O‘zbekistonda pensiyani arizasiz - avtomatik tarzda tayinlash tizimiga o‘tiladi

O‘zbekiston 23:20 / 13.02.2025 673

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 13 fevraldagi yig‘ilishida «Proaktiv pensiya tayinlash tizimiga o‘tish to‘g‘risida»gi qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Hozirda fuqarolar pensiya olish uchun ariza berishi va to‘lovlarga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Endilikda bu jarayon tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida axborot almashinuvi doirasida avtomatlashtiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova mazkur o‘zgarishlar tufayli yiliga o‘rtacha 250 ming nafar fuqaroning Pensiya jamg‘armasi va davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelmasligi, bu esa vaqt va mablag‘ni tejash imkonini berishi haqida ma’lum qildi.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023 yil 31 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 martdan pensiya tayinlashning proaktiv shaklini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 martgacha fuqarolarga pensiya tayinlanishi yoki pensiya miqdoriga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish yuzasidan fuqaroning mobil aloqa vositasiga SMS-xabar yuborish tartibi joriy etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: