O‘zbekiston Markaziy banki 14 fevraldan xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.
Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 14,88 so‘mga ko‘tarilib, 13 003,95 so‘mni tashkil qildi.
Bankers.uz qayd etishicha, 2025 yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan 99,04 so‘mga yoki 0,77 foizga qadrsizlangan.
Payshanba kuni qator tijorat banklari dollarni 13 000 so‘mdan qimmatroqqa sota boshlagan. Oriyent Finans bank, O‘zsanoatqurilishbank, Asia Alliance Bank shular jumlasidandir.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan Budjetnomada 2025 yilda dollarning yillik o‘rtacha kursi 13 250 so‘m bo‘lishini prognoz qilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, milliy valuta kursining 100 so‘mga qadrsizlanishi davlat budjeti xarajatlarini 240 mlrd so‘mga oshirishi mumkin.
Markaziy bank sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov so‘mning 1 foizga qadrsizlanishi inflatsiyaning 0,3 foiz punktga oshishiga olib kelishini ta’kidlagandi.
2024 yil boshidan buyon AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi qariyb 562,23 so‘mga (yoki 4,56 foizga) oshgan.
Taqqoslash uchun, 2023 yilda milliy valuta dollarga nisbatan 1113,31 so‘mga (yoki 10,99 foizga) qadrsizlangandi.