Ekovazirlik nega issiqxonalar atrofidagi havoni toza deb o‘lchaganini izohladi

O‘zbekiston 15:34 1058

7 fevral kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi issiqxonalar atrofidagi havoni “me’yoridan oshmagan” deb e’lon qilgandi. Bu tarmoqlarda tanqid va kinoyalarga sabab bo‘ldi.

4 fevralda vazirlik mas’ullari OAV ishtirokida Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya tahlillari o‘tkazgan. Havoni o‘lchash THAYda Eshonguzar aholi yashash punktidan Toshkent Pediatriya tibbiyot institutigacha bo‘lgan hududlarda olib borilgan. Natijalarga ko‘ra, hududlarda PM2,5 va 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me’yordan ortiqcha tashlanayotganligi holati aniqlanmagan. “Mavjud issiqxonalar faoliyati doimiy ravishda o‘rganilib, issiqxonalarni isitish uchun shina, sellofan, parranda go‘ngi va boshqa zararli tutun chiqaruvchi ashyolardan foydalanilishining oldini olish, shuningdek, issiqxonalar dudburonlariga davlat standartlari talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) o‘rnatish bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borildi”, - deyilgan vazirlik rasmiy xabarida.

Shundan keyin turli tarmoq foydalanuvchilari vazirlik havo o‘lchovini ko‘rsatgan rasmda PM2,5 miqdori 209 mkg/m3 bo‘lgani, bu esa IQAir platformasidagi me’yordan 40 baravar oshganini yozishgan. Servis havoni juda zararli deb ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qilishgan.

E’tirozlarga Ekologiya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Tushuntirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda atmosfera havosida RM 2,5 zarralarining belgilangan me’yoridan 40 marotaba ortganligi to‘g‘risidagi xabarda hisoblash metodikalariga amal qilinmagan. Ya’ni unda 209 mg/m3 – bir martalik me’yorni JSSTning havo sifati bo‘yicha tavsiyasining erishilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori o‘rtacha yillik ko‘rsatkichga – 0.005 mg/m3 (5 mkg/m3)ga bo‘lish orqali hisoblangan.

O‘zbekistonda qabul qilingan Sanitariya qoidalari va normalarida esa PM2,5 bir martalik o‘lchash me’yori belgilanmagan, uning kunlik me’yori - 0,06 mg/m3 va yillik me’yori -0,035 mg/m3 etib belgilangan.

Atmosfera havosidagi PM2,5 mayda dispersiyali zarrachalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasi bo‘yicha xalqaro me’yorlar

Milliy standart nega kerakligi haqida iqlimshunos Erkin Abdulahatov VatandoshTV klubida o‘tgan tadbirda izoh bergandi. Unga ko‘ra, PM2,5 tarkibi hamma davlatda ham bir xil emas. Qayerdadir ma’lum modda kam bo‘lsa, qayerdadir ko‘p. Shuning uchun hudud xususiyatidan kelib chiqib, bu standartni barcha davlat o‘zi belgilaydi.

Shuningdek, rasmiy bayonotda yuqori ifloslanishning shaharga kirib kelishiga unga tutash 5 km hududda joylashgan 1875 ga yaqin issiqxona sabab bo‘lishi ta’kidlangan. “Toshkent shahriga kirib keladigan “Shamol guli” oqimining o‘rtacha yillik 80 foizi issiqxonalar maksimal joylashgan hududlar orqali o‘tadi. Havo haroratining pasayishi kuzatilayotgan kunlarda issiqxonalar maksimal ravishda joylashgan hududda isitish tizimlaridan foydalanilganligi hisobiga atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning yuklamasi ortmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, noyabr-fevral oylarida 607 ta issiqxona o‘rganilgan. Ulardan faqat 53 tasida chang-gaz tozalash filtrlari o‘rnatilgani aniqlangan. Lekin ular ham qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan bo‘lib, samaradorligi 60 foizdan oshmagan. 199 tasida ekologik ekspertiza xulosalari olinmagani, 18 tasida ko‘mirdan tashqari rezina qoldiqlari, shox-shabbalar va boshqa chiqindilar yoqilgani aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha issiqxonalarning 154 tasiga nisbatan qat’iy jazo choralari ko‘rilgan, jumladan, 95 tasi faoliyati to‘xtatilgan va 49 tasiga ma’muriy jarima qo‘llangan, 376 tasiga ekologik talablarga rioya etilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Oldinroq Ekologiya vazirligi Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida shahar havosini ifloslayotgan bir qancha omillarni sanab o‘tgandi. Ular orasida issiqxonalar ham bor.

Vazirlik vakili vaziyatni yaxshilash bo‘yicha sentabr oyida e’lon qilingan prezident qaroridagi ayrim bandlarni esladi. Qarorda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning II toifasiga mansub bo‘lgan sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalarini 2025 yilning noyabr oyigacha o‘rnatish belgilangan. Ko‘mir bilan ishlaydigan issiqxonalarda samaradorligi kamida 99,5 foiz bo‘lgan sertifikatlangan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish uchun esa 2025 yilning oktyabrigacha muddat qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: