G‘ijduvondagi xonadonda portlagan gaz, Namanganda ushlangan qora Gentra, O‘FA prezidentligiga nomzodi ko‘rsatilgan DXX raisi va Olimpiada-2028 oldidan qo‘yilgan vazifalar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekiston 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda
Prezident Los-Anjyelesdagi 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi va ularga viloyat hokimlari rahbarlik qiladi. Har bir federatsiya olimpiya sikli uchun strategiya ishlab chiqib, uni Milliy Olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.
Yosh sportchilarni tayyorlash, seleksiya qilish va iqtidorli murabbiylarni rag‘batlantirish uchun yangi tizim yaratilishi belgilandi. Sportda adolat, raqamlashtirish va murabbiy-sportchilar manfaatini himoya qilish mutasaddilar faoliyatini baholashda asosiy mezon bo‘ladi.
Hududlarda 56 ta sport maktabi olimpiada sport turlariga moslashtirildi va ular milliy terma jamoalar uchun asosiy bazasiga aylanadi. Viloyat hokimlariga ushbu maktablarni yotoqxona va zarur jihozlar bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Sportchilarni Olimpiadaga tayyorlash uchun 300 milliard so‘m ajratiladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, sportchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi ustuvor vazifa qilib belgilandi.
Los-Anjyeles—2028 Olimpiya o‘yinlarida umumjamoa hisobida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilib qo‘yildi.
DXX raisi O‘FA prezidentligiga nomzod
22 fevral kuni O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidentligi uchun saylov bo‘lib o‘tadi. Ushbu lavozimga Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov nomzodi ilgari surilmoqda.
O‘FA ustaviga ko‘ra, Kongress o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin a’zolar rasman xabardor qilinishi kerak. Shu munosabat bilan 12 fevral kuni barcha a’zolarga rasmiy ma’lumot yetkazilgan.
Shuningdek, O‘FA Saylov kodeksiga muvofiq, nomzodlarning rasmiy ro‘yxati matbuotda e’lon qilinishi shart. Hozirda assotsiatsiya a’zolari tomonidan Bahodir Qurbonovning nomzodi ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyining oxirida Abdusalom Azizov O‘FA prezidentligidan ketgan, shu paytgacha uning vazifalarini Ravshan Ermatov bajarib kelayotgan edi.
G‘ijduvondagi xonadonda gaz portladi
G‘ijduvon tumanida xonadonda gaz to‘planib qolishi natijasida portlash sodir bo‘ldi. Gaz chaqnashi yong‘inga olib kelmagan, hech kim halok bo‘lmagan.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hodisa yuzasidan bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, voqea 12 fevral kuni G‘ijduvon tumanining Guliston mahallasida ro‘y bergan. Hodisa sodir bo‘lgan manzilga FVB va IIB mas’ul rahbarlari hamda 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, uyda gaz sizib chiqib to‘plangan va chiroq yoqilishi oqibatida havo-gaz aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolavhalarda portlashdan so‘ng xonadon egalaridan biri kiyimlari alangalagan holda ko‘chaga yugurib chiqqanini ko‘rish mumkin.
Hodisa natijasida yong‘in yuzaga kelmagan, halok bo‘lganlar yo‘q.
Namanganda piyoda o‘limiga sabab bo‘lgan qora Gentra ushlandi
Namangan shahrida 11 fevral kuni davlat raqamisiz harakatlangan qora Gentra piyodani urib, voqea joyidan qochgan edi. Namangan viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng Namanganda barcha qora tusli Gentra avtomobillari jarima maydonchasiga olib kirilayotgani xabar qilingan edi.
YHHB tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida transport vositasi va uning haydovchisi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, avtomobilni Namangan shahrida yashovchi 28 yoshli fuqaro boshqargan. Hozirda haydovchi va transport vositasi tergov bo‘limiga topshirilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan, ayni paytda tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
95 foiz aholi ichimlik suv bilan ta’minlanadi
O‘zbekistonda 2035 yilgacha ichimlik suv ta’minoti 95 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan, ammo mamlakat aholisini 100 foiz toza ichimlik suv bilan ta’minlash imkonsiz, dedi "O‘zsuvta’minot" AJ raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev.
Hozirgacha 2017-2022 yillarda 68 ta, 2023 yilda 200 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan. 2024 yilda 2,35 mlrd dollarlik ichimlik suv ta’minoti loyihasi ishlab chiqilgan, ammo muammo to‘liq hal etilmagan.
Suvsiz qoladigan 5 foiz hududlar – olis va tog‘li joylar bo‘lib, ularni markazlashgan tarmoqqa ulash iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Shuning uchun bunday joylarda yashovchilarni suv tashuvchi mashinalar va mahalliy manbalar orqali ta’minlash rejalashtirilgan.