Komil Allamjonovga suiqasdda ayblanganlarga hukm, meningitga qarshi emlashni bekor qilmagan Saudiya va endi 5 yilga saylanadigan mahalla raislari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Allamjonovga suiqasdda ayblangan 10 kishi qamaldi
12 fevral kuni O‘zbekiston Harbiy sudida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxsga nisbatan sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Shuhrat Rasulov 23 yil, Javlon Yunusov 18 yil-u 6 oy, Shohrux Ahmedov 23 yil, Ismoil Jahongirov 23 yil va Doniyor Toshxo‘jayev 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev ishdan ketganidan bir hafta o‘tib, dekabr oyi boshida qo‘lga olingan edi. U jinoyatni yashirishga urinish va tergov jarayoniga xalaqit qilishda gumonlangandi. Doniyor Toshxo‘jayev ko‘p yillar Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020-2022 yillarda Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2024 yil noyabrida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi.
23 yilga qamalgan Prezident davlat xavfsizlik xizmati o‘z xavfsizligi boshqarmasi sobiq boshlig‘i Shuhrat Rasulov Komil Allamjonovga suiqasdning asosiy buyurtmachisi sifatida qo‘lga olingandi.
Javlon Yunusov — ish bo‘yicha ismi ochiq e’lon qilingan yagona ayblanuvchi bo‘lgandi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, u suiqasd buyurtmachisi va ijrochilar o‘rtasida vositachilik qilgan bo‘lishi mumkin.
Komil Allamjonov: «Haqiqat ikki buklansa ham sinmadi»
Prezident administratsiyasining sobiq rasmiysi Komil Allamjonov o‘z shaxsiga qaratilgan suiqasd ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinganidan so‘ng ichki kechinmalari bilan bo‘lishdi.
U o‘z bayonotida ota-bobolarining duolari, oxirgi besh oy ichida o‘zi va yaqinlari boshidan o‘tkazgan sinovlar hamda haqiqatning baribir yuzaga chiqishi haqida to‘xtaldi.
«Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham», deb yozgan Allamjonov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.
Allamjonov haqiqatni yoritish va sinovlardan mardlik bilan o‘tish niyatida ekanini bildirib, «Yaratgandan qochib bo‘lmasligi», «Oldinda qiladigan ishlar ko‘pligi» haqida yozdi.
«Ilohim bularning hammasidan yorug‘ yuz bilan o‘tish nasib qilsin», deb yakunlagan u o‘z fikrini.
Haj va Umrada meningitga qarshi emlanish talabi o‘z kuchida
O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratiga boruvchilardan meningitga qarshi emlanganlik haqidagi hujjat talab qilinishi bekor etilmagan, deb ma’lum qildi Sanepidqo‘mita. Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi ham bu talab o‘z kuchida ekanini tasdiqladi.
Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda endi Haj va Umra ziyorati uchun vaksina sertifikati talab qilinmaydi, mazmunidagi xabarlar tarqalgan edi. Lekin Sanepidqo‘mita bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi meningitga qarshi emlanganlik Haj va Umra ziyoratchilari uchun majburiy ekanini rasman tasdiqlagan. Shuningdek, turfirmalar ziyoratchilarni olib borishda mazkur sertifikatni talab qilishlari shart.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil fevraldan boshlab Saudiya Arabistoniga Umra ziyorati uchun boruvchilardan meningitga qarshi emlanganlik sertifikati talab etilishi rasman e’lon qilingandi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirildi
O‘zbekistonda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytirildi. Bu haqda tegishli qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda qayd etilgan.
«Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida» va «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida» qonunlariga kiritilgan o‘zgartishlar asosida, bo‘shab qolgan o‘rinlarga ham 5 yil muddatga raislar saylanishi belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida fuqarolar yig‘inlari saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul komissiyalarning vakolatlari aniqlashtirildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Ammo bugungi kunda 3 yil muddatga saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari o‘z vakolatlarini belgilangan muddat oxirigacha bajaradi. Ya’ni ularning vakolat muddati avtomatik 5 yilga uzaytirilmaydi.