Bokuda «Rus uyi» yopilishi Moskva bilan siyosiy sovuqlik nishonasimi?

Jahon 15:10 1710

Ozarboyjon mamlakat poytaxti Bokuda joylashgan «Rus uyi» («Russkiy dom») yopilishini e’lon qildi. Bir necha kun avval bu tashkilot muassisi hisoblangan Rossotrudnichestvo bu haqda xabardor qilgandi. 10 fevral kuni Bokudagi «Russkiy dom» binosini buzish boshlandi. Ozarboyjon holatni rasman tashkilotning ro‘yxatdan o‘tishdagi muammosi bilan bog‘lagan, lekin gap boshqa narsada ekani aniq...

Oqtovdagi aviahalokatdan keyin

25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahrida Ozarboyjon havo yo‘llariga tegishli Embraer 190 samolyoti qulab tushgani esingizda bo‘lsa kerak. Bokudan Rossiyaning Grozniy shahriga qarab uchgan samolyot kutilmaganda butun boshli Kaspiy dengizini uchib o‘tib Qozog‘istonga qo‘nishga qaror qilgani ma’lum bo‘lgandayoq jiddiy nimadir sodir bo‘lganini taxmin qilish mumkin edi. Keyinroq uchoq Qozog‘iston osmonida keskin pastlab, g‘alati manyovrlarni amalga oshirgani va qulab tushib portlagani aks etgan mash’um videolar tarqaldi. Halokatdan ko‘p o‘tmay samolyot fyuzelajida o‘q izlari aks etgan videolar paydo bo‘ldi va o‘sha ondayoq hammasi aniq edi – samolyot yerdan turib o‘qqa tutilgan.

Bir necha soat o‘tib Embraer 190 Grozniy osmonida Rossiya harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq Rossiya tomoni hamon buni tan olgani yo‘q. Rossiya halokat haqida faqat bir marta rasmiy ma’lumot berdi va unda aytilishicha, samolyot halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv, shuningdek, kislorod balloni portlashi sabab bo‘lgan.

Halokatdan bir necha kun o‘tib Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga intervyu berib, samolyot ruslar tomonidan urib tushirilgani, biroq Moskva buni tan olish o‘rniga qushlar va kislorod balloni haqida uydirmalarni ilgari surayotganini jahl bilan gapirdi. O‘sha intervyu kuni Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan telefon suhbati chog‘ida bo‘lib o‘tgan voqea uchun uzr so‘radi. Biroq Putin Rossiya samolyotni urib tushirgani uchun emas, Kreml xabariga ko‘ra, shunchaki «hodisa Rossiya osmonida sodir bo‘lgani uchun» kechirim so‘ragan.

Aliyev keyinchalik ham Rossiya aybini tan olishi kerakligi haqida bir necha marta gapirdi. Xususan, halokatda qurbon bo‘lgan ozarboyjonliklar oila a’zolari bilan uchrashuv vaqtida samolyot ruslar tomonidan urib tushirilgani kunday ravshan ekanini ta’kidladi. Xullas, o‘sha halokatdan keyin Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi.

«Pishib kelgan» sovuqlik

Shu o‘rinda Rossiya – Ozarboyjon munosabatlari haqida ikki og‘iz. Birinchi Qorabog‘ urushida Armaniston Rossiya yordami bilan Qorabog‘ni Ozarboyjondan tortib olganini bilsangiz kerak. Shu jihatdan olinsa, Ozarboyjon Rossiyaga nisbatan qanday munosabatda ekanini tushunish mumkin. Lekin Rossiya qanchalik kuchli davlat ekani inobatga olinsa, Boku tabiiyki, Moskva bilan sen-menga bora olmasdi.

Ozarlar 30 yil tarixiy yerlarini qaytib olish uchun tayyorlandi. Va tabiiyki dushmanlari kimning quroli bilan Qorabog‘ni bosib olganini unutmadi. Rossiya Ukrainaga qarshi urush bilan bo‘lib qolib, Yerevan bilan munosabatlari sovuqlashgan vaqtda Ozarboyjon payt poylab bitta hamlada Qorabog‘ni qaytib oldi.

30 yil davomida Boku Rossiyaga qarshi biror harakat qilmadi, urush boshlanganidan keyin sanksiyalarga ham qo‘shilmadi, Aliyev Moskvadagi tadbirlarda doimiy qatnashib keldi. Biroq Embraer 190 aviahalokati shuncha yil qaysidir ma’noda «pishib kelgan» sovuqlik yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldi.

To‘g‘ri, Ozarboyjon «Russkiy dom» yopilishini siyosiy munosabatlar bilan bog‘lagani yo‘q. Lekin mahalliy nashrlarda bu uy yopilishi rasmiy xabarda aytilganidek shunchaki registratsiya bilan bog‘liq emasligi haqida gaplar chiqdi. «Ozarboyjonning o‘zi donor davlat va tashqaridan yordamga muhtoj emas. Ayniqsa bu yordam razvedka bilan shug‘ullanishi kunday ravshan bo‘lgan tashkilotlar orqali kelsa», degan Report nashri bilan suhbatda mahalliy mulozimlardan biri. U «Russkiy dom» va AQShning USAID tashkilotlari ofisi yopilganiga shu tariqa munosabat bildirgan.

Valuyevga taqiq

Rossiyalik Nikolay Valuyev degan bokschini eslasangiz kerak. Bizning Ruslan Chagayevdan «bir arava kaltak yeb» chempionlik jangida mag‘lub bo‘lgan barzangi. Ana shu bokschi hozir siyosatga kirgan. U hukmron «Yedinaya Rossiya» deputati. Ozarboyjon ana shu rossiyalik deputatga mamlakatga kirishni taqiqladi. Valuyev «Russkiy dom» yopilishiga munosabat bildirar ekan, «Rossiyadagi ozarboyjonliklarni tekshirib qo‘yish kerak», degandi. Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi bu gapidan keyin Valuyevni persona non grata deb e’lon qildi.

Valuyev Bokuning bunday ro‘yxatiga kirgan birinchi rossiyalik deputat emas. Ungacha Konstantin Zatulin va Vitaliy Milonov ham Ozarboyjonda hushlanmaydigan kas deb e’lon qilingan.

Ozarboyjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizoda bu deputatlarning uchalasi ham hukmron partiya vakillari ekani afsuslanarli degan. Ya’ni diplomat Ozarboyjonni haqorat qilgan deputatlarning barchasi Putinning partiyasidan demoqchi. Diplomatiya tili shunaqa, hamma narsani ochiq aytish yaramaydi.

Xullas, mana shunaqa gaplar. Sobiq ittifoq hududidagi yana bir davlatning Rossiya bilan munosabatlari sovuqlashdi. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz va muhim gap bo‘lsa, albatta, sizga xabar beramiz. Eng muhim voqealarni o‘tkazib yubormaslik uchun Kun.uz'ni kuzatib boring. Ijtimoiy tarmoqlardagi va YouTube sahifamizga obuna bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: