Tramp va Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralarni zudlik bilan boshlashga kelishib oldi

Jahon 22:37 / 12.02.2025 6344

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘zaro muloqot 12 fevral kuni ertalab bo‘lib o‘tgan. RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Putinning Tramp bilan suhbati qariyb bir yarim soat davom etgan. Uning ta’kidlashicha, davlat rahbarlari Rossiya va AQSh fuqarolarining almashinuviga bog‘liq masalalarni muhokama qilgan, shu bilan birga, Tramp «Amerika tomoni erishilgan barcha kelishuvni bajarishiga ishontirgan».

«Shuningdek, Ukrainadagi vaziyatni hal etish mavzusi ham muhokama qilindi. Prezident Tramp jangovar harakatlarni tezroq tugatish va muammolarni tinch yo‘llar bilan hal etish haqida gapirdi. O‘z navbatida prezident Putin mojaroning birlamchi sabablarini bartaraf etish zarurligini eslatib, Trampning uzoq muddatli kelishuvga tinchlik muzokaralar orqali erishish mumkinligi borasida fikrga qo‘shildi», — deydi Peskov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Putin Trampning «mamlakatlarimiz birgalikda ishlaydigan vaqt keldi», degan fikrini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Bundan tashqari, muzokaralar davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal etish, Eron yadroviy dasturi, shuningdek, iqtisodiy sohadagi Rossiya—Amerika munosabatlari ham muhokama qilingan. «Putin va Tramp o‘zaro muloqotlarni davom ettirishga, jumladan, uchrashuv tashkillashtirishga kelishib oldi», — deydi Kreml vakili.

Donald Tramp ham Putin bilan telefon orqali gaplashganini tasdiqladi.

«Biz birgalikda ishlashga, jumladan, bir-birimizning mamlakatlarimizga tashrif buyurishga kelishib oldik. Shuningdek, biz tegishli jamoalarimiz muzokaralarni [Rossiya—Ukraina urushini hal etish bo‘yicha] zudlik bilan boshlashiga kelishib oldik va biz buni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lib o‘tgan suhbatdan xabardor qilishdan boshlaymiz, men hozir shu ishni qilaman», deb yozadi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh davlat kotibi Marko Rubio, MRB direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uols va maxsus vakil Stiv Uitkoffga muzokalarga rahbarlik qilishni topshirgan.

Ukraina prezidenti ofisining ma’lum qilishicha, Tramp bugun, 12 fevral kuni Volodimir Zelenskiy bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. Suhbat tafsilotlari oshkor etilmagan.

Tramp avvalorq The New York Post’ga bergan intervyusida Putin bilan bo‘lgan suhbat haqida gapirgandi. AQSh prezidentining aytishicha, Putin jang maydonida askarlarning o‘limiga «haqiqatan ham befarq emas».

Ko‘proq yangiliklar: