«5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani o‘zimga, eng yaqinlarimga ayon» - Komil Allamjonov

O‘zbekiston 14:48 15797

Prezident administratsiyasi sobiq rasmiysi Komil Allamjonov o‘ziga nisbatan uyushtirilgan suiqasd ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinishi ortidan o‘z ichki kechinmalari bilan bo‘lishdi.

«Katta oyim rahmatlik har doim duo qilganlarida, o‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan Allohning o‘zi asrasin derdilar. O‘tgan 5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon. Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham.

Allohga ming shukur. Bandasidan qochganlar Yaratgandan qocholmaydi. Hali oldinda qiladigan ishlar, yana ko‘p sinovli kunlar bor. Ilohim bularning hammasidan yorug‘ yuz bilan o‘tish nasib qilsin! 

Alloh hammamizning omadimizni bersin», deyilgan postda.

12 fevral kuni Harbiy sud Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar ayblanuvchiga hukm o‘qidi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq, Shuhrat Rasulovga (2018 — 2020 yillarda Prezident davlat xavfsizlik xizmatining o‘z xavfsizligi boshqarmasini boshqargan) 23 yil, Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, Shoxrux Axmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil va Doniyor Tashxodjayevga (Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari) 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga «qilmishiga muvofiq ravishda» turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berildi. Oliy sud xabarida ularning ismlari ochiqlanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: