Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, qonunchilikka xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob o‘qishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha yangi 74–1-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, faqat jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ushbu kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tarbiyalash yo‘li bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlashni belgilash bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536–1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80–1-moddasi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistondagi 49 ta jazoni ijro etish muassasalarining barchasida kutubxonalar mavjud bo‘lib, ularda 230 mingdan ortiq kitob, jumladan, 44,7 mingdan ortiq xorijiy kitoblar, Brayl alifbosida yozilgan 209 ta kitob to‘plangan.
O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Bahodir Mamatxonov O‘zAga bergan intervyusida aytishicha, bunda yiliga ko‘pi bilan 10 ta kitob o‘qish mumkinligi belgilanyapti. Mahkumlar o‘qiydigan adabiyotlar ro‘yxati Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlanadi. Bu kabi choralar mahkumlarning axloqan tuzalish yo‘liga o‘tishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.