Prezident olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston 14:36 1287

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgan sport turlariga alohida to‘xtaldi. 

Masalan, badmintonda birorta litsenziya qo‘lga kiritilmagan. Kamondan otish sport turi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 3 ta litsenziya olingan.

Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika turlari bo‘yicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi so‘nggi olimpiadada 5 ta litsenziya qo‘lga kiritdi, xolos. 

Yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash sport turlarida birorta litsenziya olinmadi. Yoki, 49 ta suv sporti dasturidan bor-yo‘g‘i 4 tasi bo‘yicha litsenziya qo‘lga kiritilgan.

O‘q otish sportini rivojlantirish uchun mudofaa tizimi va «Vatanparvar» tashkilotida barcha sharoit yaratilgan. Lekin o‘zbekistonlik birorta sportchi Olimpiadaga bormadi.

Mamlakatda yakkakurash sport turlari, milliy kurash rivojlangan bo‘lsa-da, yunon-rum kurashi bo‘yicha atigi 3 ta litsenziya olingan. 

O‘tgan yili baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati ilk bor yurtimizda o‘tkazildi. Lekin unda yurtimiz birorta ham medal qo‘lga kiritmadi.

Hokimlarning ham bu boradagi mas’uliyati umuman sezilmayotgani qayd etildi. Ular sport federatsiyalarining hududiy bo‘limlari rahbarlarini tanimasligi, sportchi va trenerlarni qabul qilmasligi, sportchilar xalqaro musobaqada natija qilganidan keyingina bundan xabar topishi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘tgan yili olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sportchilarimiz 58 ta medal qo‘lga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan.

Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Navoiy  va Qoraqalpog‘istonda eng kam.

Shu bois yondashuvlarni hozirdan o‘zgartirib, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, iqtidorli sportchi va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sportda adolat o‘rnatish, sportchi va murabbiylarga manfaat olib kelish va sohani raqamlashtirish mutasaddilar, sport federatsiyalari rahbarlari va hokimlar faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lishi belgilab olindi.

Majlisda davlat rahbari olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surgan.

Los-Anjyelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlarini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Ta’kidlanishicha, Milliy Olimpiya qo‘mitasiga prezident rahbar bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.

Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.

Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qo‘mitasida hisobot beradi.

Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Bu yilning o‘zida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Ko‘proq yangiliklar: