rejalashtirmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ishlayotgan 10 ming kishidan 300 nafari qoldiriladi, boshqalari bo‘shatib yuboriladi. Tramp ma’muriyati USAID tashkilotini ortiqcha va asossiz xarajatlarda ayblamoqda.

USAID O‘zbekistonda ham jamoat salomatligini saqlash, OAV va ta’lim rivojini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishni qo‘llovchi qator loyihalarni moliyalashtirib keladi. Tramp administratsiyasining xalqaro noharbiy yordamlarni to‘xtatuvchi qarori ortidan O‘zbekistondagi loyihalar ham falajlandi.

Kun.uz bu dasturlar kelajagi haqida bilish uchun AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va USAID loyihalari ma’sullariga ulandi. Biroq agentlikning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Devid Hoffman hozircha mediaga nima bo‘layotganini tushuntirib berolmasligi ma’lum qilindi. Vaqt o‘tib ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda O‘zbekistondagi dasturlar taqdiri nima bo‘lishi e’lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: