Ukraina Rossiya bilan muzokaralarga tayyor. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Rustem Umerov ma’lum qildi.
Shu bilan birga u «adolatli va mustahkam tinchlik» faqatgina o‘z mamlakati «jang maydonida kuchli bo‘lsa»gina o‘rnatilishi mumkinligini ta’kidladi.
Umerov Bryusselda Ukraina bo‘yicha Aloqa guruhining «Ramshtayn» formatida o‘tkazilayotgan yig‘ilishida ishtirok etmoqda. «Mudofaamiz va butun Yevropa xavfsizligini mustahkamlash ustida ish olib bormoqdamiz», — deydi u. Yig‘ilishga ilk bor Buyuk Britaniyaning mudofaa masalalari bo‘yicha davlat kotibi Jon Xili boshchilik qilmoqda. Shuningdek, unda Pentagonning yangi rahbari Pit Xegset ham ishtirok etyapti.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor ekanini, ammo uni yakuniy tinchlik bitimini imzolashi mumkin bo‘lgan legitim prezident deya hisoblamasligini ma’lum qilgandi. Ko‘p o‘tmay Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Ukraina prezidentini «nolegitim» deya hisoblasa ham, Rossiya Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortmasligini bildirdi.
O‘z navbatida Zelenskiy urushni tugatish uchun Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini aytdi. «Agar bu ukrainlar uchun tinchlikka erishish va odamlarni yo‘qotmaslik yo‘lida yagona konfiguratsiya bo‘lsa, albatta, biz bunga boramiz», — dedi Ukraina prezidenti.
Keyinroq Zelenskiy Kiyev Moskvaga Kursk viloyatidagi bosib olingan yerlarni qaytarib, hududiy almashinuvni taklif qilishi mumkinligi haqida gapirdi. Kreml bunday variantni «imkonsiz» deb atab, har qanday savdolashish noo‘rin ekani va bu muhokama ham qilinmayotganini ta’kidladi. «Ukraina bo‘linmalarining yakson qilinmagan qismi ushbu hududdan quvib chiqariladi», — dedi RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.