Ka’ba atrofida rasmga tushish taqiqlandimi?

Jamiyat 14:36 4876

Ijtimoiy tarmoqlarda Ka’ba atrofida suratga olish taqiqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Saudiya Arabistoni elchixonasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Ka’bani tavof qilish vaqtida foto va videoga olish uchun hech qanday jarima yoki deportatsiya jazosi yo‘q. Shu bilan birga, noxushliklarning oldini olish uchun ziyoratchilarga tavof vaqtida Ka’bani suratga olmaslik tavsiya etiladi.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Haj va Umra ziyoratiga doir bir qancha ma’lumotlar tarqaldi.

Dastlab, turli nashrlar Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasining xatiga tayanib, Umra ziyoratiga boradiganlardan endilikda meningitga qarshi emlanishi talab etilmaydi, degan mazmunda xabar tarqatdi. Xatga ko‘ra, Saudiya Fuqaro aviatsiyasi qirollikdagi barcha aeroportlarda faoliyat yurituvchi aviakompaniyalarga, shu jumladan xususiy tashuvchilarga meningitga qarshi vaksina talabini bekor qilish haqida topshiriq yuborgan.

O‘zbekiston Sanitariya va epidemiologiya qo‘mitasiga ko‘ra, bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. “Saudiya Arabistoni Umra va Haj ziyoratlariga boruvchilarda meningit kasalligiga qarshi emlanganlik haqida hujjat bo‘lishi zarurligini rasman bekor qilmagan”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi. Ma’lum qilinishicha, Umra va Haj ziyorati uchun keladiganlarga meningitga qarshi emlanish – Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligining talabi bo‘lib, u o‘z kuchida qolmoqda.

Diniy qo‘mita tomonidan berilgan litsenziya asosida faoliyat yurituvchi turfirmalar ziyoratchilarni Umraga olib borishida emlanganlik haqida sertifikat zarur. Bu – ziyoratchilar uchun majburiy talab. Shu bilan birga, qirollikka boshqa maqsadlarda, sayyohlik vizalari bilan kirishda vaksina talab qilinmaydi”, – dedi elchixona rasmiysi.

Bundan tashqari, shu kunlarda instablogerlar Haj va Umraga borayotganlarni “ogohlikka chaqirib” bir necha chiqishlar qildi. Ulardan birida shunday deyiladi: “Haram hududida, Ka’ba atrofida telefon taqiqlandi. Birinchi marotaba ishlatganlarga 520 dollar jarima, keyingisida 10 yilga deport ham qilishar ekan. Tanishlarimiz orasida shunday holatlar ham bo‘ldi”. Mualliflar bu ma’lumotlarni tasdiqlovchi biror rasmiy manba ko‘rsatmagan, faktlar ham keltirmagan.

Kun.uz'ga izoh bergan Saudiya Arabistoni elchixonasi xodimining ma’lum qilishicha, qirollikda, xususan Haram hududida rasman bunday taqiqlar mavjud emas.

Aslida bunday rasman taqiq va rasmga olish uchun yuqorida aytilgan jazolar mavjud emas. Lekin bilsangiz, tavof vaqtida Ka’ba atrofida odamlar juda ko‘p bo‘ladi. Kimdir rasmga olish uchun to‘xtab turishi odamlar yig‘ilib qolishiga va bu turli noxush holatlarga olib kelishi mumkin. Boshqalarga ham xalaqit qiladi. Shu maqsadda tiqilinchda telefon ishlatishga tavsiyaviy xarakterda ruxsat berilmaydi. Boshqa vaqtlarda rasmga yoki videoga olish mumkin. Buning uchun deportatsiya yoki jarima degan gaplar to‘g‘ri emas”, – dedi Saudiya Arabistoni elchixonasi xodimining Qasam al-Otaybiy.

Tarmoqlarda tarqalgan yana bir xabarda, 2025 yil Haj mavsumida ziyoratchilarga bolalarni o‘zlari bilan olib kelishiga ruxsat berilmasligi aytiladi. Bu masalada Kun.uz'ga izoh bergan Saudiya elchixonasi xodimiga ko‘ra, yosh bolalarni o‘zi bilan Haj ziyoratiga olib bormaslik haqida ham rasmiy taqiq yo‘q.

Bu yil Ramazon 1 martdan boshlanishi mumkin

Umra ziyorati Haj mavsumidan tashqari yil davomida amalga oshiriladi. Haj ziyorati esa yil davomida faqat bir marta amalga oshiriladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yilda Ramazon oyi 1 mart sanasidan boshlanishi kutilmoqda. Shuni hisobga olganda, Haj mavsumi iyun oyining dastlabki 10 kunligiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bu sanalar oyni kuzatish asosida fatvo idoralari tomonidan alohida aniqlashtiriladi.

Qayd etish lozim, Saudiya Arabistoni mamlakatga kirayotganlar ziyoratchilar oqimini boshqarish, tashkiliy jarayonlarni hisobga olish maqsadida har yili Haj ziyorati vaqtida Umra vizasi rasmiylashtirishni vaqtinchalik to‘xtatib turadi. 2025 yilda bu jarayon may oyining boshidan Haj mavsumi tugaguniga qadar davom etishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ayni vaqtda litsenziya talablari og‘irlashtirilishi ortidan faqat 12 ta turfirma rasman Umra ziyoratini amalga oshirishga litsenziyaga ega. Bundan tashqari, fuqarolar sayyohlik yoki boshqa vizalar olib, mustaqil ravishda Umra ziyoratini amalga oshirishi mumkin.

Haj borasida esa O‘zbekistonda fuqarolarga faqat Musulmonlar idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xizmat ko‘rsatadi. Saudiya Arabistoni O‘zbekiston uchun taqdim qilgan kvota 24 mingtani tashkil qiladi, hozirda bundan faqat 15 mingtasidan foydalanilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: