Bloomberg Rossiya - Ukraina urushi tugashining ehtimoliy uchta ssenariysini tuzdi

Jahon 16:42 7679

Bloomberg tahlilchilari Rossiya-Ukraina urushi tugashining uchta ehtimoliy ssenariysini tasvirlab berishdi. Ssenariylar agentlikning AQSh prezidenti Donald Trampning Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotiga, shuningdek, bu haqda ogohlantirilmagan yevropalik rasmiylarning ushbu muloqotga munosabatiga bag‘ishlangan maqolasida keltirilgan.

Trampdagi yuqori ishonchga qaramay, tinchlik kelishuviga erishish mumkinmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum, chunki Putin hali ham «murosaga moyillik ko‘rsatmayapti», deb yozadi Bloomberg. Biroq, agentlikdagilar fikricha, Ukrainadagi mojaroni hal etishning «keng konturlari» allaqachon ko‘rinib turibdi. Tahlilchilar ularni quyidagicha taqdim etishadi:

Asosiy (ehtimoli yuqori) ssenariy: Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlari yaqin kelajakda «muallaq holatda» va amalda Rossiya nazorati ostida qoladi. Ayrim hududlar, xususan, Kursk oblastining Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ishg‘ol etilgan hududlari bilan bog‘liq almashuvlar istisno qilinmaydi. Ukraina ma’lum darajada xavfsizlik kafolatlarini qo‘lga kiritadi, muzokaralarning asosiy qismi esa ushbu kafolatlarning qanchalik kuchli bo‘lishiga qaratiladi. Ukrainaning NATOga qo‘shilishi hozircha istisno qilinayotgani sababli, ushbu kafolatlar bo‘yicha majburiyatlar bajarilishi bo‘lajak siyosiy rahbarlar qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. Agar Yevropa Oq uy bilan yaxshi aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lsa, AQShni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ishontirishi mumkin, bu vaqtda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bu yo‘nalishda o‘z imkoniyatlarini kengaytiradi.

Eng yaxshi (Kiyev uchun ideal) ssenariy: Rossiya tinchlik bitimi shartlarini buzgan taqdirda vaziyatga AQSh va Yevropa mamlakatlari aralashishi va’da qilinadi. Biroq Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfi hatto Ukrainaning eng qat’iy tarafdorlarida ham tashvish uyg‘otmoqda, deya qayd etadi Bloomberg. Buning o‘rniga, Kiyevning ittifoqchilari Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qayta joriy etish yoki kuchaytirish, Ukraina mudofaa sanoatini rivojlantirishga va Ukraina qurolli kuchlarini isloh qilishga ko‘maklashishga va’da berishi mumkin. Voqealar rivojining bunday varianti Ukraina 10 yil ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga yo‘l ochishi mumkin, bu esa o‘z navbatida Yevropa Ittifoqining sharqiy qanotini mustahkamlashga imkon beradi.

Eng yomon (va Kiyev uchun «dahshatli») ssenariy: Tramp hech qanday kelishuvga erishmasdan Ukrainaning kelajagiga qiziqishini yo‘qotishi, harbiy va moliyaviy yordamni to‘xtatishi, barcha muammolarni Yevropa zimmasiga tashlab qo‘yishi mumkin.

  • AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha marta Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni imkon qadar tezroq tugatmoqchi ekanini aytgan. AQSh hozirga qadar mojaroni yakunlash bo‘yicha rasmiy rejani taqdim etmadi.
  • Pentagon rahbari Pit Hegset 12 fevral kuni Bryusselda so‘zlagan nutqida Ukraina ittifoqchilarini mamlakatni 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytarish — «xayoliy maqsad» ekanini tan olishga chaqirdi. U, shuningdek, rasmiy Kiyev talab qilayotgan Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasida AQShning pozitsiyasini ma’lum qildi. Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, AQSh buni «mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishning real natijasi» deb hisoblamaydi. «Buning o‘rniga har qanday xavfsizlik kafolati Yevropaning va Yevropaniki bo‘lmagan jangovar qo‘shinlar bilan mustahkamlanishi kerak», — dedi AQSh mudofaa vaziri.
  • Shu kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin bilan, keyin esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘ng‘iroqlashdi. Shundan keyin Tramp Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralar boshlanishini e’lon qildi.
Ko‘proq yangiliklar: