“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
2025 yil 1 apreldan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali, 2025 yil 1 sentabrdan esa “Ayollar daftari” jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi.
2025 yil 1 maydan “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
2025 yil 1 apreldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga ushbu hududlarda yashovchi Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.
Bunda subsidiya xarajatlarning 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratiladi.
2025 yil 1 maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.
Tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalari tashkil etiladi.