O‘zbekiston qishki Osiyo o‘yinlari tarixida ikkinchi yaxshi natijasini ko‘rsatdi

Sport 18:07 1419

O‘zbekiston sportchilari Xitoyning Harbin shahrida o‘tayotgan qishki Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini bitta oltin medal bilan yakunladi. Bu o‘yinlar tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natija bo‘ldi.

Bundan oldin, 1999 yilda Janubiy Koreyaning Kangvon shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonliklar 3 ta medal (oltin + kumush + bronza) bilan eng yaxshi natijaga erishgan edi.

Harbin shahrida o‘tayotgan musobaqada oltin medalni figurali uchish bo‘yicha terma jamoa a’zolari Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish keltirdi.

Umumjamoa hisobida Xitoy 32 oltin, 26 kumush va 24 bronza bilan birinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonliklar (1-0-0) Janubiy Koreya (15-14-13), Yaponiya (9-11-14) va Qozog‘istondan (3-8-7) keyin beshinchi o‘rinda bormoqda. Musobaqa ertaga yakunlanadi.

O‘zbekistonlik boshqa sportchilarning natijalari qanday bo‘ldi? Short-trek bo‘yicha Daniil Yeybog 500 metr masofaga kechgan bahsda yettinchi natijani qayd etdi. Shuningdek, u 1500 metr masofada ham ishtirok etib, yarimfinalgacha bordi.

Tog‘ chang‘isi bo‘yicha slalom yo‘nalishida Sabina Rejyepova 15-, Valeriya Kovalyova 17-, Mariya Morova 23-o‘rinni qayd etdi. Kseniya Grigoriyeva trassada xatoga yo‘l qo‘ygani uchun diskvalifikatsiya qilindi.

Konkida yugurish bo‘yicha Danila Semerikov 5000 metr masofaga kechgan bahsda 6-o‘rinni egalladi.

Tog‘ chang‘isi slalom dasturida Arman Gayupov 6-, Nikita Gorkovskiy 14-o‘rinni qayd etdi. Medet Nazarov bahs davomida belgilangan yo‘nalishdan chiqib ketib, ishtirokini tugata olmadi.

Biatlonchilar Dilmurod Abdurahmonov hamda Rolan Raimqulov 10 km masofaga kechgan sprint poygasida mos ravishda 31- va 25-o‘rinni egalladi.

Chang‘i alpinizmi bo‘yicha bellashuvlarda O‘zbekiston 12-natijani qayd etdi.

Figurali uchishda Niginabonu Jamoliddinova 17-o‘rinni, Sevinch Rahimova 22-o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonning qishki Osiyo o‘yinlaridagi natijalari:

- 1996 yil, Harbin (Xitoy) – 0 oltin – 1 kumush – 1 bronza;

- 1999 Kangvon (Janubiy Koreya) – 1-1-1;

- 2003 Aomori (Yaponiya) – 0-0-1;

- 2007 Changchun (Xitoy) – 0-0-1;

- 2011 Astana (Qozog‘iston) – 0-0-0;

- 2017 Sapporo (Yaponiya) – 0-0-0;

- 2025 Harbin (Xitoy) – 1-0-0.

Ko‘proq yangiliklar: