Ryanair aviakompaniyasining Rimdan Germaniyaga parvoz qilishi kerak bo‘lgan samolyoti uchishdan bir necha daqiqa oldin bortga mushuk kirib qolgani tufayli ikki kun ushlanib qoldi. Bu haqda The Sun xabar bermoqda.
Aviakompaniya xodimlari yo‘lovchilarni samolyotga taklif etishga tayyorlanayotgan paytda miyovlagan ovozni eshitib qolgan. Mushuk elektr jihozlari joylashgan bo‘limdan topildi, ammo uni tutishning iloji bo‘lmadi: jonivor simlar orasiga yashirinib olgandi.
Mushuk turgan joyga yetish uchun muhandislar bir necha yuk panellarini yechib oldi. Biroq bu foyda bermadi: mushuk joyidan qimirlamadi. Oxir-oqibat elektr jihozlar bo‘lmasining eshigini ochiq qoldirishga qaror qilindi — vaqt o‘tgandan keyingina mushuk o‘z ixtiyori bilan samolyotni tark etdi.
Aviakompaniya xodimlari uning zinapoyadan ehtiyotkorlik bilan tushayotganini tasvirga olishga muvaffaq bo‘ldi. So‘ng samolyot nihoyat Germaniyaga parvoz qildi.
Avvalroq Yaponiyadagi aeroportda yo‘qolgan qaychi sabab o‘nlab reyslar bekor qilingandi. Mas’ul xodimlar yo‘qolgan qaychini topishga ikki kun uringan.