“Ichimlik suv uchun naqd pulda amalga oshirilgan to‘lov bazada qayd etilmaydi” – “O‘zsuvta’minot”

O‘zbekiston 17:45 1837

Aholi xonadonlariga suvdan qarzdorlik borligi haqida qog‘oz olib borish va to‘lovni amalga oshirishni talab qilish noqonuniy hisoblanadi. Mazkur holatda o‘tkazilgan mablag‘lar orqali qarzdorlik bartaraf etilmaydi. Bu haqida “O‘zsuvta’minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev ma’lum qilib, ichimlik suviga faqat rasmiy elektron to‘lov vositalari orqali mablag‘ o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

2024 yil 1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda amalga oshirilishi e’lon qilingan edi. Biroq shunga qaramay, o‘zini nazoratchi yoki suv ta’minoti xodimi sifatida tanishtirib, aholiga suvdan qarzdorligi mavjudligi haqida maxsus muhr bosilgan to‘lov qog‘ozlarini taqdim etayotgan va firibgarlik yo‘li bilan pul undirib olayotganlar mavjud.

12 fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zsuvta’minot” AJ raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev holatga munosabat bildirib, o‘zini suv ta’minoti xodimi sifatida o‘zini tanishtirib, to‘lovni naqd shaklda amalga oshirishni so‘rash hozirda noqonuniy harakat hisoblanishini va o‘sha jarayonda to‘langan mablag‘ tizimda qayd etilmasligini ma’lum qildi.

Nazoratchiga berilgan pullar baza yoki abonent hisobraqamida ko‘rinmaydi, mablag‘ suv ta’minoti kompaniyasi tizimiga kelib tushmagani tufayli qarzdorlik o‘chirilmaydi. Shu sababli, aholiga faqat rasmiy to‘lov kanallari – banklar, elektron to‘lov tizimlari va maxsus bot orqali to‘lovni amalga oshirish tavsiya etilmoqda”, – deydi u.

Mas’ulga ko‘ra, 2024 yil 1 dekabrdan naqd pulda nazoratchilar tomonidan to‘lovlarni yig‘ish va ichimlik suvdan qarzdorlik qog‘ozlarini tarqatib yurish faoliyati ham to‘xtatilgan. “O‘zsuvta’minoti” AJ naqd pul shaklida amalga oshirilgan to‘lovlar ortidan qarzdorlik o‘chirilishiga kafolat bermasligi, bu jarayonda abonentlar hushyor bo‘lib, to‘lovlarni faqat elektron shaklda amalga oshirishlari lozimligini aytdi.

Agar kimdir nazoratchi sifatida o‘zini tanishtirib, noqonuniy to‘lovlarni amalga oshirishni so‘rasa, bunday holatlarda ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, mas’ullarni xabardor qilish so‘raladi. Tashkilotimiz bunday holatlarni tekshirishga va firibgarlik holatlarining oldini olishga tayyor”, – deydi u.

Hozirda barcha suv ta’minoti bo‘limlari iste’molchilar uchun maxsus ishonch raqamlarini ishga tushirgan. Xususan, respublika bo‘yicha yagona ishonch raqami – 1255, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishonch raqami +998 (55) 503 10 55.

Mutasaddining ma’lum qilishicha, elektron to‘lov tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan. Oxirgi ikki yil davomida ayrim hududlarda sinov tariqasida joriy etilib, aholiga yangi tizimga moslashish uchun vaqt berilgan.

Ayni vaqtda Telegramʼda @uzsuvbot boti ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali iste’molchilar o‘z shaxsiy hisobraqamlarini tekshirib borishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: